O‘zbekistonda “Toza havo” loyihasi atmosferani toza saqlashga qaratildi

O‘zbekistonda 2026–2030 yillar davrida amalga oshiriladigan «Toza havo» umummilliy loyihasi Prezidentning 25 mart kuni imzolangan farmoni bilan rasman yo‘lga qo‘yildi.
Hujjatda asosiy maqsad – sanoat, energetika, qurilish va transport sohalarida chiqindilarni kamaytirish, shuningdek, tabiiy chang hosil bo‘lishini nazorat qilishdan iborat ekanligi ko‘rsatilgan.
Dastur doirasida atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar hajmini 10,5 foizga qisqartirish rejalashtirilgan. Loyiha yirik sanoat korxonalarida avtomatik monitoring stansiyalari va chang-gaz tozalash qurilmalarini o‘rnatishni ham nazarda tutadi.
Shuningdek, sanoat obyektlarida chiqindilarni ushlab qolish darajasini 32 foizga yetkazish, PM2,5 ko‘rsatkichi bo‘yicha meʼyordan yuqori bo‘lgan kunlar sonini kamaytirish ham ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shuningdek, transport vositalaridan havoga chiqariladigan zararli moddalar hajmini 10 foizga qisqartirish belgilangan.
Loyiha hududlar kesimida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi: dastlab chora-tadbirlar Farg‘ona vodiysida joriy etiladi, keyin esa markaziy hududlarga tatbiq qilinadi. Keyingi bosqichlarda mamlakatning janubiy va g‘arbiy hududlari qamrab olinadi, yakungi bosqichda esa Qoraqalpog‘iston va Xorazmda loyiha to‘liq amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq har oyning 10- va 25-kunlari davlat xizmatchilari xizmat avtomobillaridan foydalanmay, ishga jamoat transporti, velosiped yoki piyoda borishi shart qilib belgilangani ham xabar qilingan edi.
Bu loyiha orqali havo sifati yaxshilanadi, ekologik holat nazorat qilinadi va aholi uchun yana-da sog‘lom muhit yaratiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!