Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning ilk kunlarida Zangi ota majmuasini ziyorat qildi. O‘tganlar xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi. Amir Temur davrida qurilib, asrlar mobaynida ne-ne o‘zgarishlarni boshdan kechirgan bu maskan XXI asrga kelib, mamlakatimiz mustaqilligi tufayli yangi qiyofa kasb etdi.
Alloh nazari tushgan O‘zbekistonimizning har qarichi avliyolar qadamidan obod bo‘lgan, desak, mubolag‘a emas. Qo‘li mehnatda, dili Allohda bo‘lgan mo‘’tabar ajdodlarimiz keyingi avlodga beqiyos ma’naviy meros qoldirganligi tufayli tabarruk tuprog‘imiz fayzu barakadan hamisha munavvardir.
Nafaqat yurtimiz, balki butun Markaziy Osiyodagi pok niyatli ziyoratchilarni o‘ziga tortib kelayotgan Zangi ota majmuasi ona-zaminimizdagi noyob tarixiy me’moriy, madaniy-ma’rifiy qadamjolardandir. Bu dargohga bevosita tashrif buyurish, u yerdagi obida-yu yodgorliklarning asl mohiyatini dildan his qilish chin ma’noda o‘zlikni anglashga imkon beradi.
Turkistonning buyuk valiylaridan bo‘lgan bu zot Ahmad Yassaviy Hazratlarining ustozi Arslonbobning evaralaridandir. Manbalarda Xoja Ahmad Yassaviy Zangi otaga xolavachcha ekani qayd etilgan. Zangi ota ham tabib, ham avliyo sifatida el-yurt o‘rtasida katta obro‘ga ega bo‘lgan. Ul zot faqir va darveshsifat inson bo‘lib, odamlarning sigirlarini boqib, podachilik qilib, halol rizq topib, g‘aribona hayot kechirgan. Namoz hamda zikrni kanda qilmagan Zangi otaning kundalik umri doimo dala-dashtda o‘tgani tufayli namozni ham qir-adirlarda o‘qigan. Chorvadorlar Zangi otani o‘z pirlari, deb hisoblaganlar. Rivoyat etishlaricha, Zangi otaning qaramog‘idagi qoramollar (sigirlar) yaylovda o‘tlab, kechqurun uyga qaytishda kishilarning ekinzoriga kirmas, bir chimdim ham o‘t-o‘langa bo‘ynini cho‘zmas ekan.
Zangi otaning butun umri Movarounnahr xalqlari hayotining og‘ir va dahshatli davrida kechgan. Mo‘g‘ul istilochilari mamlakatni xonavayron qilib, xalq ommasini qullik iskanjasiga solgan bir paytda Zangi ota hamda uning izdoshlari xalq orasida vatanparvarlik va mehnatsevarlik, adlu insof, poklik hamda yaxshilik, mehr-shafqat va diyonat kabi umuminsoniy g‘oyalarni targ‘ib etgan.
Zangi ota ziyoratgohi azaldan xalqimizning e’zozli ziyoratgohi bo‘lgan bo‘lsa, endilikda bu yerda zamonaviylik nishonalari uyg‘unlashib, yurtdoshlarimizning ma’naviy ehtiyojlarini qondiradigan dargohga aylanmoqda. “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q”, degan tamoyilni yodga olsak, bu joyning asl qadri yorqin namoyon bo‘ladi.
Dastlab sohibqiron Amir Temur 1397 yilda ushbu obidani bunyod ettirgan bo‘lsa, 1420 yilda Mirzo Ulug‘bek muhtasham yodgorlik majmuini yanada rivojlantirgan. O‘tgan olti asr mobaynida muqaddas maskan ustida necha bor oftob chiqqan bo‘lsa, necha marta vayronalik soya tashladi. 2014 – 2016 yillarda mislsiz obodonchilik ishlaridan ajdodlar ruhi shod bo‘lib, bu dargoh jozibali go‘shaga aylandi.
Nimalar o‘zgardi deysizmi? Shu haqda mufassal so‘z yuritsak. Mazkur majmua tubdan ta’mirlangach, biri-birini to‘ldiruvchi inshootlar o‘zaro uyg‘unlashib, yaxlit manzara kasb etdi. Zangiota, Anbar ona maqbaralariga boriladigan yo‘lak, maydonlar orasta, ko‘ngilni quvontiradi. 31 metrlik yangi minora bu yerga salobat bag‘ishlab turibdi. Agar ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu inshootni istiqlol minorasi, deyish mumkin.
Maydonning ko‘zga ko‘rinadigan joylarida iymon, diyonat, savobli ishlarga undovchi hikmatli so‘zlar, hadisu sharifdan satrlar lotin va kirill yozuvlarida bitib qo‘yilgan. Majmua hududiga kirar ekansiz, ko‘rkam qutilardan Qur’oni karim suralari taniqli qorilar qiroatida yangray boshlaydi. Bu yerga tashrif buyurgan ziyoratchilar ezgu so‘zlar, purma’no hadislardan, ajib olam muhitidan bahramand bo‘ladilar.
Har faslda almashib turadigan ko‘rkam gulzorlar, baxmal maysalar, tiniq favvoralar, fayzli suhbatgohlar, ko‘rpachalar to‘shalgan shinam so‘rilar ziyoratchilar kayfiyatini ko‘taradi. Keng maydon sahniga to‘shalgan koshinlar shakli-shamoyili bir qarashda tartib bilan qo‘yilgan joynamozni eslatadi. Demak, hayit tantanalarida namozgohga sig‘magan musulmonlar shu kenglikda ham safda turishlari mumkin.
Majmua ertadan kechgacha ziyoratchi va sayyohlar bilan to‘la. Ayniqsa, Yurtboshimiz tashrif buyurganidan keyin bu yer yanada gavjumlashdi. E’tiborli tomoni shundaki, Zangi ota majmuasiga butun Markaziy Osiyo mintaqasidan turli millatlar vakillari tashrif buyuradi.
Ushbu muqaddas qadamjoda shunday ajoyib manzara yaratildiki, bu yerni zavq bilan ziyorat etgan har qanday inson “O‘zimiz yashayotgan joyni ham shunday go‘zal maskanga aylantirsak bo‘ladi-ku”, degan xulosaga keladi. Axir yaxshilikdan yaxshilik tug‘iladi-da. Zangi ota chin ma’noda qayta tug‘ildi. Uni obod qilgan, majmuaga yangi hayot baxsh etgan insonlar mehnati samarasi asrlar osha turadi. “Ko‘pning duosi ko‘l”, deydilar. Muqaddas maskanga kelgan ezgu niyatli odamlar bu yerdan yanada poklanib chiqmoqdalar.
Dov-daraxtlar, gulu giyohlar va sharqiroq suv ajib mikroiqlim yaratgan, ma’naviy jihatdan dillarga xush yoquvchi muhit qalbni allalaydi. Tabiiyki, bunday farahbaxshlikdan ko‘ngillarda ezgu tuyg‘ular chechak yozadi. “Inson bu foniy dunyoda yaxshi amallar, savobli ishlar bilangina mangu qolishi mumkin”, degan xulosaga kelinadi. O‘y-xayolidagi nojoiz fikrlar barham topadi. Yon-atrofdagi ezgu niyatli odamlarga mehri oshadi, shunday zaminda yashayotganidan g‘urur-iftixorga to‘ladi. Shunday hayotbaxsh kayfiyatni dilda his etgan insonlar esa yanada ahil, hamjihat yashashga intiladi.
Zangi ota tarixiy majmuasi ana shunday ezgu o‘y-niyatlarga sarchashma bo‘ladigan muqaddas dargohdir. Shu ma’noda, Shayx Ahmadjon Maxdum Hanafiy Naqshbandiyning “Qayerdaki, bir avliyoning qabri bo‘lsa, Alloh taolo uning hurmatidan o‘sha joyga barakot beradi”, degan muborak kalomi ijobat bo‘layotgani ayni muddaodir.
Sobir Murodov,
Zangi ota madaniy-ma’rifiy majmuasi direktori
Zangi ota madaniy-ma’rifiy majmuasi direktori
Manba: uza.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar