
2018-yil 14-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Majlisda ta’kidlandiki, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
Mazkur yo‘nalish, ta’kidlab o‘tilganidek, har bir fuqaroning hayotida juda muhim ahamiyatga ega, chunki u inson huquq va erkinliklariga bevosita aloqadordir.
Ko‘plar ushbu sohadagi ilg‘or g‘oyalarning amalda ro‘yobga chiqarilayotganligini o‘z hayotida his etib ulgurdi. Masalan, faqat 2017-yilning o‘zida sudlar tomonidan 228 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi, holbuki o‘tgan besh yil mobaynida bor-yo‘g‘i 7 nafar shaxs oqlangan edi.
Dastlabki tergov organlari tomonidan 3,8 mingta jinoyat ishi tugatildi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan kiritilgan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi inson huquq va erkinliklarini ta’minlash yo‘lidagi tub islohotlarning mantiqiy davomidir.
Qonun loyihasi ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda sud-tergov faoliyati jarayonida fuqarolar huquqlarini himoya qilishning qonunchilik asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.
Bu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 noyabrda qabul qilingan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarishning mantiqiy davomidir.
Deputatlar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar va qabul qildilar. Qonun parlament yuqori palatasiga ma’qullash uchun yuboriladigan bo‘ldi.
O‘zbekiston RespublikasiOliy MajlisQonunchilik PalatasiSud-tergov FaoliyatiFuqarolar HuquqlariInson HuquqlariIslohotlar StrategiyasiJinoyat KodeksiProkuratura Qonuni O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar