20:23 / 22.02.2018
3 543

Xorijdagi iqtidorlarimiz qaytadimi?

Xorijdagi iqtidorlarimiz qaytadimi?
Xavotir
Prezident xorijda faoliyat yuritayotgan iqtidorli mutaxassislarimizni vatanga qaytishga da’vat qilmoqda. Chunki ular bizning bebaho intellektual boyligimiz. Shuning uchun yurtimizga qaytib, xalqimizga naf keltirishini hammamiz birdek istaymiz. Lekin, tan olaylik, ich-ichimizdan xotirjam emasmiz. “Ular qaytarmikan?” degan savol yuragimizni g‘ijimlab turibdi. Keyingi savollar esa bunisidan ham xavotirliroq: “Mabodo qaytib kelishsa... ularning qadriga yeta olamizmi? Qayta yo‘qotib qo‘ymaymizmi?”.

Bu savollarga javob topish uchun esa avvalo “Ular nega ketib qolishgan edi?” degan boshqa bir muhim masalani birgalikda chuqurroq o‘ylab ko‘rishimiz kerakka o‘xshaydi.

O‘z kuchimizga ishonmay qo‘ygan edik...
Taraqqiyot g‘ildiragi juda tez aylanayotgan bugungi zamonda jamiyat uchun naf keltiradigan, xalqning iqtisodiy va ma’naviy manfaatlariga mos keluvchi har qanday g‘oya (hatto uning foydali ekanligi hali isbotlanmagan bo‘lsa ham) dunyoda juda qimmat intellektual boylik sifatida e’zozlanishini yaxshi bilamiz. Ammo biz uzoq yillar davomida nafaqat g‘oya, hatto qanchadan-qancha kuch sarflangan yirik-yirik loyihalarni ham e’tiborsiz tashlab yubordik va bunga ko‘nikib ham ketdik!

Bu ko‘nikma esa bora-bora odamlarda tashabbuskorlikning so‘nishiga olib keldi. Ya’ni xalqning ongiga shaxsiy g‘oyalarni baribir amalga oshirib bo‘lmaydi degan tushkun kayfiyat singdi. Ayniqsa, moddiy imkoniyati past, amaldorlar orasida tanish-bilishi yo‘q bo‘lgan odamlarning o‘z takliflarini amalga oshirishga mutlaqo ko‘zi yetmay qoldi. Natijada iqtidorli yurtdoshlarimizning bir qismi xorijga ketishga majbur bo‘ldi.

Shukurki, bugun bu xatolarimizni anglab yetayapmiz. Hech bo‘lmaganda ularni o‘z nomi bilan atashga o‘rganayapmiz. Muammolar yechimiga yo‘l ochilmoqda. Ammo, bir haqiqat borki, hafsalasi pir bo‘lgan, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan odamni qayta umidlantirish oson emas. Biz bugun inson tabiatiga xos xuddi mana shu unsurning azobini tortayapmiz. Keyingi bir yildan ortiqroq vaqt ichida amalga oshirilgan ulkan islohotlar ham ishonchsizlik kayfiyatini tub-tubidan qo‘porib tashlay olmayapti...

Muammoning ildizi qayerda?
Muammoni his qilgan odamning xayoliga eng avvalo “Xo‘sh, nima qilish kerak? Bu dardni qanday bartaraf etish mumkin?” degan savollar kelishi tabiiy. Ularga javob izlanganida esa boshqa savollar tug‘iladi: “O‘zi bunday holatga qanday kelib qoldik? Muammoning ildizi qayerda?”.

Savollar shu tarzda paydo bo‘laveradi. To‘g‘risi ham shu — bunday yirik muammolar yechimi chuqur ilmiy tadqiqotlarni talab qiladi.

Ha, asosli va ilmiy tadqiqotlar kerak. Bizningcha, yuqorida qayd etilgan muammoning sabablaridan biri ham aynan ilmiy tadqiqot yuritish tizimining mamlakatimizda ijtimoiy hayotdan va ishlab chiqarishdan uzoqlashib ketgani bilan bog‘liq edi.

