22:20 / 19.07.2018
4 891

Samarqand viloyatida inspektorlarning huquqbuzarliklari ko‘paygan

Samarqand viloyatida inspektorlarning huquqbuzarliklari ko‘paygan
Foto: Samarqand viloyati hokimligi
Joriy yilning ilk 6 oyi davomida Samarqand viloyatidagi 1 ming 86 ta mahallaning 495 tasida yoki 45,6 foizida jinoyat sodir etilmadi, 293 tasida yoki 27 foizida jinoyatlar soni kamaydi, 110 tasida yoki 10,1 foizida jinoyatlar soni teng qoldi.

Bu haqda Samarqand viloyati IIB boshlig‘i A.Tashpulatov Xalq deputatlari viloyat Kengashining 54-sessiyasida ma’lum qildi, deya xabar berdi «Zarnews» nashri.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, jinoyat qidiruv yo‘nalishida 1 ming 135 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning 90,6 foizi «izi sovumasidan» fosh etilgan. Bundan tashqari, viloyat hududida jinoyat sodir etib, sud va tergov idoralaridan yashiringan qidiruvdagi shaxslarning 320 nafari ushlangan.

Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish borasida 213 ta noqonuniy holatlar aniqlanib, deyarli 70 kilogramm miqdorda giyohvand moddalari daliliy ashyo tariqasida olingan.

Shuningdek, viloyatda fosh etilmasdan qolgan jinoyatlar soni o‘tgan yilga nisbatan 60 foizga kamayishiga erishilgan.

Joriy yilning ilk 6 oyi davomida viloyatimiz hududida bo‘lish qoidalarini buzib yashab kelgan jami 347 nafar xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda ularni qabul qilish qoidalarini buzgan respublikamiz fuqarolari aniqlangan bo‘lib, ularning 295 nafaridan jarimalar undirildi va 52 nafar chet el fuqarosi respublikamiz hududidan chiqarib yuborilgan.

Xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik 3,6 foizga, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatlar 12,8 foizga kamaygan.

Biroq, o‘tgan olti oy davomida profilaktika inspektorlari tomonidan 141 ming 707 ta ma’muriy huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 98 ming 888 taga ko‘paygan. Shu bilan birga, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shahrida, Ishtixon, Payariq, Past Darg‘om, Qo‘shrabod, Kattaqo‘rg‘on, Tayloq tumanlarida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning o‘sishiga yo‘l qo‘yilgan.

Viloyatda qotillik jinoyatining 46,2 foizi oilada ro‘y berayotgani achinarli holdir.

Bugungi kunda viloyat hududida fuqarolar tomonidan o‘z joniga qasd qilish holatlari ham ko‘payib boryapti. Hisobot davri davomida 194 kishi o‘z joniga qasd qilgan. Ularning 8 nafari ajrashganlar bo‘lgan.

O‘z joniga qasd qilganlarning 30 tasi voyaga yetmaganlar tomonidan, 89 tasi yoshlar tomonidan sodir etilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqand viloyatida inspektorlarning huquqbuzarliklari ko‘paygan