Fransiya poytaxti Parijda joylashgan Milliy tabiiy tarix muzeyida noodatiy o‘g‘irlik sodir bo‘ldi. Actu17 portali tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, hodisa dushanba kechasidan seshanbaga o‘tar tun sodir bo‘lgan va natijada katta miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, qaroqchilar muzeyga yaxshigina tayyorgarlik bilan kirishgan. Ular himoya tizimini chetlab o‘tishga muvaffaq bo‘lib, jami oltita oltin quymasini olib qochgan. Ularning umumiy bahosi taxminan 600 ming yevroga teng bo‘lib, bu Fransiyadagi so‘nggi yillardagi eng yirik muzey o‘g‘irliklaridan biri sifatida qayd etilmoqda.
Hozirda voqea yuzasidan tergov ishlari boshlangan. Fransiya sud politsiyasining banditizmga qarshi maxsus brigadasi bu ishni nazoratga olgan va o‘g‘irlikni amalga oshirgan shaxslarni topish uchun barcha kuchlar yo‘naltirilgan. Tergovchilar qaroqchilarning harakatlari juda aniq va rejali bo‘lganini ta’kidlashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Milliy tabiiy tarix muzeyi Fransiyadagi eng yirik ilmiy tadqiqot markazlaridan biri hisoblanadi. U o‘z ichiga turli laboratoriyalar, kutubxonalar, botanika bog‘i va hatto Vinsen hayvonot bog‘ini ham qamrab oladi. Shu boisdan, u nafaqat ilmiy jihatdan, balki madaniy va ma’rifiy nuqtayi nazardan ham katta ahamiyatga ega.
Avgust oyida ushbu muzey kiberhujum qurboni bo‘lgani haqida France Info xabar bergan edi. Bir necha hafta davom etgan bu hujum tufayli onlayn tadqiqot ishlari, kutubxona faoliyati va turli ekspertizalar amalga oshirilishi qiyinlashgan. Shu bois hozirgi o‘g‘irlik voqeasi muzeyda xavfsizlik tizimlari qay darajada ishlayotgani haqida yanada ko‘proq savollar tug‘dirmoqda.
Parij muzeyidan 600 ming yevroga teng oltin o‘g‘irlandi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar