23:20 / 11.07.2018
3 901

1916 yildagi O‘rta Osiyo musulmonlari isyoni va qirg‘ini (video)

1916 yildagi O‘rta Osiyo musulmonlari isyoni va qirg‘ini (video)
1916 yilning 25 iyunida Rossiya imperatori Nikolay II “g‘ayritabaa aholi”ni front ortidagi ishlarga sarfarbar qilish haqidagi “oliy farmon”ga imzo chekdi. Unda 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan erkaklarni Birinchi jahon urushi fronti ortidagi ishlarga jalb etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, farmon birinchi navbatda Turkiston aholisiga tegishli edi. Bugungi kunda tarixchilar mazkur qarorni qo‘pol va tahqirlovchi deb atashadi.

Farmon O‘rta Osiyoning tub aholisi o‘rtasida keng ko‘lamli qo‘zg‘olonlarning boshlanishiga turtki berdi. “G‘ayritabaa aholi” o‘zini Rossiya imperiyasining to‘laqonli qismi sifatida his qilmas, chunki davlat Turkiston aholisiga o‘z fuqarosi sifatida emas, past tabaqadagi insonlar sifatida qarar edi. Masalan, serhosil yerlar tub aholidan tortib olinib, Rossiyaning markaziy qismlaridan kelganlarga tortiq qilingan holatlar ko‘p bo‘lgan.

Mehnat safarbarligi Ramazon oyi arafasiga to‘g‘ri keldi. Bu esa Turkiston aholisiga aniq signal edi: ularning urf-odatlari va dinlari e’tiborga olinmayapti. Ustiga-ustak, o‘sha kezlar dehqonlar dalada band bo‘lib, hech kim ishini tashlab, o‘zi uchun tushunarsiz bo‘lgan urushga yo‘l olishni istamasdi.

O‘sha damda Turkiston aholisi o‘rtasida norozilik kuchayib bordi. O‘lganning ustiga degandek, yana bir bema’ni farmon chiqarildi: turkistonliklar Rossiya harbiylari va mulozimlarini ko‘rganda bosh kiyimlarini chiqarishlari kerak. Turgan gapki, bu mahalliy odamlarga yoqmadi. Qolaversa, chor amaldorlari ba’zan diniy qadriyatlarga tajovuz qilishdan tap tortmas, hatto hajga borishga taqiqlab qo‘yar edi.

Shundoq ham kambag‘al bo‘lgan aholining iqtisodiy ahvoli tobora yomonlashib borardi. Soliqlar uch-besh baravar oshib ketdi. O‘troq o‘zbeklar va tojiklardan paxta hosilini oshirish talab qilindi. Ko‘chmanchi qozoqlar va qirg‘izlardan esa go‘sht va chorvasi olib qo‘yildi. Soliq yig‘imi zo‘ravonliklar bilan amalga oshirilar edi. Eng yaxshi yerlarning asta-sekin rossiyalik kelgindilar qo‘liga o‘tib borishi turkistonliklarning g‘azabini qo‘zg‘amay qolmadi.

Xuddi shu payt o‘sha mashhur “oliy farmon” chiqdi: 250 ming o‘zbeklar va tojiklar hamda 230 ming qozoqlar va qirg‘izlar front ortidagi ishlarga safarbar etilishi kerak edi. Bu esa yuz minglab oilalarning boquvchisiz qolishini anglatardi. Shundoq qilib, turkistonliklarning sabr kosasi toshdi.

1916 yilning iyulida qo‘zg‘olonlar boshlandi. Qo‘zg‘olonni bostirish uchun artilleriya va pulemyotlar bilan qurollangan 30 ming askar va zobit jalb etildi. O‘sha yilning 22 iyulida Turkiston general-gubernatori lavozimiga general-ad’yutant Aleksey Nikolayevich Kuropatkin tayinlandi. Muammoning ildizini ko‘ra olgan Kuropatkin kundaligida shunday yozgan edi:

“Amaldorlar qirg‘izlarning yer ta’minoti me’yorlarini o‘zboshimchalik bilan belgilashgan, yerlarni shudgorlar, qo‘tonlar, ekinzorlar, sug‘orish tizimlari bilan bo‘lib tashlashgan... Nafaqat ekin ekishga, balki chorva boqishga mos yerlarni ham tortib olishgan. Aynan yerlarni adolatsizlik bilan tortib olish qo‘zg‘olonga olib keldi”.

Biroq generalning xabardorligi qat’iy, ta’bir joiz bo‘lsa, qaqshatqich siyosatga aslo ta’sir ko‘rsatmadi. Jazo otryadlari chinakam qirg‘in o‘tkazdi. General-gubernatorning farmoniga binoan barcha otryadlar huzurida va shaharlarda harbiy-dala sudlari tashkil etildi. Ular ketma-ket qatl hukmlarini chiqara boshladi. Ko‘pincha qo‘zg‘olonchilar hech qanday sudsiz otib tashlangan yoki qo‘riqlab olib ketilayotganida o‘ldirilgan. Tinch aholiga qarshi artilleriya, pulimyotlardan keng foydalangan, butun boshli qishloqlar yoqib yuborilgan.

Pirovardida chor hukumati o‘z oldiga qo‘ygan rejasini bajara olmadi: “g‘ayritabaa aholi”dan 480 ming o‘rniga 100 mingdan ortiq kishi mardikorlikka jo‘natildi, xolos. Yarim million turkistonlik Xitoyga qochib ketdi, minglab insonlar yo‘lda sovuqdan va ochlikdan o‘lib ketdi, tog‘ yo‘llari jasadlar bilan to‘ldi.

1916 yildagi hodisalar munosabati bilan Qirg‘izistonda har yili Tarix va ajdodlarni xotirlash kuni o‘tkaziladi.


Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)