G‘oyamizni asoslashga qodirmizmi?
Gap shundaki, jamiyatga foydasi tegishi mumkin bo‘lgan biron g‘oya yoki ixtironi taklif qilgan qanchadan-qancha odamlarimizdan foydalanish o‘rniga biz ularni o‘sha g‘oya yoki ixtirosining foydali ekanini isbotlab berishga majbur qildik va ular o‘z yog‘iga qovurilib, bu yo‘lda adoi tamom bo‘lishdi (ularning faqat bir qismigina xorijga chiqib ketishni epladi, xolos). Zero, ular o‘z taklifining samarali ekanini isbotlash uchun aslida amaldagisining samarasizligini isbotlab berishi kerak edi. U bechoraning qo‘lida esa amaldagi tizim haqidagi ma’lumotning o‘zi yo‘q. Chunki u ma’lumotlarga egalik qiluvchi manbalar, odatda, gung va soqov. Ya’ni oddiy mantiq — isbotlamasang keragi yo‘q, isbotlashning esa imkoni yo‘q...

Rost-da, insof bilan aytaylik, rasmiy fakt va dalillarsiz biron narsani isbotlab bo‘ladimi? Ayniqsa bizning idoralarga. Odamlar turli g‘oyalar bilan murojaat qilib turadigan idoralardan birida ishlab ko‘rgan xodim sifatida bu jarayonni qaysidir yaxshi amaldor, hatto yaxshi idora ham o‘zgartira olmasligiga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz.

Gapimiz quruq bo‘lmasligi uchun aytaylik, jamoa bo‘lib qanchadan-qancha takliflarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilib ko‘rganmiz. Ulardan ayrimlarining hatto butun bir soha miqyosida, hukumatning yuqori lavozimli amaldorlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ham erishdik. Ammo har safar loyihani amalga oshirish uchun mablag‘ ajratish masalasiga yetib kelinganida butun sa’y-harakatlarimiz barbod bo‘laverardi. Chunki davlat byudjetidan sarflanadigan mablag‘ni olish uchun kerakli joylarda uni asoslab berish lozim. Bu esa doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishdek gap. Bir ishi tushgan odam buni yaxshi biladi. Ayniqsa qo‘lingizda ishonchli faktlarning o‘zi bo‘lmasa...

G‘oya egasiga yordam kerak!
Bu misol bilan hamma muammo mablag‘ ajratuvchi idoralarda demoqchi emasmiz. Aslida davlat byudjetining noo‘rin sarflanmasligini ta’minlashga mas’ul idoralar bu borada talabchan bo‘lishlari ham kerak. Biz e’tiboringizni boshqa bir masalaga, o‘rtada muhim bir bo‘g‘inga ehtiyoj borligiga qaratmoqchimiz. Ya’ni qaysidir vazirlik, idora, hatto fuqaroning murojaatiga asosan biron-bir g‘oyaning, tashabbusning qanchalik samara berishini ilmiy asosda o‘rganadigan tadqiqotchi muassasalar zarur. Tayyor g‘oyalarni, hatto ming azob bilan hujjat to‘plab, samaradorligini ham isbotlashga erishgan loyihalarimizni ko‘targancha sarson-sargardon bo‘lgan paytlarimizda ana shunday bir dargohning yordamini qanchalar xohlaganimizni bugun so‘z bilan ifodalab berolmaymiz.

Tadqiqot markazlari nega jim?
Kimdir bu gaplarimizni darhol rad qilib, bizda qancha ilmiy-tekshirish va axborot-tahlil muassasalari faoliyat yuritishini ro‘kach qilishi mumkin. Ammo biz bu tizimdan ham foydalanishga harakat qilib ko‘rganmiz. Afsuski, ularning hech biri shartnoma asosida sizning g‘oya yoki taklifingizni ilmiy tadqiqot qilib berishni bo‘yniga olmaydi. Yana savol — nega? Buning tub sabablarini yaxshi bilmasmiz balki, faqat muloqot chog‘ida anglaganimiz shuki, avvalo ilmiy-tadqiqot muassasalari “o‘zboshimchalik” bilan bunaqa shartnomalar tuzishga vakolatli emas (bilishimizcha, tadqiqot mavzulari ham qayerlardandir ro‘yxatdan o‘tishi kerak). Qolaversa, yana bir hadik bor — xulosalari “yuqori”da kimlargadir ma’qul kelmay qolishi mumkin. Soddaroq qilib aytganda, kimlarningdir dumini bosib, tirikchilik manbaiga zarar yetkazib qo‘yish ehtimoli mavjud...

Mayli, bunday mavhum narsalarga chalg‘imaylik (zero, buni isbotlab ham bera olmaymiz). Ilmiy tadqiqotlarga g‘ov bo‘layotgan ochiq-oydin muammolar ham talaygina. Shulardan biri ma’lumotlar tanqisligidir. Axir tadqiqotda foydalanilayotgan manbaning o‘zi ishonchli bo‘lmasa bunday tadqiqotning xulosasiga qanday ishonish mumkin? Prezidentimiz aytganday “kimlardir o‘tirib olib chizgan” statistikaga tayanib, yana uning yolg‘onligini bila turib ilmiy tadqiqot olib borish mumkinmi axir?..

