10:15 / 23.12.2017
5 534

Mirziyoyevga bo‘lgan ishonchimiz oqlandimi? Nimalar amalga oshdi, nimalar oshmadi?

Mirziyoyevga bo‘lgan ishonchimiz oqlandimi? Nimalar amalga oshdi, nimalar oshmadi?
«Hali erta demang», o‘tgan bir yilgina vaqt ham ayrim xulosalarni chiqarishga yetarli bo‘ldi. Bir gapni oldindan aytib qo‘yay, meni maddohlikda ayblab, izoh qoldirib o‘tirmang! Men maddohlikdan yiroqman, prezident menga orden, medal, aqalli «Konstitutsiyaning 25 yilligi» degan nishon tugul, bir pachka pechene ham bergani yo‘q. Olish niyatim ham yo‘q. Ammo menga boshqa narsani berdi: ertangi kunga ishonchni! Ko‘zim ko‘rib turganini aytaman, xolos.

1. Davlatimiz rahbarining faoliyati haqida nafaqat mamlakatimiz ichida, balki xorijda ham ijobiy fikrlar aytilmoqda. Bunday xulosalar bildirganlar orasida mashhur olimlar, davlat va jamoat arboblari bilan bir qatorda, mamlakatimizga nisbatan uncha ham xayrixoh bo‘lmaganlar, hatto muxolifatchilar ham bor. Misol keltirib o‘tirmayman, o‘zingiz guvohsiz, katta-katta minbarlardan prezidentimiz haqida ajoyib fikrlar aytilmoqda. Turkiyadagi vatandoshlarimiz aytadi: «Turkiyada hali biror mamlakat rahbari bizning prezidentchalik tantanali kutib olinmagan».

2. Balki eng asosiysidir. Qo‘shnilarimiz bilan shuncha yil taqa-taq yopilgan chegaralar ochildi. «Bor tovog‘im, kel tovog‘im» boshlandi. Qo‘shni davlat rahbarlari tez-tez uchrashib, ajoyib kelishuvlarni imzolashayapti. Inshaalloh, shu ketishda bo‘lsa, besh-o‘n yildan keyin manov O‘zbekiston, anov Qozog‘iston, narigisi Tojikiston, hay anovisi Turkmaniston-u, manovisi Qirg‘iziston, deb yurmaymiz. O‘rtada bojxona ham bo‘lmaydi, beton blok ham bo‘lmaydi, birov «Puling qanaqa?» ham demaydi…

3. O‘zbekiston tarixida birinchi marta prezident mahbuslarni AFV qildi. 2700 oilada bayram bo‘ldi. «10.000 kishini afv qilmoqchi edim…», dedi prezident bayram kuni. Demak, keyingi safar kamida 10.000 kishi afv qilinadi, chunki prezident qaysi so‘zini shamolga sovurganini ko‘rdingiz?

4. Erkin iqtisodiy zonalarni ko‘rayapsizmi? Men Urgutdagisini ko‘rayapman, o‘zim o‘sha yerlikman. Chetda yurgan urgutlikning hammasi Urgutga qaytib kelayapti. Tarixda bo‘lmagan ishlar bo‘layapti.

5. Chet elga chiqib ketgan «Aql egalari»ni prezident qaytarib kelayapti. «O‘sha yerda olayotganingdan katta oylikni beraman, kel, vatanda ishla!», deyapti. Bir urgutlik vrach professor bo‘lib, Moskvada miya jarrohligini amalga oshiradigan mashhur neyroxirurg bilan shaxsan ko‘rishgan prezident undan nega O‘zbekistonda ishlamayotganini so‘rabdi. «Meni O‘zbekistonda sig‘dirishmadi», deb professor ochig‘ini aytib qo‘ya qolibdi. «O‘zingizga xuddi mana shunaqa klinika qurib bersam, Urgutga borib, o‘z xalqingizni davolaysizmi?», debdi prezident. «Albatta, boraman», debdi professor. Nima bo‘ldi, deb o‘ylaysizlar? Moskvadagidan ikki baravar katta bo‘lgan professorning shaxsiy klinikasi bitay deb qoldi.

6. Qayerga borsa, prezident o‘ynab kelayotgani yo‘q, O‘zbekiston uchun, siz uchun, biz uchun bir nima undirib kelayapti. Har qaysi davlatdan bir necha milliard dollarlik investitsiyalar uchun shartnomalarni imzolab kelayapti. Inshaalloh, 50 milliarddan oshgan bu sarmoyalar hademay, o‘z kuchini ko‘rsatadi.

7. Yer yuzining sayqali deyilardi-yu, ammo Samarqandda madrasa yo‘q edi. Yana qayerlardadir yo‘q edi. Har bir viloyatda madrasalar, yana oliy madrasalar ochildi. Hadis maktablari, aqiyda maktablari, tariqatshunoslik maktablari, Naqshbandiy, Termiziy markazlari ochilishi juda katta ishlar, inshaalloh, bu ishlar ham davom etadi, madrasalar soni ozligi, bu Islomga chanqoq xalqimizga yetarli emasligini prezident yaxshi biladi. Bismilloh bilan gapirayotgan, «Alhamdulillah, musulmonmiz», deb gapirayotgan prezident.

8. Konvertatsiya degan narsani biznesmenlarimiz uzoq orzu qilishgan edi, mana, amalga oshayapti. Dollar bozor degan narsa ado bo‘ldi, Xudo xohlasa.

