Norboy yaqinda 25 ga to‘ldi. O‘g‘rilik olamiga kirganiga esa hali yarim yil ham to‘lmadi. Shahardagi o‘rtoqlariga qiziqib shu ishga qo‘l urgandi. Havasi ketdi. Ikki-uch karra qo‘li mo‘may pul ko‘rdi-yu, tinchini yo‘qotdi. Boshqa ishlardan hafsalasi qaytdi.
Lekin birovlarga o‘xshab cho‘ntakka tushmadi, tiqilinch avtobuslarni kezib, daydimadi. Begona xonadonlarga yarim kechasi bostirib kirmadi.
O‘g‘rilikning o‘zgacha yo‘lini topdi. Shu usul bahona yaqinda ancha-muncha pul ham ishladi.
To‘g‘ri-da, shaharning keti keng. Kecha borgan yeringga bugun qadam bosmaysan. Eski manzildan oyog‘ing uzildimi, tamom, hayotda seni hech kim ko‘rmaydi. Tinchgina boshqa manzillarni kezib tirikchilik qilaverasan.
Norboyning fikri shunday edi. U badavlat xonadonlarni qidirib topib, ishchi yo qorovullikka yollanish, keyinchalik o‘sha uyni o‘marishga oshifta bo‘ldi. Bunday usulni hali shahardagi biror o‘g‘ri qo‘llash tugul tushida ham ko‘rmagan…
«Bugun boradigan uyning egasi sal qo‘polroq deyishgandi, — o‘yladi Norboy jingalak, pataklashgan sochlarini siypalab. — Demak, u odamga boshqacharoq muomala kerak. O‘zimni g‘aribdan olib g‘aribga solishim lozim. Agar ishonchiga kirvolganimda, uy egasining Bilol og‘aynim maqtagan temir sandig‘iga tushardim. Dollarlarini qurtday qilib sanab quyonning rasmini chizardim. Ko‘ribsanki, akang Norboy boyvachchaga aylanardi. Keyinchalik bu xatarli ishni tashlasa, tijorat bilan shug‘ullansayam bo‘ladi. Eh, ishqilib, ishim o‘ngidan kelsin…»
Norboy atayin kiygan eski-tuski kiyimlariga so‘nggi bor qarab oldi-da, tramvaydan tushib, mahalla ichkarisiga yurdi.
* * *
Mahalla keng dalaga tutashgan ekan. Qatorning oxiridagi qizg‘ish darvozaga yetganda, Norboy to‘xtadi-da, birpas tek turib qoldi. Gapirishi kerak bo‘lgan so‘zlarni xayolan takrorladi, badavlat odamlar qarshisida o‘zini qanday tutishini tasavvur etdi. Shundan so‘ng asta borib darvoza tepasidagi qo‘ng‘iroq tugmachasini bosdi.
Oradan bir daqiqacha vaqt o‘tib, darvoza ochildi va ro‘parasida qorindor, yuzlari zaxilsifat, shop mo‘ylovli, yoshi oltmishlarga borgan o‘rta bo‘yli erkak paydo bo‘ldi.
U Norboyga boshdan oyoq razm solib ko‘rgach, mensimaygina so‘radi:
— Ha, bolam, senga kim kerak?
Norboy atayin uy egasiga yer ostidan boqib o‘zini hiyla hayiqqanga soldi.
— M-men… Ish so‘rab keluvdim, — dedi tutilib. — O‘rtog‘im tayinlagandi.
— O‘rtog‘ing kim? — so‘radi yanada dag‘alroq ohangda uy egasi.
— O-otchoparda… ish-shlaydi. Biloliddin…
— Ha-a, umi?.. Otasining oti nimaydi?.. Botirmidi?..
— Ha, ha, xuddi o‘sha, — dedi hovliqib Norboy. — Manzilingizni bergandi o‘sha.
— Qo‘lingdan nima ish keladi?
— Nima ish buyursangiz qilib ketaveraman. Ishdan qochmayman, amaki!..
— Shunaqami?
Uy egasi yana bir marta Norboyni ko‘zdan kechirgach, boshi bilan ichkariga ishora qildi.
— Xo‘p, qani, yur-chi ichkariga, yigit!..
* * *
Hovli hamtovog‘i ta’riflaganidek juda hashamatli ekan. Xonalarning chek-chegarasi yo‘q, hovli etagida kattakon mevazor bog‘, o‘rtada oq marmardan tiklangan basseyn.
Basseynda olti-yetti yosh atrofidagi bir bolakay miriqib cho‘milardi.
«Aniq adashmadim, — o‘yladi Norboy uy egasining oldida yo‘liga qisinib. — Bu uyga ishga joylashvolsam, tez orada boyib ketishim tayin. Qariya ham ja unaqangi sinchkovga o‘xshamaydi. Sal hushyor, dilgir bo‘lsam, bu gal ham ishni xamirdan qil sug‘urgandek bajara olarkanman. Faqat… Manavi nusxani ishontira olay-da!..»
— Qani, o‘tir-chi manavi yerga! — tok ostidagi so‘rini ko‘rsatdi uy egasi uning xayolini bo‘lib. — Ha, ha, kelaver, tortinma! Shunday qilib hamma ishni uddalayman degin?..
— Uddalayman, amaki, — yaltoqlanib javob qildi Norboy. — Ish bersangiz bo‘ldi.
— Ota-onang, qarindosh-urug‘ing bormi o‘zi? Qayerda turasan, bo‘tam?
Ana endi haqiqiy imtihon boshlangandi.
