20:20 / 03.03.2018
6 509

Qiz tomonga to‘y qildirsang — “qum” yeysanmi uylanib?!

Qiz tomonga to‘y qildirsang — “qum” yeysanmi uylanib?!
Sarpo, buyum olishni qiz emas, kuyov bo‘lmish “buyurtma” qilayapti!
Dushmanlar kuyib o‘lsin
Bugun yana to‘y, nikoh to‘ylari haqida gaplashamiz. Bugun nikoh to‘ylarining qaysi tomonga qarab ketayotgani haqida gaplashamiz. Bugun to‘ylarni ixchamlashtirish, kamchiqim qilib o‘tkazish to‘g‘risidagi qator qonun-u, qoidalar, davlat yoki diniy idoralar chiqargan tavsiyalar haqida gaplashmaymiz. Bunday qarorlar ko‘paygani sari to‘ylar “mahallada duv-duv gap” bo‘lib ketayotgani sir emas. Bugun o‘zimizga, aziz mushtariy, o‘zingizga sal naridan nazar tashlashni istadik.

Kuyovlarning sultoni
Maqolani yozishga “xabar.uz” saytida e’lon qilingan ustoz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratdan meros qolgan maqola mutolaasi sabab bo‘ldi. Bir voqeiy hikoya yodimga tushdi. Andijonlik A.Yunusovning “Kuyovmisan kuyov” degan lavhasi o‘sha hikoyada bozorga kuyovlik sarpolarini xarid qilgani ketayotgan yigit onasiga iddao qiladi: “Qudalaringiz besh yuz dollar bersa, ko‘nib, olib qolaverdingizmi? Bu arzimas pulga endi tuzukroq kiyim olib bo‘ladimi? Kecha qiz bilan uchrashib, qanaqa televizor olishlarini ham, qanaqa mebel olishlarini ham ko‘rsatib qo‘ydim. Shunday qilmasam, o‘zimizda chiqqan biror xashaki mebel bilan, modadan qolgan televizor olishdan ham qaytmaydi ularingiz. O‘qituvchilar oilasi ekan, deysiz, qo‘lidan kelsa, to‘y qilsin! O‘zi ular jon desin, o‘qigan qizlarini olishga rozi bo‘lganimga!”

E’tibor qildingizmi, o‘qimagan yigitga tegishga oliy ma’lumotli qiz emas, unga uylanishga besavod yigit noz qilayapti!

E’tibor qildingizmi, sarpo, buyum olishni qiz emas, kuyov bo‘lmish “buyurtma” qilayapti?

Bunaqa “Kuyovlarning sultoni” boshqa yurtda ekan, deb o‘ylayapsizmi? Sizning yon-atrofingizdagi uylanayotgan yigitlar qanaqa? Alpomishmi? Rustammi? Mardmi? Yoki...

Bizning “Sulton kuyov”
Yaqin qarindoshim o‘g‘il uylantiradigan bo‘ldi. Oldin sovchilikka bordik. Bir to‘y bo‘ldi. “Non sindirish” qilishdi. Bir to‘y bo‘ldi. Fotiha bo‘ldi. Bir to‘y bo‘ldi. Hammasi restoranda. Hammasida ashulachilar bor. Hammasida qarindoshimning hamma qarindoshlari jam bo‘lishdi. “Insof bilan, qarindosh, juda to‘y ko‘payib ketmayaptimi?” dedim. “E, ishingiz bo‘lmasin, qudalarim chet eldan dollarni supurib olib kelishayapti, davlati kamayib qolmaydi”, dedi qarindoshim.

To‘ydan oldin qarindoshnikiga borsam, hovli adog‘idagi bir uy, bir dahlizga ko‘chib o‘tishibdi. To‘rt xonali katta uyni ship-shiydam qilib qo‘yishibdi, na gilam bor, na parda. “Ha, uylaringga o‘g‘ri tushdimi?” so‘radim ajablanib. “Kelinga bo‘shatib berdik, bir to‘ldirib, jihozlasin”, dedi qarindoshim. Haqiqatdan ham, kelin tomondan kelgan odamlar bir hafta mehnat qilib, to‘rtta uyni ham mebel, gilamlar bilan to‘ldirishdi, pardalar ilishdi. Ularning boshida turib, qo‘lini beliga tirab olgan qarindoshimning ayoli hali uni, hali buni buyurishdan charchamas edi. Uning topshirig‘i bilan eng so‘nggi rusumdagi televizor, kir yuvish mashinasi, changyutgich, dazmol, elektr go‘sht qiymalagich, elektr duxovka, mikroto‘lqinli pech, sok siqadigan mashina, oshxona kombayni degan narsalarni keltirishdi. Bir yuk mashina idish-tovoq kelgan kuni borib qolib, og‘zim ochilib qoldi, “Madonna” deb ataladigan kosa-tovoq, choynak piyolalar to‘plamidan tashqari, ularning ichida choy qoshig‘u, sabzi to‘g‘raydigan taxtagacha bor edi. Yangi gaz plitasi oldirishgani ko‘rib, odamning nafsi hech qachon to‘ymasligiga amin bo‘ldim.

