20:40 / 19.07.2018
11 554

Global isish nimadan darak?

Global isish nimadan darak?
Ayni kunlarda ob-havoning keskin isib ketishi hammani sarosimaga solib qo‘ydi. Hatto qonditsionerlar ham xona harorati mo‘’tadilligini saqlay olmayapti. Bundan qariyb 2 haftacha oldin «Saratonda ham yomg‘ir yog‘adimi? Yoz yozligini qilsin-da!» deya nolib turgandik. Mana sizga yozu, mana sizga jazirama!

So‘nggi yillarda nafaqat mamlakatimizda, balki butun Yer yuzida iqlim o‘zgarib bormoqda. Ayrim mamlakatlarda g‘ayritabiiy issiq kuzatilayotgan bo‘lsa, boshqa mamlakatlarda havo sovib ketmoqda. Ekologlar global iqlim o‘zgarishi, muzliklar erib borishi va dunyo okeanlari sathining ko‘tarilishi borasida bong urishmoqda. Iqlim isishi o‘z navbatida avval kuzatilmagan hodisalar — suv toshqinlari, bo‘ronlar, qurg‘oqchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Joriy yilda mamlakatimizning turli hududlarida kuzatilgan sel toshqinlari, qum bo‘ronlari, tinimsiz yoqqan yomg‘ir va ob-havoning o‘zgacha kelishi ko‘pchilikda biroz hadik va hayrat uyg‘otdi. Bu kabi iqlim o‘zgarishlari haqida ma’lumot olish uchun «O‘zgidromet» bosh sinoptigi Zayseva bilan suhbatlashdik.

— Dunyo miqyosida ro‘y berayotgan iqlim o‘zgarishlari bizning mamlakatimizga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadimi?

— Ha, albatta. O‘zbekiston ham dunyoning boshqa mamlakatlari qatorida iqlim o‘zgarishlari ro‘y beradigan geografik mintaqa sanaladi. Sodir bo‘layotgan iqlimiy o‘zgarishlarning asosiy sabablaridan biri o‘rta havo haroratining yildan yilga oshib borishidir. Haroratning ko‘tarilishi har bir hududda o‘ziga xos xususiyatga ega. Bundan tashqari, global isish o‘zining vaqtinchalik belgilari bilan namoyon bo‘ladi. Ya’ni bu issiqlik ba’zida juda tez ko‘rsatkichlarda namoyon bo‘lsa, ba’zida asta-sekinlik bilan haroratning ko‘tarilib borishida namoyon bo‘ladi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, aynan bizning mintaqamizda dunyoning boshqa hududlariga qaraganda isish jarayoni ancha jadallashib bormoqda.

— Global isish deganda havo haroratining yildan yilga isib boraverishini tushunish kerakmi?

— Yo‘q, global isish degani haroratning yil sayin tobora isib boraverishi degani emas. Masalan, oxirgi 20-30 yil muddatdagi haroratning darajasi avvalgi 10 yilliklarga nisbatan biroz yuqori bo‘ldi. Havo haroratining umumiy foni oshishida qaysidir yil sovuq, qaysidiri esa issiq kelishi tabiiy hol. Global isish faqat issiq kunlar bilan xarakterlanmaydi, aksincha, ayni jaziramada kutilmaganda haroratning pasayib ketishi ham isish jarayonining bir belgisi hisoblanadi. Global isish jarayoni davom etayotgan bu o‘n yilliklarning qaysidir yozi yoki bahori odatdagidan salqin kelsa, bundan sira shubhalanmaslik kerak. Bularning barchasi iqlim o‘zgarishlarining o‘ziga xos xususiyatlari hisoblanadi.

— Mamlakatimizda yoz fasli bo‘lishiga qaramasdan, mavsumning boshlarida ketma-ket yomg‘irli va salqin kunlarning guvohi bo‘ldik. Yozga xos bo‘lmagan bu holatlarga qanday izoh berasiz?

— Bu borada hech qanday tur­g‘un tendensiya yo‘q. Aksincha, so‘nggi yillarda biz yoz faslini 2014 yilning yoziga nisbatan ancha yuqori harorat bilan o‘tkaz­yapmiz. Chunki yoz faslining me’yoriy haroratda bo‘lishi oxirgi marta 2014 yilda kuzatilgan edi. Aholi o‘rtasida iqlim o‘zgarishlariga xos turli mish-mishlar va xavotirlar bo‘lishi mumkin, ammo bularning barchasi asossiz. Negaki faslga xos bo‘lmagan ob-havo va o‘zgarishlar vaqtinchalik hisoblanadi.

— Respublikamizning janubi hisoblangan Qashqadaryo viloyatida ro‘y bergan suv toshqinlariga nima sabab bo‘lgan? Sel kelish holatlari nega aynan Qashqadaryoda ko‘p kuzatildi?

