Forbes O‘zbekiston haqida
14 sentyabr kuni Forbes O‘zbekistondagi islohotlar va Prezident Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan ichki va tashqi siyosatga doir maqolasini chop etdi. Unda ta’kidlanishicha, Xitoyning Ipak yo‘li tashabbusi tufayli Yevroosiyo xaritadagi qaynoq nuqtaga aylandi. Mintaqaning eng ko‘p aholiga ega mamlakati qayta isloh qilinish harakatlarini amalga oshirmoqda. Boshlanishi uchun, mamlakat Markaziy banki o‘z valyutasi — so‘mning qadrini oshirish bo‘yicha ilk qadamlarni tashladi. Bu hatto 5 sentyabr kuni Bloomberg tomonidan qayd etildi. Markaziy Osiyoning qadimiy davlati hisoblangan O‘zbekistonda hozirda katta iqtisodiy islohotlar kuzatilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi dunyoga ko‘proq ochilayotgan o‘zbek yetakchisi sifatida qayd etilmoqda.
Mirziyoyev Yevroosiyo kuzatuvchilariga umid bermoqda — mintaqaning yirik harbiy derjavasi nihoyat o‘z iqtisodiyotini modernizatsiyalashtirmoqda va bu jarayonda boshqa mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar o‘rnatmoqda.
Markaziy Osiyo va Kavkaz institutining «Ipak yo‘li» dasturi direktori Svante Kornell o‘zbeklar qo‘shnilar uchun ochilayotgani, yangi prezidentning yuritayotgan tashqi siyosatidan «yoqimli hayratda» ekanini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning 4 dekabrida saylovchilarning 88,6 foiz ovoziga ega bo‘lib, prezident etib saylandi. U O‘zbekistonning iqtisodiy siyosatini o‘zgartirib, xorijiy kapitalni jalb qilish uchun (asosan Janubiy Koreya va Xitoydan) mamlakatning huquqiy tizimini o‘zgartirmoqda. Prezident etib saylanganidan bir necha oy o‘tib Mirziyoyev Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya va Xitoyga bordi. Ushbu oyda esa u Qirg‘izistonga tashrif buyurdi. Mirziyoyevning uch qo‘shni mamlakat — Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga tashrifi kuchli signal hisoblanadi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aloqalarini yaxshilash ustida ishlamoqda.
Ba’zilar Shavkat Mirziyoyevni Den Syaopinga qiyoslashmoqda. Denning Xitoy tarixidagi roli — Xitoyni qudratli davlatga aylantirgan iqtisodiy islohotlarning amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etgan. «Ular qadimiy Ipak yo‘lining bir qismi bo‘lishgan va endi yangi Ipak yo‘lining bir qismiga aylanishadi», — deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining Reconnecting Asia loyihasi direktori Jonatan E.Xillman.
O‘zbekiston 2019 yilga borib to‘liq valyuta konvertatsiyasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xitoydagi islohotlar davrida bo‘lgani kabi erkin savdo zonalari rivojlanmoqda. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistonga qaytdi. Ular shaffoflikni oshirish va mahalliy statistikani muvofiqlashtirish borasida hukumat bilan ishlashmoqda. Keyingi qadam suveren obligatsiyalarni ishlab chiqarish bo‘ladi.
Xitoy qo‘lga kiritgan yutuqlar omili
Xitoyning so‘nggi 40 yillikda qo‘lga kiritgan yutuqlari zamirida iqtisodiy tizimidagi olib borgan samarali islohotlari turishini bugungi kunda taxlilchilar tan olmoqda.
Islohotlar boshlangan yillarda Xitoyda deyarli xususiy korxonalar yo‘q edi. Bugungi kunda ular umumiy ishlab chiqarishning 75 foizini tashkil qilmoqda. Bu mamlakatda nafaqat xususiy mulkchilikka, balki iqtisodiyotning boshqa sohalariga ham munosabat tubdan o‘zgardi. Avvallari ishlab chiqarish va istemol markazlashgan bo‘lsa, endilikda ular firma va oilalar qo‘liga o‘tdi. Olib borilgan tub islohotlar natijasida ma’muriy buyruqbozlik o‘rnini iqtisodiy tashabbuskorlik, bozorga moslashuv, raqobatbordoshlik egalladi.
Taxlilchilarning fikricha, “individual tashabbuslarning erkinligi iqtisodiy taraqqiyot omili ekanligini” Xitoydagi islohotlar isbotlab berdi. Xukumat nafaqat sanoatda, balki agrar sohada ham keng qamrovli islohotlar o‘tkazishga qaror qildi. Xitoy jahondagi xaydaladigan yerlarning 7 foiziga ega bo‘lishiga qaramay, yer shari aholisining to‘rtdan bir qismini boqishi kerak. Bir vaqtlar xalqaro xamjamiyat oldida “Xitoyni kim boqadi?” degan savol paydo bo‘lgan edi. O‘shanda Xitoy rahbarlari va qishloq xo‘jalik bo‘yicha mutaxassislar “Xitoyliklar o‘zini o‘zi boqa oladi” deb o‘z vaqtida javob qaytarishgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Qishloqlarda islohotlar boshlangan 1978 yildan boshlab Xitoyda agrar soha rivojlana boshladi. Buning samarasi o‘laroq, bugungi kunda Xitoy g‘alla, paxta, yog‘-moy, sabzavot-meva, go‘sht, tuxum yetishtirishda jahonda yetakchilik qiladi.
Ishlab chiqarish rivojlanishi natijasida aholi jon boshiga taqsimlanadigan qishloq xo‘jalik maxsulotlari ham oshdi. Qishloqlarda “amaliyot- xaqiqat mezoni” prinsipi asosidagi islohotlar va qishloq xo‘jaligida ilmiy texnikadan foydalanish o‘z navbatida mehnat samaradorligini oshirdi.
Kichik va o‘rta biznesni taraqqiy ettirish yo‘lida
Shuni ta’kidlash kerakki, o‘tgan asrning 90-yillarida Xitoyda davlat korxonalari xususiylashtirila boshlandi. Buning natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ishsizlik darajasi oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida hukumat kichik korxonalarga katta ahamiyat qaratishga qaror qildi. Chunki, ish o‘rinlarining qisqartirilishi ijtimoiy beqarorlikni keltirib chiqarishi mumkin edi. Aynan kichik biznes yangi ishchi o‘rinlari yaratib innavatsion texnologiyalarni o‘zlashtirishga katta hissa qo‘shmoqda. “Kichik biznesni moliyalashtirish dasturi”ni kengaytirish maqsadida hukumat iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida qonunchilikni takomillashtirmoqda. Jumladan, 2002 yilda xukumat iqtisodiyotning nodavlat sektorida rivojlanib borayotgan korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga maqsadida “Kichik va o‘rta biznes korxonalarini taraqqiy ettirish to‘g‘risida”gi qonun qabul qildi.
Kichik va o‘rta biznesni taraqqiy ettirish yo‘lida mahsus davlat jamg‘armasi tashkil etildi. Bu jamg‘arma to‘laligicha davlat byudjetidan moliyalashtiriladi hamda kichik korxonalarning rivojlanishida katalizator vazifasini bajaradi. Bu jamg‘armaning asosiy maqsadi kichik biznes korxonalarini yirik kompaniyalar bilan o‘zaro raqobatida ximoya qilish va ularning o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishlari uchun imkoniyat yaratib berishdan iboratdir. Ayni damda Xitoyda 2020-2050 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiyotni moderenizatsiya qilish dasturi tasdiqlangan. Unga ko‘ra mamlakat iqtisodiyoti 2050 yilga borib butunlay modernizatsiya qilinishi kerak. Iqtisodiyotni rivojlantirishga bag‘ishlangan Xitoy milliy dasturiga ko‘ra, 2006 yildan to 2020 yilga qadar iqtisodiyotning 11 ta tarmog‘ini rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilmoqda.
Tahlilchilarning fikricha, kichik biznesning yuksalib borishi korxonalar barqarorligini ta’minlamoqda. Shu tariqa mamlakat byudjetiga soliqlar tushumi ko‘paymoqda. Xitoy Davlat Statistika qo‘mitasi tarqatgan xabarga qaraganda, bugungi kunda mamlakatda kichik biznes korxonalarida mehnatga yaroqli aholining 75 foizi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu esa o‘z navbatida kichik biznes mamlakat iqtisodiyotining yuragi ekanligini namoyish qilmoqda.
