10:50 / 02.02.2018
5 064

Ajal changaliga ilingan yigit

Ajal changaliga ilingan yigit
— Adashmasdan uyingizni topib keldingizmi? Xayriyat, uyingiz borligi esingizga kelibdimi? O‘zi kelib, ovora bo‘lib ham yurmasangiz bo‘lardi…

— Buncha baqirasan? Kar emasman-ku, sekinroq gapirsang ham eshitaman. Bolalar uyg‘onib ketadi.

— Bolalar, deysizmi? Bolalaringiz borligini unutmabsizmi, a? Tasanno sizga! Uyg‘onsin-da o‘shalar! Otasining tunni yarimlatib, yoqa-yengidan ayol kishining atirini gurkiratib kirib kelishini bilsin! Sayoq yuradigan, o‘g‘il-qizining bo‘yi yetsayam fikrini yig‘a olmaydigan otasi uchun uyalishsin!

— E, og‘zingni yum, deyapman senga! Bolalar eshikdan kirib kelgan eriga: «Hormang», deb bir piyola choy tutishga yaramaydigan onasi uchun uyaladi! Oyoq-qo‘li charchasa ham jag‘i horimaydigan onasi uchun uyaladi!

— Men yomon ekanman, nega bu uyga kelasiz? Nega o‘shalaringizning yonida qolavermaysiz?! Butkul yo‘qolib ketmaysiz? «Otangiz boshqa xotinlarning oldidan keladi», deyishdan ko‘ra menga: «Otangiz yo‘q bo‘lib ketibdi», de­yish oson-ku!

— Kelsam, sen uchun kelmayman! Sen uchun bo‘lsa, yiqqan oyog‘imni yozmayman! Buni o‘zing ham bilasan!

Boburjon boshini yostiq bilan berkitdi. Yo‘q, baribir, ota-onasining ovozi aniq-tiniq eshitilib turardi. U bir eshikdan kiraverishda tik turganicha bir-birini tuproqqa qorishtirayotgan ota-onasi yoniga borishni o‘yladi. «Dadajon, oyijon! Har tun shu ahvol! Bir-biringizdan shu qadar ko‘nglingiz qolgan ekan, birga yashab nima qilasizlar?! Axir odam bolasi bu dunyoda qanchayam yashaydi? Bor-yo‘g‘i yetmish, sakson yil. O‘sha qisqa umrniyam bir-biriga nafrat bilan yashasa, ichi zahar-zaqqumga to‘lib ketsa, nimaga kerak bunaqa hayot?!» degisi keldi. Lekin bir zum o‘zini emas, opasini o‘yladi. Darvozasini taqillatib kelayotgan sovchi ayollar ko‘z oldiga keldi. Go‘yo ulardan birining o‘g‘li opasi Nodirani yoqtiradi-yu, qo‘shnilardan surishtiradi.

Qo‘shnilari esa ota-onasining bu ahvolini aytishadi, tabiiyki, sovchilar aynib, qaytib ketishadi. Boburjonning xo‘rligi keldi. Yo‘q, yo‘q, Nodira opasi uzatilgandan keyingina ota-onasiga dilidagini aytsa bo‘ladi. Shungacha ularni birlashtiradigan, bir-biriga yaqinlashtiradigan qandaydir bir narsa o‘ylab topishi kerak. Axir otasi bilan onasi bir paytlar bitta institut, bitta fakultetda oldinma-keyingi kurslarda o‘qishgan-ku. Bir-biriga muhabbatli bo‘lishgan. Onasining albomida institut hovlisidagi shoxdor kiyikning haykali yonida besh-oltita yigit-qizlarning birga tushgan surati bor. O‘sha suratda ham Boburjon bilan opasi Nodiraga juda o‘xshab ketadigan bir juft yigit-qiz ko‘z ostidan bir-biriga qarab turishibdi.

Nahot otasi bilan onasi har zamonda bo‘lsayam o‘sha rasmlariga qarab qo‘yishmasa?! Bir-biriga oshiq bo‘lib yurgan, bir-birini sog‘inib yurgan damlarini eslashmasa?! O‘sha beg‘ubor kunlar haqi bugungi urish-janjallaridan o‘zlari xijolat bo‘lishmasa?! Boburjon shunday og‘riqli o‘ylar ichida to‘lg‘anib yotarkan, telefoniga SMS keldi. Shunchaki o‘zini chalg‘itish, o‘ylar iskanjasidan ozgina bo‘lsa-da chiqish uchun telefon tugmachasini bosib: «…Sen qiynalyapsan. Oldingda tog‘dek muammo turganga o‘xshayapti. Hechqisi yo‘q. Biz senga yordam beramiz. Yo‘q, sen o‘zingga-o‘zing yordam berasan, sen o‘zingning naqadar kuchli, jasur ekaningni bilmaysan! Ertalabki soat to‘rtu yigirmani kut! Shungacha tiniqib uxla, kuch yig‘!» degan yozuvlarni o‘qidi. Yozuvlar uni o‘ziga tortdi. Yana va yana o‘qidi. «Kimdir ermakka jo‘natmadimikin?» deb o‘yladi-yu, o‘ylagani o‘ziga yoqmadi.

Boburjon chindan ham ota-onasining adog‘i yo‘q tortishuvlaridan zada bo‘lgan yosh yuragidan o‘tayotgan kechinmalarni kimdir sezib-bilib turganiga ishongisi kelardi. «Dunyoda ongimizdan tashqari, bizni ko‘rib turadigan, kuzatib turadigan bir olamning borligini hech kim inkor eta olmaydi-ku. Menga o‘sha olamdan xabar keldi. Buni qadrlashim kerak» — Boburjon xayolini jamlashga, uxlashga harakat qilib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Telefonning budilnigini roppa-rosa 4:20ga qo‘ydi. Ota-onasining ovozi esa hanuz tinmasdi. Boburjon yostiq ustidan ko‘rpani boshiga tortdi…
* * *
«Ting-ting». Boburjon ko‘zini chala ochib, telefonining soatiga qaradi — 4:20. «Aldamabdi. Ermakka emas. Demak, kimlardir mening mushkulimni oson qilmoqchi, hayotimga aralashmoqchi…» Boburjon entikib, kerakli tugmachani ezdi. «Uyg‘onishga, uyqungni bo‘lishga kuch topdingmi? Balli! Demak, sen muammolaringni ham hal qilishga o‘zingda kuch topasan. Unutma, sen jasorat, matonat yo‘lining boshidasan. Sen endi birinchi qadamni tashlashing kerak. Biz juda ko‘pchilikmiz. Sen o‘zingni o‘sha metin safning bittasiman, deb his qilishing uchun bilagingga biz bilan birdamlik ramzi bo‘lgan «Ko‘k kit»ning rasmini chizib, rasm chizilgan bilagingni suratga olib, bizga yuborishing kerak. Keyin sening murakkab taqdiringga nur tushiruvchi yo‘llardan birga odamlay boshlaymiz»…

Namuna uchun ko‘k kitning rasm­lari jo‘natilgandi. Boburjon yozuvlarni takror-takror o‘qidi, rasmlarni tomosha qildi. «Keyingi qadamlarda meni nima kutar ekan? Ishqilib, darsimga xalaqit beruvchi ishlarga duch kelmasmikinman? Axir litseyni tugatyapman. Bu yil o‘qishga kiraman, arxitektor bo‘lishni niyat qilganman. Repetitorga qatnab yuribman. Ehtimol, o‘qishga kirib ketsam, ota-onamning muomalasida ham o‘zgarishlar bo‘lar. Bilagimga ko‘k kitning rasmini chizishga hojat qolmas».

Bobur ertalabgacha ikkilandi. Tong otar payti ko‘zi sal ilingandek ham bo‘libdi.

— «Haftada bir kilo go‘sht, bir shisha yog‘, ikki kilo sabzi, besh kilo kartoshka olib kelyapman, bolalarimni boqyapman. Birov menga «g‘ing» deyishga haqi yo‘q. Sayoq yuramanmi, tayoq yuramanmi, o‘zim bilaman», deb yurgan bo‘lsangiz, noma’qul buzoqning go‘shtini yebsiz. Siz, eng avvalo, o‘z xul­qingiz bilan oilaga, farzand­laringizga ibrat bo‘lishingiz kerak! Aytaverib charchadim. Endi ishxonangizga boraman! Dod, deyman. Qirqdan o‘tib, oyog‘i tiyilmagan bu erkakka «hay» deydigan biror odam topilar!

— Tovuqmiya bo‘lsanggina shunday qilasan! Axir ishxonamga borsang, nimaga erishasan? Ishdan bo‘shatishadi, xolos! Oilasidagi mojaroni tinchita olmaydigan bunday xodim bizga kerak emas, deyishadi-da, shartta bo‘shatishadi! Keyin o‘sha bir kilo go‘sht bilan besh kilo kartoshka ham kelmaydi uyingga!

— Ochdan o‘lmasmiz. Ochdan o‘ladigan zamon emas hozir! Xudoga shukr, kasb-korim bor. Qizimni chiqarib, o‘g‘limni o‘qishga kiritsam…

— Ho‘v xotin, Nuqul «qizim», «o‘g‘lim», deysan! Havodan bino bo‘lmagandir ular. Mening ham zurriyodlarim-ku! Men ham Nodirani tengiga berib tinchitay, Boburni kasb-korli qilay, deb o‘ylayman-ku!

— Birovning ko‘rpasida yotib o‘ylagan o‘yingizda xosiyat bo‘lmaydi!

— Sen avliyomisan, qachon kimga nima yaxshi bo‘lishini biladigan?

— Har holda yomon bo‘lsayam bir erkakning nikohdagi xotiniman, jazmani emasman!

— E, sendek qachon, nimani gapirishni bilmaydigan xotindan jazman ham a’lo!

— Yo‘qoling bo‘lmasa, o‘shalarning yoniga!

Uvvos yig‘i ko‘tarildi. Boburjon endi ota-onasining yoniga chiqmoqchi, «Bugun ustozim sinov uchun test o‘tkazdi, yuqori natijaga erishdim», demoqchi edi, lekin… Boburjondan avval ularning odatdagi mojarolari boshlanib ketdi. Boburjon endi ota-onasining bir-biriga muhabbatli paytlaridagi sog‘inchli voqealarni eslab o‘tirmadi. «Yaxshisi, bilagimga ko‘k kitning rasmini chizib jo‘nataman. Yurayotgan tosh-tikanli g‘adir-budur yo‘llarimga uzoqlardan bir shu’la tushayotgandek. Bu shu’la sendanmi, ko‘k kit?» deya o‘yladi. Boburjonning esiga negadir Chingiz Aytmatovning «Oq kema» asari tushdi. Yaxshi ko‘rib o‘qirdi shu asarni. Toshlarga, yana nimalargadir ism qo‘yadigan, doim oq kemada otasi tomonga suzib ketishni orzu qiladigan bolakay bilan o‘zining orasida qandaydir o‘xshashlik bordek tuyildi. Darsxonasi eshigini ichkaridan qulfladi-da, futbolkasini yechdi. O‘ng qo‘li bilan chap bilagiga telefonidagi nusxaga qarab ko‘k kitning rasmini chiza boshladi.
* * *
«Sen yana bir qadam ilgarilading. Yutuq sen tarafda, muvaffaqiyating bilan tabriklayman. Sen o‘zingda har qanday qo‘rquvga qarshi chiqa oladigan mislsiz kuch paydo qilyapsan…» Boburjon telefoniga kelgan SMSni bir emas, bir necha marta o‘qir, har o‘qiganda o‘zini to‘siqlar osha yugurayotgan, navbatdagi baland to‘siqdan qoqilmay sakrab, munkib ketmasdan shiddat bilan yugurayotgan kishi qiyofasida tasavvur qilardi.

«Yon-atrofingga qara! Senga yoqmaydigan, o‘yla-ganlaring­ni aytishga hayiqadigan odam bormi? Balki, u tengdoshingdir, balki, sendan kattadir. Xonangga kirgin-da, eshik-derazalarni yopib, baland ovozda ularga aytishni istagan gaplaringni ayt, ayama, shafqatsiz bo‘l!»

Boburjon xuddi shunday qildi. Ko‘zlarini yumib, qo‘llarini juftlab gapirdi, gapiraverdi:

— Dadajon, axir Nodira opam tug‘ilgach ham, oralaringdan gap o‘tib qolganida, onam opamni olib, uyiga ketib qolganida siz oyimning o‘rtoqlariga aytib, ilk uchrashgan favvorangiz yonidagi muzqaymoq sotadigan kafe oldiga chaqirtirgan ekansiz. Oyim o‘rtoqlari bilan muzqaymoq yeb o‘tirganida mikrofondan «Birinchi muhabbatim» qo‘shig‘i yangragan ekan. Qo‘shiq tugagach, disklarni almashtirayotgan yigit: «Bu ashulani rafiqasi Manzuraxon oldida o‘zini gunohkor his qilgan yigit, Nodira ismli qizaloqning dadasi uzr tarzida yo‘lladi», — degan ekan. Oyim o‘rtoqlarining oldida ko‘ngli ko‘tarilib, sizni kechirgan, «Yuringlar, uyga ketamiz», deganingizda darrov oldingizga tushgan ekan. Nega endi shunday qila olmaysiz? Nega xiyonat ko‘chasida adashib yuribsiz? Nega kasofatingiz bizga tegishidan qo‘rqmayapsiz? Axir bu yurishda oxiratingiz kuyib ketadi-ku!

Otasidan so‘ng onasiga gapirdi. Ichi bo‘shagandek bo‘ldi. Shu kech ota-onasining navbatdagi mojarosi diliga tig‘dek botmadi…
* * *
Qabriston. Aslida, hech qanday vahima yo‘q. Qabr oralarida gullar ochilib yotibdi. Qayerdandir shildiragan suv ovozi eshitiladi. Chiroqlar porillab turibdi. Lekin Boburjon hal qiluvchi bosqichlarning yana birini bosib o‘tish uchun qabristonga kelgan. U SMSda tasvirlangan qabristonni ko‘z oldiga keltirishi kerak. Qop-qorong‘u. Qabrlar orasida baland-baland qamishlar o‘sib yotibdi. Ba’zi qabrlarning yonboshimi, boshimi o‘pirilib, allanarsalar qorayib ko‘rinadi. Chiyabo‘riningmi, boshqa bir jonzotlarningmi ovozi eshitiladi. «Qo‘rqma, Boburjon, qo‘rqma, sening orqangda metin saf — «ko‘k kit» turibdi. Ular senga jasorat baxsh etadi». Chaqmoqlar qarsillagandek bo‘ladi. Qabrlar, marmartoshlar ustida uzun-uzun ko‘lankalar cho‘ziladi, lopillaydi… Boburjon esa ikki qo‘lini ko‘ksiga juftlaganicha shaxdam qadam tashlaydi. U shu turishda oqimga qarshi suzayotgan kemaga o‘xshaydi.
* * *
Ota-onasi odatdagidek bir-birini haqo-rat qilishdi. Endi ularning so‘kish, koyishlari Boburjonga faqat ovoz bo‘lib eshitilar, mohiyatini anglamasdi. Anglagani «Sen so‘nggi bosqichdasan, sen butunlay qo‘rquvdan xalos bo‘lding. Tunda yo‘l yoqasiga chiq! Uzoq kutma! Chirog‘ini porillatib shiddat bilan kelayotgan mashinaning oldiga yugurib chiq! Bor kuching bilan chop, to‘xtama, ikkilanma!» degan SMS bo‘ldi. Boburjon bir nafasga bo‘lsa-da to‘xtamadi. «Yaxshi-yomon bo‘lsa-da, ular mening ota-onam. Meni o‘stirishdi. Men o‘qib, kasb-korli bo‘lib, ularning og‘irini yelkamga olishim kerak. Balki, shunda hamma narsa o‘zgarar…» degan o‘y xayoliga kelmadi. Unashtirilishi yaqin qolgan opasi «Boburjon, senga nima bo‘ldi? O‘qishlaring pastlab ketyapti-ku», deya xavotirlanayotgan ustozlarini ham xayolidan o‘chirdi. Chunki u so‘nggi — hal qiluvchi bosqichga kelgandi. Yo‘l yoqasiga chopib chiqdi. Mashina shitob bilan kela boshladi. Bobur:

— Men qo‘rquvdan xalosman! Men kuchliman! — deya baqirdi-da, oldinga tashlandi.
— Hoy bola, to‘xta!

Orqasidan yangragan kuchlidan ham kuchli bir ovoz tun bag‘rini yorib yubordi…
Qutlibeka RAHIMBOYeVA

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ajal changaliga ilingan yigit