Xullas, to‘y ham bo‘ldi. To‘ydan keyin qarindoshim yana o‘z uyiga qaytdi. Kelin olib kelgan divanlarda malikalarday yastanib, kelindorlik qilishini boshladi. “Kelin, manti yegim kelayapti”, “Kelin, palov yeyman”, “Kelin, charchab keldim, oyoq-qo‘llarimni bir uqalab qo‘ying!”

Kelin bolali bo‘lganda qudalar kuyovlarining ishyoqmasligini, ta’magirligini bilib qolishdi. Bolaga beriladigan go‘daklar ovqatini ham “Otangga ayt, otang olib kelib bersin”, deyishi ularning sabr kosasini to‘ldirdi.

Muxbir sifatida kaminani ham muzokaraga chaqirishdi. Men qarindoshimning o‘g‘liga nasihat qilmoqchi bo‘lib, “Jiyan, sevib uylangan edingiz, endi hurmatini qilsangiz, hech bo‘lmasa, o‘zingizning go‘dagingiz yeydigan ovqatni olib kelib bersangiz bo‘lmaydimi?” desam, ko‘zimga baqrayib turib, “Qanaqa sevgi? Men bularning boyligi uchun qizlariga uylanganman. Qizlari to‘ydan keyin bizni ham Amerikaga yuborishadi, degani uchun uylanganman. O‘zim kasha olib keladigan bo‘lsam, prostoyroq odamning qizini ham olib qo‘yaverar edim”.

Sulton kuyovning ana shu gapi qaynotasining sabr kosasini toshirib yubormadi, sindirdi. To‘rtta yuk mashinasi va mardikor bozordan mardikorlarni olib kelib, qarindoshimning uyini to‘ydan oldin men ko‘rgandek qilib, “yalang‘ochlab” ketdi. Endi rostdan ham, qarindoshimning uyi o‘g‘ri urgandek bo‘lib qoldi...

Mulla bobo nima deydi
“Imomlarning aytganiga qavm amal qilmay qo‘ysa, imomlarning g‘arib bo‘lgani shu”, debdilar payg‘ambarimiz alayhissalom. Imomlarimiz esa, bugun bo‘layotgan to‘ylarga bormay ham qo‘ydilar. Chunki ularning aytgan gaplariga amal qiladigan odam qolmadi. Imomlarimiz nikoh to‘yini ikki yoshning nikohlanganini e’lon qilish deydi. Bor-yo‘g‘i shu. E’lon qilish kerak, xolos. Bunda ikkala tarafga yaqin kishilardan o‘n besh-yigirma kishidan to‘planib, shu narsa e’lon qilinsa, bo‘ldi. Buning shukronasiga kichikroq bir ziyofat uyushtirish ham sunnat. Ammo hech qaysi shar’iy kitobda “katta restoranda ming kishini yig‘ib, to‘y bersin, to‘yga poytaxtdan besh-olti ming dollar berib, artist olib kelsin”, degan yozuv yo‘q. Eng qizig‘i, biror kitobda “Uyni kelin bezatsin, kelin gilam olib kelsin, kelin parda ilsin, kelin yangi gaz plitasi olib kelsin” degan yozuv ham yo‘q.

Shariatimiz nikoh to‘yi bilan bog‘liq hamma xarajatlarning kuyov tomon zimmasida bo‘lishini ta’kidlagan! “Non sindirish”mi, fotihami, to‘ymi, hammasini kuyov tomoni qiladi. Kelinni shuncha yil voyaga yetkazgani, tarbiyalagani, imkon topganlari o‘qitib, ma’lumotli qilgani uchun uning ota-onasiga rahmat aytish, mukofotlash o‘rniga uni mayib qilish, bo‘yniga shuncha xarajatni “ilish” musulmon odamning ishi emas. Mard odamning ham ishi emas. Kelin tomonga “Non sindirish” to‘yini, fotiha to‘yin, to‘ydan keyin “Charlar” to‘yini qildirib, avtobus-avtobus odam olib borib, to‘y yeb kelayotgan kuyov tomon bilib qo‘ysin, o‘sha marosimlarda yegan taomlari Qiyomat kuni ularning bo‘g‘zidan tutadi!

Hamma zamonlarda ham kelin olish sharaf hisoblangan. Bir xonadon o‘n sakkiz-yigirma yil bag‘rida voyaga yetkazgan qizini rozi bo‘lib, sizning xonadoningizga kelinlikka berishining o‘zi jasorat va taqdirlanishga arziydigan ish. Qizlarning tarbiyasi yengil ish bo‘lmaganidan payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarida qiz boqqan onalarga jannat va’dasini berganlar. Bugun uylanayotgan “sulton kuyovlar” esa qizning ota-onasini mukofotlash o‘rniga ularni “tunab” kelmoqdalar, bor-budini shilib kelmoqdalar. Kamiga to‘ydan keyin o‘zlarining “o‘liklarini” ularning ustiga ortib olmoqdalar.

Nikohdagi farzlardan biri mahr bo‘lib, bugun ko‘pchilik bu narsaning nimaligini ham bilmaydi. Vaholanki, mahr tayin qilinmasa, nikoh nikoh bo‘lmaydi. Barcha zamonlarda qizning mahri odatda barcha kerakli jihozlari bilan yasatilgan bir uy, bir dahliz bo‘lgan. Mahr abadiy kelinning mulki hisoblangan. Erkak bir kuni ayoli bilan yashashni istamasa, javobini berib, choponini yelkasiga tashlab, uydan chiqib ketgan. Shuning uchun ham oldin ajrashishlar oz bo‘lgan. Qo‘lidan kelgan erkak ajrashgan-da. Hozir-chi? Imomlar “Qizning mahriga nima va’da qildingiz?” deb so‘rashsa, kuyovlar “Bitta uzuk”, deyishadi. Yuz-ikki yuz ming so‘m turadigan uzuk evaziga uylarini kelin olib keladigan jihozlar bilan to‘ldirib olishib, kamiga, kelin olib bergan kiyimlarni kiyib, kerilib yurishadi. Yoqmay qolsa, kelinni haydab yuborib, yana bitta qizga uylanishadi. Yana bitta uzuk olish qiyin emas-da!

Ana endi bitta savolni aynan kuyovlarga, sulton kuyovlarga bermoqchiman:

Uyingda gilaming bo‘lmasa, derazangda pardang bo‘lmasa, yotog‘ingda mebeling bo‘lmasa, oshxonangda gaz plitang, idish tovog‘ing bo‘lmasa, qo‘pol bo‘lsa, kechirgin-u, “qum” yeysanmi, birovning qiziga uylanib? Sabzi taxta olishga kuchi yetmagan erkakka kim qo‘yibdi uylanishni? Birovning qiziga baxt berolmasang, o‘zing yasatib qo‘ygan uyingda, o‘zing olib bergan karavotlarda, o‘zing olib bergan ko‘rpa-to‘shaklarda yayratmasang, noma’qul yeysanmi, uylanib?


So‘ngso‘z o‘rnida
Mana shu maqolani olib qo‘ying! Iloji bo‘lsa, ramkaga solib qo‘ying!

Qonun, qaror, tavsiyaga amal qilmaysiz. Odamning o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi kerak. Odamning ori bo‘lishi kerak.

Kelin olmoqchimisiz? To‘ydan oldin mana shu maqolani yana bir marta o‘qib chiqing! Kelin bahona uyingizni mebelga, gilamga, pardaga, jihozga to‘ldirib olmoqchi bo‘lsangiz, marhamat, yurtimizda boylar kam emas, ularning qizlari ham bor. O‘g‘lingiz noz qilmay, ularning qizlariga uylanishga rozi bo‘lsa, bas. Boylar qiziga qo‘shib, o‘g‘lingizga mashina ham, uy ham berishadi. Chunki siz o‘zingiz aqalli choynak-piyola ham ololmaydigan Xudo urgan noshud odamsiz, bechorasiz, g‘aribsiz!

Boy bo‘lsangiz-u, “Mahallada duv-duv gap bo‘lsin, dushmanlarim kuyib o‘lsin!” desangiz, katta restoranlarda dabdaba bilan to‘y qiling. Besh-olti ming dollarga artist olib keling. Artistlarning o‘n ming dollarga keladigini, ellik ming dollarga keladiganlarini ham mana, biz topib beramiz sizga!

Ammo to‘ydan maqsad o‘g‘il uylantirish, naslingizni davom ettirish bo‘ladigan bo‘lsa, o‘z uyingizda, imkoningiz ko‘tarmasa, kichikroq oshxonada ellik-yuz kishiga ziyofat berib, kelin oling. Ammo kelin kelguncha uyga gilam to‘shab, derazaga pardani o‘zingiz ilishni unutmang!

Uylanishga shaylangan yigit! Boyni poylama! Kimning qizini olsam, bir nimali bo‘lib qolaman, dema! Birovning qizini olib, baxtli qilolmasang, uni o‘zing boqolmasang, hali “katta bo‘lguningcha” kutib tur!


Uylanishga qaror qildingmi? O‘zing uylan! Sevib uylan!

Uylandingmi, kelinning yeyish-ichishi, kiyinishi, ilm olishi, dam olishi, kasal bo‘lsa, davolanishi sening zimmangga o‘tadi.

Endi sen erkak bo‘l! Mard bo‘l!
Karimberdi To‘ramurod

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qiz tomonga to‘y qildirsang — “qum” yeysanmi uylanib?!