Kichik biznes “Xitoy mo‘’jizasi”ni yaratdi.
Mamlakatdagi kichik korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni xorijiy kompaniyalar bilan texnologik xamkorligiga yordam berish maqsadida mahsus agentlik – Xitoy Biznes kooperatsiyasi va muvofiqlashtirish Markazi tashkil etilgan.
Kichik biznesni rivojlantirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida xukumat turli chora-tadbirlarni xayotga tatbiq etish jarayonida 2001 yilda CSMEO davlat axborot xizmati tashkil etildi. Bu muvofiqlashtiruvchi markazning asosiy vazifasi o‘zining internetdagi sayti orqali aholiga kichik va o‘rta biznes korxonalarining faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha informatsion xizmat ko‘rsatadi. Bu xizmatning internetdagi tarmog‘i Xitoyning barcha mintaqalarini qamrab olgan. Markaz o‘z vaqtida mehnat bozoridagi vaziyat haqida, amaldagi qonunlarga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar borasida, so‘nggi ilmiy texnika yutuqlari borasida ma’lumot beradi. Bundan tashqari, markaz turli seminar va ko‘rgazmalar o‘tkazadi hamda korxona vakilariga maslahatlar beradi.
Shuni ta’kidlash kerakki, Xitoy kichik biznesi mayda ustaxonalardan boshlangan. Yillar o‘tib kichik biznes “Xitoy mo‘’jizasi”ni yaratdi. Bugungi kunda Xitoy matbuotining yozishicha, “mamlakatda osmono‘par binolar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek ko‘payib bormoqda”. Eksportga chiqarilayotgan raqobatbardosh mahsulotlarning asosiy qismi aynan kichik biznes korxonalari xissasiga to‘g‘ri keladi. Jahondagi elektronika mahsulotlarining katta qismi “Osmonosti mamlakati” korxonalarida yig‘ilganligini ham tan olish kerak. Jahon aholisi Xitoy mahsulotlari sifatidan qoniqish hosil qilmasada baribir ularni sotib olmoqda. Shuni eslatib o‘tish kerakki, mamlakatda arzon, shu bilan birga sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish qo‘llab-quvvatlanmoqda. Buning natijasida jahonning har bir mamlakatida Xitoy mahsulotlarini uchratish mumkin. Ko‘pchilik italyan poyabzali, ingliz kastyum-shimi, shveysariya soatidan foydalanishidan faxrlanishi mumkin. Biroq faxrlanishga (to‘g‘rirog‘i, maqtanishga) shoshilish kerak emas. Agar diqqat bilan qaraydigan bo‘lsak, (Afrika,Avstraliya, Yevropa yoki Amerikada bo‘ladimi) dunyoning har bir mintaqasida istiqomat qiluvchi oilalarning dasturxonidagi mahsulotlardan tortib maishiy turmushda ishlatilayotgan buyum va jixozlarning xammasida “Made in China” tamg‘asini ko‘rishimiz mumkin. Xitoyda jahondagi mashxur brendli mashinalarga o‘xshash avtomobilarning ishlab chiqarilayotganiga ham tan berish kerak. To‘g‘ri xozircha Xitoyda ishlab chiqarilayotgan avtomashinalar sifati yapon, nemislarniki darajasiga yeta olmagan, biroq xitoylik mutaxassislar qo‘lni qovushtirib, xotirjam o‘tirishayotgani yo‘q. Bu mamlakat tadbirkorlari jahonda yangi paydo bo‘lgan har qanday maxsulotni ishlab chiqarishni o‘zlashtirib olishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yishgan.
Mutaxassislarning fikricha, kichik korxonalar aloxida olib qaraladigan bo‘lsa, dengizdan tomchi bo‘lishi mumkin, ammo ularni birlashgan xolda ko‘radigan bo‘lsak, katta kuchga aylanishi Xitoy misolida namoyon bo‘lmoqda.
