Endi yo‘l qoidalarini buzganlik uchun jazoni avtomobil egasi emas, haydovchi to‘laydi

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik endi avtomobil egasidan haydovchiga o‘tkaziladigan tartib joriy etildi. Ushbu o‘zgarish 30 martdagi Hukumat qarori bilan belgilandi.
Yangi tartibga ko‘ra, 2026 yil 1 aprelidan boshlab, agar transport vositasi boshqa shaxsga fuqarolik-huquqiy asosda boshqarish uchun berilgan bo‘lsa, qoidabuzarlik uchun jarima avtomobilni boshqarayotgan shaxsga rasmiylashtiriladi.
Buning uchun transport egasi va haydovchi o‘rtasidagi munosabatlar rasman qayd etiladi, shuningdek, javobgarlik ham aniq belgilangan bo‘ladi. Egasi Davlat xizmatlari portali yoki maxsus mobil ilova orqali ariza yuborib, boshqaruv huquqini berish muddati va shaxsiy ma’lumotlarni ko‘rsatadi.
Haydovchi esa elektron so‘rovnomani tasdiqlaydi va qoidabuzarlik yuz berganda javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini elektron shaklda rozilik bilan tasdiqlaydi. Bu jarayon elektron raqamli imzo, Mobile-ID yoki Face-ID orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, ushbu xizmatdan foydalanish uchun belgilangan yig‘im mavjud bo‘lib, u bazaviy hisoblash miqdorining 10 foiziga teng qilib belgilangan.
Bundan tashqari, qaror bilan avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi 5 yil muddatga beriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!