09:03 / 21.01.2018
5 924

Mamlakatimizda turizm qanday rivojlanadi?

Mamlakatimizda turizm qanday rivojlanadi?
Shu yilning 15 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati huzuridagi press-xollda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazilgan edi. Unda qo‘mita raisi Aziz Abduhakimov mamlakatimiz turizm salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi, jurnalistlarning savollariga qo‘mita raisi tomonidan batafsil javob qaytardi.

Turizm vizalari qancha arzonlashdi?

— O‘tgan yili mamlakatimizga 2,5 million sayyoh keldi, turizm xizmatlari eksporti 1 milliard 557 million dollarni tashkil etdi, — dedi Aziz Abduhakimov. — Turoperatorlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi 128 ta tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, bugungi kunda ularning soni 561 taga yetdi. Buxoro va Samarqand shaharlarida «Qadimiy Buxoro» va «Samarqand siti» turizm zonalarini tashkil qilish, umumiy hisobda 450 ga yaqin loyihani amalga oshirish, jumladan, 50 ta madaniy meros ob’ektini restavratsiya va konservatsiya qilish, 50 dan ortiq mehmonxona qurish va qayta tiklash, 100 ga yaqin umumiy ovqatlanish ob’ektini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Xorijiy sayyohlar uchun viza va ro‘yxatga olish taomili soddalashtirildi. Yakka tartibdagi xorijiy sayyohlar uchun 30 kun muddatga beriladigan yagona kirish turizm vizalari joriy qilindi va vizalarni rasmiylashtirish narxi 60 dollardan 40 dollarga tushirildi.

Turizmda innovatsion texnologiyalar

— Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida sohada qanday yangi innovatsion texnologiyalar joriy etilishi ko‘zda tutilgan?
— Albatta, tarmoqqa axborot-kommunikatsiya texnologiyalari izchil joriy etilmoqda. Jumladan, mamlakatimizdagi 600 dan ortiq sayyohlik ob’ektini birlashtirgan «E-mehmonxona» avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirildi. Bu bilan xorijiy va mahalliy sayyohlar hisobini olib borish mumkin. Shuningdek, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va «Texno dargoh» MChJ tomonidan hamkorlikda amaliyotga tatbiq etilayotgan «VERUM QR» loyihasi doirasida Samarqand va Shahrisabz shahridagi sayyohlik ob’ektlari QR-kodlar bilan ta’minlandi. Mazkur QR-kodlar sayyohlarga bir necha soniya ichida tarixiy ob’ekt, yaqin hududda joylashgan mehmonxona, restoran va boshqa diqqatga sazovor maskanlar haqida ma’lumot olish imkonini beradi. Ma’lumotlar 12 tilda taqdim etiladi.

Kafe va restoranlar 24 soat ishlaydi...

— Ba’zida kafe va restoranlarning tungi ish vaqti cheklangani xorijiy sayyohlar e’tiroziga sabab bo‘ladi. Bu borada ham o‘zgarish kutilayaptimi?
— Haqiqatan ham, bizning «Call Center» ma’lumot markazimizga turistlar, restoran vakillari tomonidan ushbu cheklov bo‘yicha e’tirozlar kelib tushmoqda. Biz bu masala ustida ishlayapmiz. 24 soat ishlashni istaydigan kafe va restoranlar xavfsizlik talablarini yuqori darajaga ko‘tarishi shart. Bu masala ixtiyoriy seritifikatlash usulida yechiladi. Xususan, xizmat ko‘rsatish muassasasi «tourist-friendly» tizimi talablariga javob berishi kerak. Unga ko‘ra xizmat ko‘rsatish muassasasida «ogohlantiruvchi tugma» bo‘ladi, u orqali sayyoh to‘g‘ridan-to‘g‘ri IIV bilan bog‘lanishi mumkin. Shuningdek, restoran yoki kafeda ingliz tilida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bo‘lishi, ingliz tilidagi menyular bo‘lishi talab etiladi. Shularni hisobga olib, qo‘mita tomonidan Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqildi. Yaqin vaqt ichida 24 soat davomida ishlaydigan jamoat tanovul muassasalari paydo bo‘ladi.

Makkadan avval Buxoroga

— O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish istiqbollari xususida ham to‘xtalsangiz.
— Mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish uchun yetarlicha imkoniyatlar mavjud. Masalan, Malayziyada hozir hajga borish navbatini 42 yil kutishga to‘g‘ri keladi. Indoneziyada esa o‘rta hisobda oyiga 100 mingga yaqin kishi Turkiya orqali umraga qatnamoqda. O‘zbekiston ular uchun tranzit vazifasini o‘tashi mumkin. Bizda ushbu ikki davlat aholisi uchun ham muqaddas bo‘lgan Buxoriy, Moturidiy ziyoratgohlari bor. Shundan kelib chiqib, Malayziya va Indoneziya hojilari Makkaga borish yo‘lida O‘zbekistonda bir hafta vaqtini o‘tkazishi mumkin. Shu maqsadda fevral-mart oylaridan boshlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jakarta-Samarqand-Jidda aviareysi ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

Ziyorat turizmi talablarini hisobga olib, qo‘mitamiz tomonidan standartlar ishlab chiqilmoqda. 2018 yildan boshlab mehmonxonalarning 10 foiz xonasida Qur’oni karim kitobi bo‘lishi, 30 foiz xonasida qiblani ko‘rsatuvchi belgilar qo‘yilishi belgilandi.