Ekspertlar Xitoydagi iqtisodiy taraqqiyotga baho berishar ekan bunga mamlakat aholisining milliy mentaliteti asosiy omil bo‘layotganini ta’kidlashmoqda. Chunki, mexnatni iqtisodiy farovonlik omili bilan bir qatorda milliy qadriyat deb bilgan xitoyliklar o‘zlarining tadbirkorliklari va mexnatsevarliklari bilan fahrlanishadi. Tarixiy manbalarda “Osmonosti” davlati deb tilga olingan qadimiy Chin mamlakati xalqining tadbirkorligi, ishbilarmonligi, mexnatsevarligi va qolaversa, xukumatning xar tomonlama qo‘llab-quvvatlashi bilan chinakamiga osmonga chiqdi.
Hammasi qanday boshlangan edi?
O‘tgan asrning 60 yillaridagi “katta sakrash” va “madaniy inqilob” tufayli 1976 yil so‘ngiga kelib, Xitoy chuqur iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Xitoy matbuoti yozganidek, 1966-1976 yillar mamlakatni ortga uloqtirib tashlagan “yo‘qotilgan o‘n yilliklar” davri bo‘ldi. Mamlakat iqtisodi butunlay tanazzulga uchragan, yuz minglab aholi qashshoqlikda hayot kechirardi. 1978 yilda import maxsulotlarini xarid qilish uchun ham valyuta yetishmas edi. Texnologiya bo‘yicha Xitoy rivojlangan mamlakatlardan bir necha o‘n yil ortda qolib ketgan edi. Aholisining 70 foizi qishloqlarda istiqomat qilardi. Ularning daromadi yashab qolishgagina yetardi. Qo‘shimcha mablag‘ topish qatiyan man qilingan edi.
Mamlakatning “buyuk ilhomchisi” Mao Szedun (1976 yil sentyabrda) vafot etganidan so‘ng xokimiyatga Xua Gofen keladi. U Mao Szedun siyosatini davom ettirishini aytadi. Shu bilan birga rahbariyat ichida pinhona kurash boshlandi. Oxir oqibat Den Syaopin boshchiligidagi pragmatiklar g‘alaba qozonadi. 1977 yilning iyunida Den Syaopin rahbarlik lavozimlariga saylanadi. U partiya raisi o‘rinbosari, Harbiy Kengash raisining o‘rinbosari, Xitoy Xalq Ozodlik armiyasi Bosh shtabining boshlig‘i, XXR Davlat kengashi raisining o‘rinbosari lavozimlarni egallaydi. 70-yillarning oxiriga kelib Den Syaopin amalda partiya va mamlakat yetakchisiga aylanadi.
Uning g‘oyasi bo‘yicha to‘rt yo‘nalish — qishloq xo‘jaligi, sanoat, armiya hamda fan va texnika tubdan isloh etilishi kerak edi. 1978 yilning 22 dekabrida tarixiy qaror qabul qilinadi — Den Syaopin va uning hammaslaklarining tashabbusi qo‘llab quvvatlanadi hamda “proletariat diktaturasi ostida inqilobni davom ettirish” g‘oyasidan voz kechiladi. Shu tariqa mamlakatda keng qamrovli modernizatsiya jarayonlari boshlanadi. Unga ko‘ra, yangi “islohatlar va ochiqlik” siyosati tasdiqlanadi.
Shu tariqa xorijiy kapitallarni jalb qilish, fan-texnika yutuqlaridan samarali foydalanish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga e’tibor kuchaydi. «Hozirgi dunyo — keng aloqalar dunyosidir. Xitoy yopiqligi tufayli ham o‘tmishda qoloq edi. XXR tashkil etilgandan so‘ng bizni yakkalab qo‘yishdi. Shuningdek, bizning o‘zimiz ham yopiq edik. 30 yillik tajribamiz yopiq eshiklar ortida qurilishni amalga oshirib bo‘lmaslikni, taraqqiyotga erishib bo‘lmaslikni ko‘rsatdi”, degan edi Dyan Syaopin. Shunda u “oqmi, qorami — rangining farqi yo‘q, mushuk bo‘lsin — sichqon tutsin”, degan edi.