9. Arzon uylar quruq gap emas, necha-necha oilalar bunday uylarga kirib bo‘ldi.

10. Balki eng asosiysidir. Odamlarda ertangi kunga, prezidentga IShONCh yuksaldi. OAV vositalari xodimlari, jurnalistlar (ayrimlari, albatta) 25 yilda gapirolmagan gaplarini, yozolmagan maqolalarini BIR YILDA gapirdilar, yozdilar, balki ko‘proq hamdir! Ijod ahliga e’tibor, kitob, kitobxonlikka e’tibor hech qachon bunday bo‘lmagan!
Faqat maqtamang, deysizmi? Kamchilik yo‘qmi, deysizmi?

Bor! Bir yilda butun boshli mamlakatni boshqacha qilish oson emas. Eng muhimi, qotib qolgan, prezident «Master klass» o‘tib bermasa, «ko‘zi ochilmaydigan», hali ham «ko‘z qisish» bilan mashg‘ul bo‘lib yurgan deputatlar borligi, davlat rahbarlari «O‘qituvchini, do‘xtirni, talabani paxtaga olib chiqma, ko‘cha tozalashga olib chiqma!», deb turganda ham o‘qituvchi va shifokorni «niqoblab», «uyushmagan aholi qatlami» yoki «Mahallada bekor yurgan bekorchi» maqomida yoki «o‘zlaridan tashabbus chiqdi», degan iddaolar bilan paxtaga, obodonchilik ishlariga chiqarayotgan, eng yomoni, hali ham qo‘l ostidagilarni qo‘pol haqorat qilayotgan, ziyolilarni, maktab direktorlarini URAYoTGAN, DO‘PPOSLAYoTGAN, XORLAYoTGAN mahalliy rahbarlar, hokimlar borligi, albatta, hech kimga sharaf olib kelmaydi. Ammo ko‘rib turibsiz, prezident bitta-bittalab bunaqalarni «tozalab» kelayapti. Inshaalloh, prezident aytganidek, xalqqa xizmat qiladigan, xalqni rozi qiladigan rahbarlar qo‘yiladi. Har bir sohaga. Prokuraturaga ham! Sudga ham! Soliqqa ham! Kommunal tarmoq tepasiga ham! …ga ham! …ga ham!

Yana bitta kamchilik o‘zimizda, OAV xodimlarida! Prezident «Yoz, ayt, kamchilikni menga ko‘rsat!», deb tursa ham juda ko‘pchilik qalamkashlar, nomdor qalamkashlar hali ham «sovetcha» qoliplardan qutula olmayaptilar, hali ham «Hammasi yaxshi, «rahnamoligingiz ostida», «ko‘rsatmalaringiz bilan», «tashabbusingiz bilan», «mehribonchiligingiz tufayli», «siz boshlab bergan yo‘ldan og‘ishmay», deb boshlanuvchi olqish va hamdu sanolar aytish va yozish bilan band. Undaylar mustaqillikkacha ham, 25 yil davomida ham bu sinovdan o‘tgan usul bilan deyarli barcha mukofotlarni olib bo‘ldilar. Orden-medaldan boshlab, «Oltin qalam»gacha. Endi mukofotni ko‘zlamasdan ham yozsalar, borini yozsalar o‘zlariga ham, oxiratlariga ham, el-yurtga ham yaxshi bo‘lardi. Prezidentga ham yaxshi ishlar yo‘lida yordam bergan bo‘lishardi.
Yana bitta gap. Narxlar oshgani to‘g‘risida. Endi shunga ko‘ning! Shunga moslashing! Narxlar endi ORQAGA QAYTMAYDI!

Buni bozor iqtisodi, deydilar. Bu yo‘lga o‘tgan barcha mamlakatlar, xususan, sizu biz ko‘proq taqqoslaydigan Rossiya ham bu bosqichni juda ayanchli tarzda bosib o‘tgan, ularda bu «Shokovaya terapiya», degan nom ostida o‘tgan. Narxlar keskin oshgan, oyliklar past bo‘lgan, ishsizlar ko‘paygan. Kerak bo‘lsa, odamlar namoyishga chiqqan, ish tashlagan, tartibsizliklar bo‘lgan, ishga harbiylar, tanklar aralashgan! Ammo bozor iqtisodi sekin-asta o‘zaniga tushib olgach, bugungi holiga, to‘kin-sochinchilikka kelgan.

Inshaalloh, bizda ulardan ham yaxshi bo‘lib ketadi. Chunki, bizning xalqimiz ularga qaraganda million marta sabrli va million marta mehnatkash. Ular yotib olib ichadigan aroqni ham million marta kamroq ichadi. Qolaversa, bizda ulardagi ko‘p muammolar, tug‘ilish muammosi, buzilish muammosi kabi muammolar yo‘q. Xudoga shukur, ularda bo‘lgan gomoseksualistlar partiyalari, klublari, jamiyatlari bizda yo‘q. Bir jinsli nikoh O‘zbekistonda qayd qilingani yo‘q. Fashistlar partiyasi ham bizda yo‘q. Yashirinchasi ham! Xalqimiz toza, Xudoga shukur! Bu mehnatkash xalq bilan ko‘p yaxshiliklar qilsa bo‘ladi.

Bir yil ichida atrofimizda yuz bergan o‘zgarishlarni faqat fikri nosog‘ odamgina sezmasligi, salbiy baho berishi, prezidentni yomonlashi, bizni esa maddohlikda ayblashi mumkin. Mening esa aqlim sog‘, ko‘zim sog‘, bilganimni aytdim, ko‘rganimni aytdim. Takror aytaman, maddohlikdan manfaatdor ham emasman, bir nimadan ilinjim ham yo‘q!
Siz-chi? Siz nima deysiz?
Ana shularni «Afrosiyob» gazetasiga yozdim. Siz ham yozing, chop etishga kafolat beraman.
Karimberdi To‘ramurod,
«Afrosiyob» gazetasi muharriri.

Manba: kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mirziyoyevga bo‘lgan ishonchimiz oqlandimi? Nimalar amalga oshdi, nimalar oshmadi?