Ziyorat turizmi haqida gapirganda faqatgina musulmon davlatlaridan keluvchi sayyohlar haqida o‘ylash noto‘g‘ri. Isroildan Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga sayohat qilayotgan minglab kishilar O‘zbekiston aeroportlaridan tranzit sifatida foydalanmoqda. Lekin ulardan birortasi bu yerda vaqtini o‘tkazmaydi. Buning uchun isroilliklarga qisqa muddatli vizalar berib, tranzit vaqtida ular O‘zbekistonda kamida 3 kun qolishi uchun ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, Surxondaryo viloyatida buddizmga aloqador ko‘plab obidalarni ziyorat qilish uchun Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy davlatlaridan katta qiziqish bildirilmoqda. Ammo u yerdagi obida va mehmonxonalarni ta’mirlab, sayyohlar uchun qulay holga keltirishimiz kerak.

Aeroportdan 21 daqiqada chiqish mumkin

— Yurtimizga kelgan mehmonlarga birinchi navbatda aeroportimizda xizmat ko‘rsatiladi. Bu yerdagi xizmatlar turistlarni qoniqtiradimi?— Ko‘pchilik sayyohlar bu borada ham haqli e’tiroz bildirmoqda. Jumladan, bizning aeroportlarda internetga ulanish, shu yerning o‘zida sayyohlar uchun xarita, sim-kartalarni sotib olish imkoniyati, turistik kompaniyalar tomonidan taklif etilayotgan turlar, O‘zbekistonda bo‘layotgan turli madaniy tadbirlar to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud emas. Bu masalalar asta-sekin o‘z yechimini topayapti. Toshkent, Samarqand va boshqa aeroportlarda bizning maxsus axborot markazlarimiz o‘rnatildi. Mobil aloqa operatorlari, turizm kompaniyalari bilan kelishildi. Biz qisqa muddatda, yagona standartda aeroportlarda xizmatlarni joy-joyiga qo‘yamiz.

Bundan tashqari milliy aviakompaniyamiz tomonidan aeroportlarimizda 1 yanvardan qizil va yashil yo‘laklar o‘rnatildi. Oldin turistlarimiz aeroportlarda 1,5 soat vaqt yo‘qotardi. Ayni paytda esa barcha jarayonlar(chegara, bojxona)dan 21 daqiqada o‘tib, shaharga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Sayyohlikka sarflangan daromaddan soliq ushlanmaydi

— Ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha qanday rejalar tuzilmoqda?
— Bir narsani bilishimiz kerakki, yurtimizda avvalo ichki turizmni rivojlantirmay turib, xorijiy sayyohlarni jalb eta olmaymiz. Chunki ularni besh yulduzli mehmonxonalar emas, balki shu yurtning urf-odatlari, an’analarini aks ettirgan uylar, xonadonlar ko‘proq qiziqtiradi. Shu sababli uzoq hududlardagi sayyohlar oqimi kam bo‘lgan nuqtalardagi ichki turizmni rivojlantirishga katta e’tibor qaratish lozim. Shu maqsadda yurtimizda sayyohlik safarini amalga oshirganlarga sarflagan mablag‘idan daromad solig‘i ushlamaslikni joriy etmoqchimiz. Shuningdek, korxona va tashkilot rahbarlari qo‘l ostidagi ishchilarni ichki turizm rivojiga jalb etgani uchun sarflagan xarajatlarini o‘zining soliq bazasidan ayirib tashlash imkoni mavjud bo‘ladi. Bu bo‘yicha Prezident farmoni va qarorlari loyihasi ishlab chiqilgan.

Bundan tashqari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan joriy yilda «Uzbekistan Tourism Awards» taqdimoti o‘tkaziladi. Unda respublika bo‘ylab eng yaxshi mehmonxona, eng yaxshi mehmonxona lageri, eng yaxshi gid, eng yaxshi restoran, eng yaxshi motel, eng yaxshi bloger, eng yaxshi fotosuratchi, eng yaxshi jurnalist kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi. Hozir qo‘mita tomonidan mazkur mukofot konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.

Tashqarisi milliy, ichkarisi zamonaviy

— Yurtimizda sayyohlik «klasterlar»i tashkil etish qay tarzda amalga oshirilmoqda?
— «Klasterlar» bo‘yicha respublika miqyosida 44 ta hudud tanlab olindi. Mahallalarimizda ko‘chalarni eski tarzda saqlab qolish taklifi bilan chiqayapmiz. Ya’ni devorlari va tomi loysuvoq bo‘lishi, imkon qadar turli zamonaviy antennalarsiz, milliyligimizni aks ettiruvchi bezaklar bilan bezatilishi lozim. Uy ichi zamonaviy bo‘lsa-da, tashqi tomonini aslicha saqlab qolish kerak. Bunday uylarga sayyohlar jalb qilinadi, uy egalarining daromadlari ko‘payadi. Kerak bo‘lsa, ularga davlat tomonidan subsidiyalar ajratilishi ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, kelgusida O‘zbekistonda o‘tkaziladigan madaniy va ko‘ngilochar tadbirlarning «Yagona taqvim»i tuzilib, unga asosan harakat qilinishi yo‘lga qo‘yiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mamlakatimizda turizm qanday rivojlanadi?