Odamlar o‘tgan yilga nisbatan bu yil yaxshiroq yashasin
Zarur siyosiy sharoitlar yaratilganidan so‘nggina Den Syaopin keng qamrovli islohatlarni hayotga tatbiq etishga muvaffaq bo‘ldi. Uning nazariyasiga ko‘ra, siyosiy tuzumni isloh qilmasdan turib iqtisodiy islohatlarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Siyosiy tuzum isloh qilinar ekan Xitoy qonunlar asosida boshqariladigan zamonaviy huquqiy davlatga aylandi. Den Syaopin Xitoy voqeligidan kelib chiqqan holda rejali iqtisoddan bozor iqtisodiyotiga o‘tish nazariyasini ishlab chiqdi. Shu sababli ham uni Xitoy islohatlarning buyuk otasi deya ta’riflashadi. Xitoyning avvalgi va hozirgi rahbarlari Den Syaopin g‘oyalariga sodiq ekanliklarini aytishadi.
O‘tgan asrning 50 yillarida Den Syaopin va Mao Sze-dun Xitoy taraqqiyoti borasida ko‘p bahslashgan. Mao “katta sakrash” siyosatini ilgari surar va zamonaviy texnologiyalarni ishlatmasdan aholini keng jalb qilgan, ammo xususiy tadbirkorlardan voz kechgan holda iqtisodiyotni yuritish lozimligini aytardi. Bu nazariyaga Den Syaopin qarshi chiqqani bois ham surgun qilinadi. Keyinchalik hokimiyatga qaytgan Den qishloq xo‘jalik kommunalarni bekor qiladi va Xitoyni to‘laligicha o‘zini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlaydigan davlatga aylantiradi. Den Syaopin atigi bir marta Maoni xatolarga yo‘l qo‘ygan “buyuk markschi, proletar inqilobchisi” deya atagan. Boshqa u haqda tanqidiy fikrlar bildirmagan. Shu tariqa o‘tmishga nuqta qo‘ygan Syaopin g‘arb mamlakatlari bilan muloqotlarni yo‘lga qo‘ydi va iqtisodiyotni ko‘tarishda Yaponiya tajribasidan foydalanishni tavsiya qildi. 1979 yilda Den Syaopin AQShga tashrif buyurdi va Oq uyda prezident Jimmi Karter bilan uchrashdi, moliyachilar bilan Xitoyni qanday qilib modernizatsiya qilish va sanoati rivojlangan mamlakatga aylantirish masalasida maslahatlashuvlar o‘tkazdi. Qiyinchilik va qarama-qarshiliklarga qaramay Xitoy belgilangan yo‘ldan og‘ishmay olg‘a yurdi. Sohil bo‘yida joylashgan shaharlar sanoati gullab yashnagan markazlarga aylandi. Bu esa mamlakatning rivojiga omil bo‘ldi. Maxsus iqtisodiy zonalar soni ortib bordi, yuqori va yangi texnologiyalar zonalariga ham katta e’tibor qaratildi.
Den Syaopin shiorlarga o‘ch emas edi. Uning shiori bitta: “odamlar o‘tgan yilga nisbatan bu yil yaxshiroq yashasin”, edi. Islohatlar shu qadar donishmandlik bilan olib borildiki, odamlar yildan yilga bir yil avvalgiga nisbatan yaxshiroq yashay boshladi. Bundan rozi bo‘lgan xitoyliklarning aytishlaricha, hozirgi hayotlaridan rozidirlar. Den Syaopin islohatlar o‘tkazar ekan bir narsani — u ham bo‘lsa markaziy xokimiyatni bo‘shashtirmaslikni anglab yetdi. Islohatlar shoshma-shosharlik bilan emas, yetti o‘ylab bir kesgan xolda olib borildi. Den Syaopin Xitoyni buyuk davlatlar qatoriga olib chiqishni orzu qilardi va bu orzusiga erishdi. Ayni damda Xitoy zamonaviy sanoati tezlik bilan taraqqiy etayotgan, fan va madaniyati rivojlangan mamlakat deya tan olingan. Shu tariqa 2006 yilga kelib Xitoy davlat jamg‘armalari bo‘yicha jahonda birinchi o‘ringa chiqib oldi. Bugungi kunda XXR AQShning yirik kreditori hisoblanadi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
O‘zbekistonlik MMAchilar jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallashdi
Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan toshkentlik o‘qituvchi 1 milliard so‘m mukofot puli oldi
AQSH Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratdi
Turkiya klubi sobiq prezidenti hakamga hujum qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi