Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida bir ota farzandining 18 yoshgacha bo‘lgan 65 million so‘mlik aliment majburiyatini oldindan to‘liq bajarish maqsadida uni uy-joy sotib olishga sarfladi. Bu haqda MIB axborot xizmati ma’lum qildi.
“Bu ezgu va namunaviy ishda MIBning O‘zbekiston tuman bo‘limi xodimlari faol ishtirok etdi. Ular ota va ona o‘rtasida samarali murosaga erishib, farzandning manfaatini birinchi o‘ringa qo‘ydilar. Otaning bu qarorini oddiy aliment to‘lovi emas, balki farzandining kelajakda o‘z mustaqil boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlaydi, deb baholash mumkin.
Mazkur mablag‘ onaning asosiy ehtiyojlarini qoplaydi, shu bilan birga farzandning ta’lim olishi, sog‘lom o‘sishi va kelajakda mustaqil hayot kechirishi uchun muhim tayanch bo‘lib xizmat qiladi. Ota, farzandini yolg‘iz qoldirmasligini va har doim yonida turishini ham ta’kidladi. Bu esa haqiqiy otalik mehri va oilaviy mas’uliyatning yorqin namunasidir”, deya fikr bildirildi MIB xabarida.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!