Nega ayrim idoralardan ma’lumot olib bo‘lmaydi?
Shu o‘rinda ikki og‘iz so‘z ma’lumotlar va statistika haqida. Bizda aslida bu borada jiddiy huquqiy-me’yoriy baza yaratilgan. Ayniqsa 2014 yilda qabul qilingan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun bilan xohlagancha faxrlansak arziydi. Ammo u negadir ko‘ngildagidek ishlamayotganday. Chunki nafaqat fuqarolar, hatto manaman degan jurnalistlarning ham vazirlik va idoralardan o‘zlari izlagan ma’lumotni ololmay sarson yurganlariga ko‘p duch kelganmiz. Yana savol — nega?

Buning ham sabablari ko‘p. Eng achinarlisi esa, bizningcha, qonunning o‘zi bilan bog‘liq muammolar ham bor. Masalan, uning 3-moddasida ushbu qonunning qo‘llanish sohasi “taqdim etilishining o‘ziga xos xususiyatlari boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyatiga taalluqli bo‘lgan (ta’kidlar bizniki — muallif) axborotning ayrim turlariga nisbatan tatbiq etilmaydi” degan band bor. Ya’ni ana shu turdagi axborotlarning ochiq emasligi aytilayapti bu yerda. Ammo, eng e’tiborlisi, aynan qaysi qonun hujjatida nazarda tutilgan axborotlar va davlat organlari faoliyatiga doir qaysi turdagi axborotlar ochiq emasligi mavhum. Bu esa davlat idorasiga xohlagan ma’lumotni yashirishi uchun juda katta imkoniyat beradi. Ya’ni bir amaldor siz so‘ragan ma’lumotni qaysidir bir sabab tufayli berishni istamadi deylik. Shunda u so‘ragan ma’lumotingizning idora faoliyatiga taalluqli bo‘lgan axborot ekanligini aytib, yuqoridagi moddaga havola qilib qo‘ysa, tamom-vassalom.

Siz davlat sirini so‘ramayapsizmi mabodo?
So‘ralgan ma’lumotni berishni rad qilishning yana bir oson yo‘li bor — uning “yopiq ma’lumot” ekanini ro‘kach qilish. Siz uning rostan xavfsizlikka aloqasi bor-yo‘qligini bilmaysiz, bilolmaysiz ham. Axir qo‘lingizda buni ajratib beruvchi hujjatning o‘zi yo‘q. Shunda umid bilan “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi qonunni varaqlaysiz. Lekin uning 1-moddasiyoq hafsalangizni pir qiladi: “Davlat tomonidan qo‘riqlanadigan va maxsus ro‘yxatlar bilan chegaralab qo‘yiladigan alohida ahamiyatli, mutlaqo maxfiy va maxfiy harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va o‘zga xil ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasining davlat sirlari hisoblanadi”. Xo‘sh, qani o‘sha “ro‘yxatlar”?

Bilmadim, balki davlat siri bo‘lgan axborotlar ro‘yxati qaysidir idorada rostan ham bordir. Ammo biz uni topa olmaganmiz. Qonunda ham o‘sha ro‘yxatning ochiq yoki yopiqligi yozilmagan. Xullas, yana savol paydo bo‘ladi: agar shu ro‘yxatning o‘zi ochiq bo‘lmasa “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun o‘z vazifasini qanchalik bajara oladi?

Yangi vazirlik muammoni bartaraf eta oladimi?
Ming bor uzr, kalavaning uchini izlayman deb uning o‘zidan uzoqlashib ketdik chog‘i. Mavzuga qaytamiz. Xullas, biz g‘oya va takliflarning asosli ekanini tasdiqlay oladigan yordamchi izlayotgan edik...

Shukurki, o‘tgan yilning oxirida bu borada juda katta qadam tashlandi — Prezident farmoni bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi. Bundan maqsad — “ilg‘or xorijiy tajriba, jahon fanining zamonaviy yutuqlari, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal innovatsion rivojlantirishni ta’minlash”dir. Ayniqsa, vazirlik nizomida “innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalari hamda boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi” deb aniq-tiniq belgilab qo‘yilgani umid uyg‘otadi. Demak, bu vazirlik biz yuqorida sanab o‘tgan muammolarni bartaraf etishga bevosita mas’ul. Faqat keng jamoatchilik bu borada o‘z taklif-mulohazalari bilan yordam berib turishi lozim. Zero, vazirlik oldida turgan vazifalar juda og‘ir va ularni cheklangan sondagi xodimlar bilan birdaniga amalga oshirish oson bo‘lmaydi.