— Sel, asosan, havo harorati keskin ko‘tarilib, qor yoki muzliklar qisqa muddatda ko‘p miqdorda eriganda yoki kuchli jala quyganda sodir bo‘ladi. Bizning mamlakatimizda ham tez-tez sodir bo‘lib turadigan suv toshqinlari sabab, ayniqsa, 1992-1995 yillarda ko‘pgina viloyatlar — Xorazm, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax va boshqa joylarda katta ekin maydonlari suv ostida qolib, oqibatda juda katta moddiy zarar ko‘rildi. Bu yilgi suv toshqinlari esa ko‘proq Qashqadaryo hududiga katta talafot keltirdi.

Jumladan, viloyatning Kitob, Chiroqchi, Yakkabog‘ va Dehqonobod tumanlarida ro‘y bergan suv toshqinlari tog‘li hududlarda yoqqan kuchli yog‘in sabab ro‘y bergan. Bu tabiiy ofatlarning qishloq xo‘jaligiga, albatta, salbiy ta’siri bor, chunki sel bo‘lib kelgan oqavaning tarkibi turli-tuman moddalar bilan qorishib, poliz ekinlari va dalalarga katta talafot yetkazdi. Afsuski, suv toshqinlari faqat Qashqadaryo bilan cheklanib qolmadi. Bu ofat Farg‘ona, Toshkent, Samarqand viloyatlari hamda tog‘ va tog‘oldi hududlarida joylashgan joylarni ham chetlab o‘tmadi.

— Joriy yilning 19 iyunida Samarqand viloyatida sodir bo‘lgan kuchli qum bo‘ronining tafsilotiga ham to‘xtalib o‘tsangiz?

— Qum bo‘ronlari Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari kabi O‘zbekistonda ham tez-tez sodir bo‘lib turadigan holatlardan biri. Qum bo‘ronlari sodir bo‘lishining asosiy sababi, yog‘ingarchilikning keskin kamayib ketishi natijasida yerning namligi qochib, tuproq qatlami ko‘paya boradi, bu qatlam esa odam va texnikalar harakati natijasida yumshab, changlanish jarayoni jadallashadi. Bo‘ronlar esa kuchli shamollar natijasida ro‘y beradi. Shamolning esish darajasi yuqori tezlikda bo‘lsa, yerdagi tuproq, qum va hatto o‘simliklarni ham havoga ko‘taradi, natijada bo‘ron sodir bo‘ladi. Bo‘ron natijasida esa atmosfera yomonlashib, tumandek changli ko‘rinish hosil bo‘ladi.

2018 yilning 19 iyunidagi qumli bo‘ron faqat Samarqandda bo‘lmadi, bu holat Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida ham kuzatildi. Samarqand va Jizzaxda sodir bo‘lgan bo‘ron ko‘rinishning o‘ta yomonlashuviga olib keldi, natijada 1 km gacha masofani qum ta’sirida umuman ko‘rib bo‘lmay qoldi. Bu masofa Yangiqishloqda 200 metrni, Toshkentda 2000 metrni, Qashqadaryoning G‘uzor va Shahrisabz tumanlarida esa 4000 metrni tashkil qildi. Yer ustki qatlamining yemirilishi, geologik qidiruv ishlarining olib borilishi, qurilish ob’ektlarining ko‘payishi natijasida tuproq qatlami ko‘payib bormoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan ma’lumki, kuchliroq esgan shamolda havoga ko‘tarilib, qumli bo‘ron bo‘lishiga olib keladi.

— Eng issiq yoz mamlakatimizning qaysi hududlarida kuzatiladi?

— O‘zbekistonning yozi davomiy hisoblanadi. Uning katta qismi quruq va judayam issiq kechadi. Oylik yog‘ingarchiliklar me’yori iyundan avgustga qadar keskin kamayib ketadi. Yozning eng issiq oyi iyul hisoblanadi, bu davrda havo harorati 40-45 darajagacha ko‘tariladi. Ammo shunisi yaxshiki, bizning iqlimimiz mo‘’tadil bo‘lganligi sababli bunday issiq kunlar uzoq davom etmaydi.

Yoz juda ham issiq o‘tadigan hududlarga kelsak, bu yilgi jarayon biroz boshqacharoq kechmoqda. Bilamizki, Toshkent boshqa viloyatlarga nisbatan biroz bo‘lsa-da salqin sanaladi. Lekin ob-havo ma’lumotlarini kuzatayotgan bo‘lsangiz, ayni kunlarda Toshkent harorati eng yuqori shaharlardan biri bo‘lib turibdi.

— Ijtimoiy tarmoqlarda yoz bo‘lishiga qaramay Qozog‘is­tonda yoqqan qor qizg‘in muhokama bo‘ldi. Tabiatning bu kabi injiqliklari bizning mamlakatimizga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

— Barchaga ayonki, har bir mintaqa o‘ziga xos iqlimga ega. Qozog‘istonda qor yoqqanligini inkor etayotgan sinoptiklar Qarag‘andada do‘l yoqqanligini e’tirof etishmoqda. Qor va do‘lning bir-biridan farqi juda katta. Do‘l yog‘ishi natijasida yerning oqarishini qor deb noto‘g‘ri talqin qilgan internet ma’lumotlari ko‘pchilikni aldab qo‘ymoqda. Do‘l yoqqan hudud Sibir o‘lkalariga yaqin bo‘lgani sabab bunday holatlar bo‘lishi tabiiy.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Global isish nimadan darak?