15:57 / 19.07.2018
8 046

Kelinlarni murosaga keltirish borasida qaynonalarga 10 maslahat

Kelinlarni murosaga keltirish borasida qaynonalarga 10 maslahat
Ikki kelinim bor. O‘g‘illarim ularni o‘zlari tanlab, men ma’qullaganimdan keyin uylanishgan. Kelinlar chaqqon, pazanda, sarishta. Faqat bir ayblari bor: o‘zaro hech chiqishishmaydi. Kattamni bo‘lak chiqargan edim, ammo ishi yurishmay, biznesi sinib uyini sotishiga to‘g‘ri keldi va bolalarimni yana uyga qaytarishga majbur bo‘ldim. Endi kunda mojaro, hali nevaralarimning o‘rtasiga tushishadi, hali birining rejasi boshqasiga to‘g‘ri kelmaydi... Kelinlarning boshini qovushtirish juda qiyin ekan. Nima qilishga hayronman.
Baxtigul opa, 56 yosh


Ikki-uch oilaning bir uyda ziddiyatlarsiz yashashi juda qiyin. Bekorga «Kundosh kundoshga paxta otsa, ovsin ovsinga tosh otadi», deyishmagan. Ovsinlar orasidagi raqobat bora-bora kundoshlarnikidan ham kuchliroq adovatga aylanib ketganiga misollar ko‘p. Akani ukadan ayirib, uzilmas rishtalar uzilishiga, hatto qorindan talashib tushgan og‘a-inilarning bir-biriga qo‘l ko‘tarib, yuzko‘rmas bo‘lishiga ham ko‘pincha, ayollar o‘rtasidagi adovat sabab bo‘ladi. Lekin janjallashayotgan ikki ayolga faqat uchinchi bir ayolgina bas kelishi mumkin, u — qaynona! Ovsinlararo raqobatni butkul bartaraf etish mushkul, to‘g‘ri. Ammo vaziyatni qo‘lga olish, oradagi raqobatni sog‘lomlashtirib, foydali tomonga burish, ularni bir-biriga ilitish va mehrini kuchaytirish qaynonaninggina qo‘lidan keladi. Kelinlarga bir xil munosabatda bo‘lib, ular orasida tarozu posangisini to‘g‘ri ushlab tura olgan qaynona oila tinchligi garovi bo‘la olishi mumkin.

Quyidagi maslahatlarimiz bir emas, bir necha kelinning boshini uzoq vaqtdan berib qovushtirib, oilada do‘stona muhitni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan tajribali onaxonlarimiz tavsiyalari asosida tayyorlandi.

1. Sizning obro‘yingiz muhim!

Uyda tinchlik, tartib bo‘lishi uchun bir avtoritet, ya’ni obro‘li inson kerak, toki ziddiyat chiqqanda tomonlar uning oldiga borib maslahat, yechim va adolat istasinlar. Kelinlar, odatda, qaynonadan hayiqib turishadi, lekin bu hali hurmat degani emas. Hurmat, bu — o‘sha odamning shaxsiga, tajribasiga ishonish, uning fikrini tinglash va hech bir e’tirozsiz qabul etishdir. Bir kimsa sizning maslahatingizga kirishi uchun avvalo, maslahat jo‘yali bo‘lishi kerak, ya’ni maslahatchining hurmati baland ekani muhim. Kelinlaringiz sizdan shunchaki qo‘rqmay, yurakdan hurmat qilishlari uchun ular bilan sizning orangizda parda bo‘lsin. Masalan, siz bor joyda bir-birlariga baland ovozda gapira olmasinlar, salobatingiz bossin. Buning uchun ancha balandda turishingiz kerak. Ya’ni doim adolatni gapiradigan, jo‘yali maslahat beradigan, dam u, dam bu tomonga og‘maydigan, vaziyatni xolis baholaydigan qaynona yuksak hurmatga loyiqdir. Bir kelin bilan apoq-chapoq bo‘lib, juda yaqinlashib ketsangiz, ertaga ziddiyat chiqsa, uning yonini olib qo‘yasiz va narigisiga nisbatan zulm qilasiz. Shu sababli kelinlardan balandroq turing, ya’ni kibrli emas, tajribali, mulohazali bo‘ling.

2. Bir qozonda ikki kalla qaynamasin

Iloji bo‘lsa, ikki ovsinning uy-joyini bo‘lak qilib berish kerak. Baribir ular bir umr bir tom ostida yashashmaydi, kuni kelib har bir oila o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak. Iloji boricha bu masalani ertaroq, ko‘zingiz ochiqligida hal qiling-da, bu besh kunlik dunyoda tinchgina yashang. Lekin alohida uy-joy qilishga imkoniyat bo‘lmasa, kelinlaringiz bir uyda yashashlariga to‘g‘ri kelsa, ularning ham o‘z hayoti, o‘z olami borligini tan oling va buni kelinlaringizga ham uqtiring. Bir-birining yotog‘iga kirmaslik, maishiy texnikasidan beso‘roq foydalanmaslik va hokazolarni tushuntiring. Imkon topsangiz, bir hovlida turishsa ham ro‘zg‘orlarini bo‘lak qilib bering. Bu bilan mojarolar butunlay tugamasligi mumkin, lekin ikir-chikirlardan chiqadigan, ammo toma-toma asablarni yemiradigan kichik kelishmovchiliklarning oldini olishga muvaffaq bo‘lasiz.

3. Shikoyat boshqa, g‘iybat boshqa


Shunday qilingki, kelinlaringiz sizga bir-biridan shikoyat qilgan taqdirda ham g‘iybat qila olmasin. Shikoyat va g‘iybatning orasida farq katta. Shikoyat qilgan kishining muammosini hal qilish mumkin. G‘iybat esa shaxsning sifatlari ustida boradi. Masalan, keliningiz «Ovsinim yangi kir mashinamga keragidan ko‘proq kir solib yuvib uni buzib qo‘ydi» desa, bu — shikoyat. Ovsinning keyingi safar bunday ish qilmasligi choralari ko‘riladi. Lekin «Ovsinim har kuni eri bilan kechki sayrga chiqadi, nega sizni taklif qilmaydi?», desa bu — g‘iybat, nafaqat g‘iybat, hatto fitnadir. Siz tajribali ayol sifatida ana shu holatni darrov ilg‘ab, unga joyida chek qo‘yishingiz kerak.

4. Siz – yarashtiruv komissiyasiz!

Bir kun janjal chiqqan uydan qirq kun baraka ketishini bilasiz. Ovsinlar orasida gap qochib, kelishmovchilik yuzaga kelsa, uzog‘i bilan bir-ikki kun ularning jahldan tushishi uchun vaqt bering, ammo oradagi taranglik uzoq cho‘zilishiga yo‘l qo‘ymang. Іiyla ishlatasizmi, bir-biridan kechirim so‘ratasizmi, nima qilsangiz qiling-u, ularni tezroq yarashtirib qo‘ying. Chunki arazlashib yuraverishgani sayin orada mojaro ham cho‘zilib, ko‘lami kengayib, pashshadek narsa filga aylanadi. Kelinlaringiz tez yarashib, ginalarni tez unutishga odatlanishsin.

5. Xolis bo‘ling, xolis!

Kelinlarni qilgan ishi uchun koyiydigan bo‘lsangiz, buni bir-biriga sezdirmang. Shunda ularning diliga ozor yetmaydi, gaplaringizni o‘ziga og‘ir olmaydi, aytganingizni qilishi, yo‘rig‘ingizga yurishi oson bo‘ladi, o‘chakishmaydi. Eng muhimi, o‘zingiz bir kelinni boshqasi bilan g‘iybat qilmang. Birinchidan, bu bilan siz ovsinlar orasidagi adovatni kuchaytirasiz, ikkinchidan, o‘rni kelganda adolat qila olmay qolasiz. Chunki kelinga dakki berayotgan paytingiz, u ham jim turmaydi, tunov kuni “dildan” g‘iybatlashilganda aytgan gaplaringizni yuzingizga solib, narigi keliningiz oldida obro‘ngizni to‘kishi mumkin. Juda bo‘lmasa, sizdan olgan gapini imi-jimida ovsiniga va boshqalarga aytmasligiga ham kafolat yo‘q. Dardini tinglang, xulosa chiqaring va bir qarorga o‘zingiz keling.

6. Oilada ham imtiyozlar kerak...

Ishni shunday taqsimlangki, hech biri e’tiroz bildira olmasin. Biri ovqat pishirsa, ikkinchisi idish yuvsin, kattasi bolalarni bog‘chaga olib borsa, kichigi olib kelsin. Bunda siz kelinlarning sog‘ligi, bolasining yoshi, ishlash-ishlamasligi kabilarni albatta e’tiborga oling. Birining bolasi betobmi, bugun navbati bo‘lmasa ham ikkinchisi ovqat pishirsin, keyingi safar bunisi ham shunday qiladi. Bu uslubni imtiyozlar uchun ham qo‘llang. Kattasi bilan to‘yga bordingizmi, kichigini “Chaqiriq”qa oboring.

7. Qudalarni teng ko‘rgan ma’qul

To‘rt devor orasidagi mojarolar shu devorlar orasida qolgani ma’qul. Kelinlar uyiga gap tashib, ota-onalarini ham nizolarga aralashtirishiga yo‘l qo‘ymang. Qancha adolat istashsa, sizdan topishsin, uylariga himoya izlab borishmasin. Siz ham qudalarni teng ko‘ring. Biri bilan yaxshi chiqishib, uning tog‘orayu sovg‘alariga uchsangiz, oilangizdan xotirjamlik va tinchlik yo‘qoladi. Oila manfaati uchun shaxsiy manfaatlaringizni shu paytgacha qurbon qilib keldingiz. Demak, qudalarga moddiy jihatdan baho berish to‘g‘ri emasligini sizga o‘rgatib o‘tirishga hojat yo‘q.

8. Nabiralar sizning davomchingiz!

Nabiralaringiz, kim tuqqan bo‘lishidan qat’i nazar, sizniki. Albatta, har bir buvining nabiralar orasida boshqacha yaxshi ko‘radigani bo‘ladi: to‘ng‘ichimi, kenjasimi, suyukli farzandining bolasimi, xullas, buni hamma sezadi. Biroq hadeb shuni ta’kidlayverish nimaga kerak? Biriga sovg‘a berib boshqasiga bermaslik, unisini nuqul maqtab bunisini faqat koyish oilada nizolarga sabab bo‘lishi mumkin. Kelinlaringiz ham ona. Ular farzandiga nisbatan adolatsizlikni o‘ziga nisbatan adolatsizlikdan ming chandon og‘irroq oladi. Erlariga ustingizdan shikoyat qilayotganda ham qo‘llarida shu narsa asosiy dalil bo‘ladi. Va albatta, sizning munosabatingizdan norozilikni o‘zingizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytolmaganlari holda bir-birlariga aytadilar, ta’na qilib otadilar hatto. Shu sababli nabiralarga mehringizni teng namoyon eting, axir, quyosh hammaga bir xil nur sochadi-ku!

9. Aka-uka ahilligida gap ko‘p

Bu o‘rinda qaysi birining eri ko‘p pul topayotgani, martabasi yuqoriligi yoki siz uchun sevimliroq ekaniga e’tibor bermang. Agar aka-ukalar orasida nizo chiqmasin desangiz ularga nisbatan munosabatlaringizni kelinlarga ko‘chirmang. Albatta, o‘z uyingizda bo‘lib turgan, sizga bevosita taalluqli nizolarga tashqaridan qarab, ob’ektiv baho berish qiyin. Ammo shunga harakat qilish kerak. Yana bir jihat, o‘g‘illaringiz o‘zaro ahil bo‘lsalar, ular orasida mehr-oqibat ko‘tarilmasa, xotinlari ham o‘zaro murosa qilishga majbur bo‘lishadi. Rafiqasiga «Akamni (ukamni) ham, xotinini ham yomonlama, meni desang, ular bilan ahil bo‘l», deb aytishsa va doim shu pozitsiyani mahkam ushlab turishsa, ovsin bilan adovat o‘zlariga zarar ekanini tushunadilar. Erlar xotinning yo‘rig‘iga yurib oradagi jigarchilikdan voz kechsalar, ayollar ziddiyatni fazoviy darajagacha olib chiqishlari turgan gap.

10. Bir-biringizdan dam oling

Siz ham temirdan emassiz, tushunamiz. Asablaringiz tinch, o‘zingiz sog‘lom bo‘lsangizgina, oilaviy muhit yaxshilanadi. Chunki siz oilaning asosiy kishisi, barometrisiz. Shu sababli o‘zingizni o‘ylang, asablaringizni asrang va kelinlaringizni ota-onasinikiga teng vaqtda, teng sharoitda jo‘natib yuboring. Siz ulardan, ular ham bir-biridan dam olsin. Tortilgan tarang torlar bo‘shashib, ginalar unutilib, yana hammasi yaxshi bo‘lsin!
Shahnoza TO‘RAXO‘JAYeVA

Manba: Darakchi.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kelinlarni murosaga keltirish borasida qaynonalarga 10 maslahat