2023-yil oktyabrida qo‘lga olingan sobiq vazir Aziz Voitov ishi yuzasidan sud jarayoni yakuniga yetdi. Bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan uning ishi bo‘yicha hukm e’lon qilindi. Sud jarayonida faqat Voitovning o‘zi emas, balki jami 62 nafar shaxsning qilmishi ham ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sudning matbuot xizmati rasman ma’lumot berdi.
Sud hukmiga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan paytidagi faoliyatida Aziz Voitov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va bir qator boshqa moddalarda nazarda tutilgan jinoyatlarda aybli deb topildi.
Biroq uning holatida yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangani e’tiborga olindi. Shu sababdan Voitovga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanmadi. Sud hukmiga ko‘ra, u 3-yil muddatga boshqaruv, rahbarlik, mansabdorlik va moddiy javobgarlikka ega bo‘lgan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilindi. Shuningdek, bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari miqdorida jarima va har oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadiga yo‘naltirgan holda 3-yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 4-qismida agar yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangan bo‘lsa, ozodlikdan mahrum qilish yoki cheklash kabi jazolar qo‘llanilmasligi ko‘rsatilgan. Shu bois, sud Voitovning zararni qoplaganini hisobga oldi va uning pul mablag‘lari depozit hisob raqamidan davlat xazinasi foydasiga o‘tkazilishiga qaror qildi.
Ish bo‘yicha yana bir shaxs — Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi direktori lavozimida faoliyat yuritgan X. Karimovga esa keskinroq jazo tayinlandi. U 3-yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilindi hamda 8-yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.
Qolgan 60 nafar sudlanuvchidan 9 nafari ozodlikdan mahrum qilinishi haqida qaror chiqarildi, 51 nafar shaxs esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan turli jazolarga tortilishiga hukm qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Aziz Voitov qariyb ikki yil avval ishdan chetlatilgan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Endi esa sud jarayoni yakuniga yetdi va rasmiy hukm o‘z kuchiga kirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!