Tizimlararo integratsiya nega cho‘zilayapti?
Shu o‘rinda Innovatsion rivojlanish vazirligining yana bir muhim masalaga jiddiy e’tibor qaratishini istardik. Bu — davlat idoralarida joriy etilgan va etilayotgan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarining o‘zaro integratsiyasi masalasi. Bugun juda katta mablag‘lar evaziga yaratilgan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalaridan o‘ta tor doirada va juda samarasiz foydalanilmoqda desak, xato bo‘lmas. Hammaga tushunarli bo‘lishi uchun misol tariqasida Davlat soliq qo‘mitasining soliq to‘lovchilarga doir axborot to‘plangan ma’lumotlar bazasini olaylik. Qo‘mita jismoniy va yuridik shaxslar shu bazadan erkin foydalanishi uchun imkon yaratib, qulay interaktiv xizmatni yo‘lga qo‘ygan. Ya’ni har bir soliq to‘lovchi o‘z identifikatsion raqami(STIR)ni onlayn tarzda ko‘rishi, hatto qog‘ozga chiqarib olishi ham mumkin. Ammo aksariyat idoralar haligacha fuqarodan STIR to‘g‘risida soliq inspeksiyasi ma’lumotnomasini olib kelishini talab qilaveradi. Bunday misollar esa, afsuski, talaygina.

Tizimlararo integratsiya yo‘lga qo‘yilmasligining sababi haqida ham shuni aytishimiz mumkinki, davlat idoralari bu borada odatda “och qornim — tinch qulog‘im” qabilida ish tutmoqda. Ya’ni o‘zi egalik qiladigan ma’lumotlar bazasidagi axborotdan boshqalarning onlayn tarzda foydalanishini istamayapti. Bunga bir tomondan ularning o‘z ma’lumotlariga ishonmasligi (inson faktori bor, xodimlar nimalarnidir noto‘g‘ri kiritib qo‘yishlari mumkin, bu ertaga boshimga balo bo‘ladi degan xavotir) sabab bo‘lsa, boshqa tomondan ma’lumotlarni, hisobotlardagi raqamlarni kerak paytda o‘zgartira olish imkoniyatidan mahrum bo‘lib qolishdan cho‘chiydilar. Bundan tashqari, integratsiya mohiyatini yaxshi tushunmaslik, ortiqcha xarajatdan qochish, hatto oddiy layoqatsizlik va loqaydlik kabi sabablar ham yo‘q emas.

Shu o‘rinda yana misol. Biz bir idoraning axborot tizimini yaratib, fuqarolarga qulaylik yaratish uchun uchta davlat idorasining bazasiga bog‘lanishga urinib ko‘rganmiz. Agar shu ishni amalga oshirsak, idoramizga murojaat qiladigan yuridik va jismoniy shaxslar uchta hujjatni taqdim qilish yukidan xalos bo‘lar edi. Shu bois bu taklifimiz hukumat miqyosida qo‘llab-quvvatlanib, hatto hukumat yig‘ilishi bayoniga ham kiritildi. Ammo shuncha mehnatimizga achingancha, hafsalamiz pir bo‘lgancha qolaverdik. Shunday paytlarda bizning ham hammasiga qo‘l siltab xorijga chiqib ketgimiz kelgan. Lekin Dehqonobod tog‘lari orasidagi maktabda chet tili o‘qitilmagani oyog‘imizga tushov bo‘lgan (darvoqe, o‘sha tomonlarda haliyam chet tili o‘qituvchisi yo‘q...). Kuchimiz esa alal-oqibat o‘sha idoradagi kamtarona vazifani tark etishga yetdi. O‘sha paytda chala qolgan ishlarni yakunlab qo‘yish mumkinligiga mana endi umid uyg‘onmoqda. Biroq qaytib borishga bet chidamayapti. Balki bir kuni prezident “ilojsizlikdan loyihalarini chala tashlab ketganlar ham joyiga qaytib borib yakunlab qo‘ysin” deb qolsa, shu gapni dastak qilib borib qolarmiz ham... Hozircha muhimi bu emas, avval xorijga ketganlarni qaytarib olishimiz zarur!..

Xorij tajribasini o‘rganishga ham mexanizm kerak!
Darvoqe, xorij haqida gap ketar ekan, bu masalada ham dardimizni aytib qolmasak bo‘lmas. To‘g‘rirog‘i, xorijiy tajribani o‘rganish masalasida. Bir safar biz Vazirlar Mahkamasida o‘z loyihamiz taqdimotini o‘tkazar ekanmiz, hukumat rahbariga ishlarimiz manzur bo‘lib, shu yo‘nalishda xorij tajribasini o‘rganish taklifini kiritdi. Yordam berishi uchun mutasaddi idoralarga ko‘rsatmalar ham berdi. O‘shanda qanchalik xursand bo‘lganimizni bilsangiz edi... Ammo hukumat majlisi bayonidagi topshiriqning ijrosini so‘rab o‘sha idoralarga ko‘p marta murojaat qilishimizga qaramasdan, yillar davomida hech bir natija chiqmadi.

Tabib tabib emas, boshidan o‘tkazgan tabib deganlaridek, o‘sha voqea sabab biz xorij tajribasini o‘rganish masalasida ham mamlakatimizda aniq bir tartib (mexanizm) yo‘qligiga amin bo‘lgandik. Shu bois yaqinda davlat rahbari tuman hokimlariga xorijga chiqib tajriba o‘rganib kelish haqida ko‘rsatma berganida ko‘nglimizdan davlatning puliga tekin tomosha qilib keladiganlar ko‘payib ketmasmikan degan xavotir o‘tdi. Yo‘q, bezovtaligimiz hokimlarga ishonmaganimizdan emas, balki bu jarayon aniq bir mexanizm asosida yo‘lga qo‘yilmasa xorijdan foydali tajribani o‘zlashtirib kelish oson bo‘lmasligini bilganimizdan.

Xorijga tajriba almashish uchun boradigan hokimlar bir-ikki haftada jo‘yali bir natija bilan qaytishi qiyin. Bizningcha, bunday safarlar avvaldan tuzib olingan aniq dastur asosida, mukammal shakllangan jamoa bilan (ular orasida albatta tadqiqotchilar, o‘rganilgan tajribani jamoatchilikka yetkaza oladigan targ‘ibotchilar bo‘lishi shart) tashkil qilinmasa, erishilgan natija faqat hokimlarning dunyoni ko‘rgani bo‘ladi xolos. Shunday ekan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda xorij tajribasini o‘rganishning samarali tartib va mexanizmi yaratilishi lozim deb hisoblaymiz.

Tekin grantlar havoga uchmasligi kerak!
Shu mavzuda yana bir masala bor. Biz xorijning tekin loyihalari, grantlaridan ko‘p bora o‘ta samarasiz foydalanilganiga ham guvohmiz. Deylik, grant doirasida biron yo‘nalish bo‘yicha 10 kishi tajriba almashishga chaqirilsa, uning taqdirini bunday aloqalarga mutasaddi bo‘lgan, ammo grantga tegishli sohadan butunlay yiroq idora odatda o‘z bilganicha hal qilib yuboradi. Ya’ni grant loyihasiga aloqador sohadan nomiga ikki-uch kishi olinadi, xolos. Qolganlarning kimligini, qaysi sohadan ekanligini birov bilib, birov bilmay qolaveradi. Natijada o‘sha ikki-uch mutaxassis ham haftalab davom etgan safardan qaytgach xorijda nimalarni ko‘rgani, qanday mehmon qilishgani haqida og‘iz ko‘pirtirishdan nariga o‘tmaydi. Ko‘rganlari, o‘rganganlarini bizda ham joriy etish haqida na ular o‘ylaydi, na rahbarlari ulardan talab qiladi. Shu tariqa xorijiy tashkilotlar taqdim etgan grantlar, imkoniyatlar havoga sovurilaveradi.

Xorijdagi yurtdoshlarimizning qaytishiga asos bor!
Xullas, yuqoridagi mulohazalarimizdan ham ko‘rinib turibdiki, xorijdagi yurtdoshlarimizning vatanga qaytishiga asos bor. Chunki biz ularni ketishga majbur qilgan sabablarni bilamiz, bilmaganlarimizni esa izlayapmiz, eng muhimi, ularning yechimi sari dadil qadamlarni allaqachon tashlaganmiz. Nazarimizda, shuning o‘zi vatanparvar yurtdoshlarimizni ruhlantira oladi. Zero, ularning qalbidagi yillar mobaynida ulg‘aygan orzular, sog‘inchlar junbushga kelishi uchun ozgina uchqun ham yetarli. Demak, ular qaytadi!
Nurbek Toshniyoz

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xorijdagi iqtidorlarimiz qaytadimi?