2026 yil 1 martdan boshlab O‘zbekistonda raqamli markirovka tizimi yanada keng qo‘llaniladi — endi yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlar avtomatik ravishda savdodan chiqariladi. Bu haqda 6 oktabrda qabul qilingan Prezidentning 296-sonli qarorida belgilangan.
Yangi tartibga ko‘ra, agar mahsulotning yaroqlilik muddati tugagan bo‘lsa, unga chek shakllantirish imkoni bo‘lmaydi. Demak, bu kabi tovarlar avtomatik tarzda savdo tizimidan bloklanadi va foydalanuvchiga yetkazilmaydi.
“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga asosan, ishlab chiqarilgan sana yoki yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan, shuningdek, muddati o‘tgan mahsulotlarni qabul qilish yoki sotish mutlaqo taqiqlanadi. Yangi elektron tizim esa bu jarayonni to‘liq avtomatlashtirib, inson omilini kamaytiradi.
Davlat soliq qo‘mitasi ma’lum qilishicha, raqamli markirovka tizimi “Asl belgisi” avtomatlashtirilgan platforma orqali amalga oshiriladi. Ishlab chiqaruvchi va importyor tadbirkorlar mahsulot haqidagi barcha ma’lumotlarni — nomi, miqdori, ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati va boshqalarni — “CRPT Turon” MChJ orqali mazkur tizimga kiritadi.
Chakana savdoda esa mahsulot 2D skaner yordamida o‘qilganda, uning raqamli kodi “Asl belgisi” tizimidagi ma’lumotlar bilan solishtiriladi. Agar mahsulotning muddati o‘tgan bo‘lsa, onlayn-kassa apparati ekranida “Mahsulot yaroqlilik muddati o‘tgan” degan xabar paydo bo‘ladi va chek shakllantirish avtomatik ravishda to‘xtatiladi.
Soliq qo‘mitasi izohiga ko‘ra, bunday holatda mahsulot “bloklangan” deb belgilanadi va do‘kon yoki ishlab chiqaruvchi uni hisobdan chiqarishi lozim bo‘ladi. Buning uchun majburiy inventarizatsiya o‘tkazilib, maxsus dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Mahsulotning qiymati esa korxona xarajatlariga kiritiladi.
Masalan, buzilib qolgan yoki yaroqsiz holatga kelgan mahsulotlar “9430-schyot” orqali boshqa operatsion xarajat sifatida hisobdan chiqariladi. Bu hisob-kitob tizimi orqali barcha jarayon qonuniy va shaffof shaklda amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, raqamli markirovka majburiy qilib joriy etilgan mahsulotlar ro‘yxatiga quyidagilar kiradi:
– dori vositalari va tibbiy buyumlar;
– suv va salqin ichimliklar;
– maishiy texnika mahsulotlari;
– mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalari.
Yangi tizimning joriy etilishi nafaqat iste’molchilar xavfsizligini ta’minlaydi, balki bozordagi noqonuniy mahsulot aylanishiga ham chek qo‘yadi. Mutasaddilar ta’kidlashicha, bu chora tovar sifatini nazorat qilish va sog‘lom raqobat muhitini yaratishda muhim qadam bo‘ladi.
Shunday qilib, 2026 yildan boshlab har bir mahsulotning yaroqlilik muddati nafaqat qog‘ozda, balki raqamli tizim orqali ham qat’iy kuzatiladi — bu esa savdoda shaffoflik va mas’uliyatni yangi bosqichga olib chiqadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!