Norboy darrov bosh egib, bir-ikki burnini tortib qo‘ydi. Shu yo‘l bilan uy egasining qalbida achinish, shafqat hissini uyg‘otishni niyat qildi.
— Nima balo, og‘zingga tolqon solvolganmisan sen bola? — birdan dag‘allashdi uy egasi. — Gapirmaysanmi?..
Norboy xuddi erkakning do‘qidan qo‘rqib ketgandek seskanib boshini ko‘tardi va qaytadan yer chizib javob qildi.
— Men… Yetimxonada o‘sganman, amaki.
— Yetimxonada?.. Iye, shunday yigit-a?..
Norboy sezdiki, javobi uy egasini biroz yumshatdi. U so‘nggi so‘zlarini do‘q aralash so‘zlamadi.
— Obbo sen-yey!.. — dedi erkak Norboyga yer ostidan qarab. — Ha mayli, xafa bo‘lma!.. Yarangni yangiladim shekilli… Xo‘-o‘sh… Unday bo‘lsa, maqsadga o‘taylik, bo‘tam! Hov anavi bog‘ni ko‘ryapsanmi?
Norboy hanuz yasama qovoq uyish qilib bog‘ tomonga boshini burdi.
— Ha, amaki, katta bog‘ ekan!..
— O‘sha bog‘ni parvarish qilasan. Oyiga… — Erkak bosh qashigan ko‘yi biroz o‘y surdi-da, o‘tirgan yerida tizzasiga shapatilab o‘rnidan turdi. — Oyiga ellik ming so‘m haq olasan. Yeyish-ichishing mendan. Ha endi… Mayli, ertaga bir sidirg‘a yangi kiyim ham oberaman. Savob bo‘lar… Norg‘ul, baquvvat yigitga o‘xshaysan, bolam! Bog‘ni yashnatvorgin!
— Qoyillataman, amaki! — dedi Norboy. — Ilgari tez-tez mardikorchilikka chiqib turardim.
— Barakalla! — dedi uy egasi. — Ishlagan odam kam bo‘lmaydi. Xo‘sh, oting nima o‘zi?
— Norboy!
— Meni Husan amaki deb chaqiraver!
— Xo‘p bo‘ladi, Husan amaki!
— Qani, unda ichkariga yur, qorinni to‘ydiraylik! Opoqing ja mazali chuchvara pishiribdi. Ana undan keyin ishni boshlayverasan!
* * *
Hali hayotning achchiq sho‘rvasini tatib ko‘rmagan Norboyning og‘zi qulog‘ida edi. Shunday badavlat qariyaning ishonchiga juda tez fursatda kira olgani ruhini ko‘tarar, o‘zi uchun baxtli va unutilmas lahzalar yaqinlashishini intiqlik bilan kutardi.
Oradan ikki oy o‘tgach, nihoyat orzusi ushaladigan bo‘ldi. Shu kuni erta tongda Husan amaki bola-chaqa, nevaralarini yoniga oldi-da, dala hovlisiga jo‘nadi.
Bir hafta toza havoda dam olishni ixtiyor qilibdi. Bu xabarni eshitgan Norboy quvonchdan yorilay dedi. Mashina mahalladan uzoqlashishini chamalab, darhol hamtovog‘i Bilolga qo‘ng‘iroq qildi va xushxabarni yetkazdi.
Ha, bugun ikkovlari uchun ham eng yoqimli onlar oshno bo‘ladi. Norboy allaqachon is olib bo‘lgan. Husan amakining sandig‘i kaliti-yu, pana-pastqamga berkitadigan tilla taqinchoqlargacha taxminlagan. Qolaversa, qariya unga qattiq ishonib qolgan. Hatto ko‘cha-ko‘yga chiqsa ham xonalarni ochiq-sochiq qoldiradi. Norboy uydaligi sababli ko‘ngli to‘q…
Faqat Bilol tezgina yetib kelsa bas. Oshig‘i olchi. Bu dunyoda undan-da boyroq, baxtliroq odam bo‘lmaydi…
Oradan bir soatcha vaqt o‘tdi. Bilol ham yetib keldi. Ikkovlashib darvozani ichkaridan tambalashdi-da, oldinma-ketin ichkari uylarni tintiy boshlashdi. Husan amakining boyligi bir mahallaga yetar darajada ko‘p ekan. Umrida bunday davlatni ko‘rmagan ikki battol pullarni katta jomadonga joyladi. Qimmatbaho taqinchoqlar xaltadan joy oldi.
Shundan so‘ng yuklarni ko‘tarib yo‘lga tushishdi…
XOTIMA O‘RNIDA
Qing‘ir ishning qiyig‘i ertami-kechmi baribir chiqadi. Norboy hamtovog‘i bilan shahardan tashqariga chiqishga ulgurmadi.
Yurish-turishidan shubhalangan militsiya xodimlari ikkovlarini to‘xtatib, bo‘limga olib borishdi.
Surishtiruv boshlandi. Afsuski, ular o‘zlarini oqlashga arzirli bahona topa olishmadi.
Haqiqatni aytishga, jinoyatni bo‘yinga olishga majbur bo‘lishdi.
Sud ikki battolni ham ma’lum muddatga ozodlikdan mahrum etdi.
Majlisga yakun yasarkan, sudya yig‘ilganlarga bir gapni aytdi:
«Ogoh bo‘ling! Uyingizga o‘zingiz tanimagan kimsalarni kiritmang! Birovning yolg‘on-yoshiq so‘zlariga ishonib badnom bo‘lmang!»
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi