22:17 / 09.09.2018
6 598

Nomahram... (18-qism)

Nomahram... (18-qism)
Umrida odam oʻldirib koʻrmagan odam bunday lahzalarda oʻzini yoʻqotib qoʻyadi.

Mardon ham Marhamatni oʻldirishga oʻldirdi-yu, kutilmaganda aʼzoyi badanida titroq tuyib yuragi bezovta ura boshladi. Toʻpponchasini choʻntakka joyladimi-yoʻqmi, bilmaydi. Faqat alanglab, zir yugurib aylana atrofni kuzatar, “birontasi koʻrib, eshitib qolmadimikan?” degan xayol miyasini kemirib borardi.

“Endi nima qildim, — oʻyladi u daraxt ostida yotgan murdaga oʻgʻrincha koʻz tashlab. — Agar eshitib yo koʻrib qolgan boʻlishsa, adoyi tamom boʻldim. Melisabozlik boshlanadi. O, Xudoyim, yoʻl koʻrsatsang-chi!.. Akamning oldiga boraman. Ha, oʻshagina meni qutqarib qoladi… Toʻxta, haydab solsa-chi? Sotib qoʻysa-chi? Yoʻq, sotmaydi. Nima boʻlgandayam jigarim-ku! Nahotki, akam boʻla turib koʻzimga choʻp suqsa? Ha-a, aytaman. Buzuqdan qutuldik, deb aytaman. Oʻshanda kechiradi. Oʻshanda ishonadi menga…”

Mardon shularni oʻylarkan, xuddi ishtonini hoʻl qilib qoʻygan boladek oyoq uchida asta-asta yurib katta koʻcha tomon ketdi…

* * *

— Jon aka, meni kechiring! Sizni ranjitib qoʻydim! Sizga koʻp yomonliklar qildim! Kechiring! — Matnazarning oyoqlariga yopishgancha yigʻlab yolvorardi Mardon. — Iltimos, kechira qoling! Axir, akamsiz-ku! Jigarimsiz-ku!

— Senga nima boʻldi oʻzi? — Matnazar ukasini qoʻltigʻidan tutib turgʻazdi. — Namuncha ayolga oʻxshab dod-voy qilmasang? Nima boʻldi? Ayt!

Mardon shosha-pisha koʻz yoshlarini artib boshini egdi:

— Men… Anavi buzuqini oʻldirdim.

— Nima? Qaysi buzuqini?

— Marhamatni.

— Marhamatni? Nega?

— U oʻlimga loyiq edi…

Matnazarning boʻlib oʻtgan ishlardan xabari bor edi. Lekin bu xabar kutilmagan chiqib, sal dovdiragandek boʻldi.

— Axir, seni qamab qoʻyishadi-ku! — dedi u ehtiyot shart ochiq derazani mahkam yopib. — Murda qayerda? Qayerga yashirding?

— Qabristonda… U yaramas meni pichoqlamoqchi boʻlgandi.

— Shunaqami? Uf-f… Chatoq boʻpti. Yaxshi ish boʻlmabdi… Nima qilish kerak? Menga qara, hozircha yertoʻlaga tushgin-da, oʻsha yerda yota tur! Men… Bek akaga aytmasam boʻlmaydi. Issigʻida hal qilish kerak… Bor, bu yerda qotib turgandan foyda yoʻq!

Mardon qulluq qilgancha yugurib tashqariga chiqib ketdi. Matnazar esa qoʻl telefonini olib, Bek akaning raqamini terishga tushdi…

* * *

“Toʻxta, men avval oʻylab olishim kerak emasmi”, — Matnazar kutilmaganda telefonni joyiga qoʻyib boshini changalladi. — Bu bola ne kunlarni boshimga solmadi. Ne malomatlarga qolmadim uning dastidan. Endi oldimga koʻz yoshini oqizib kelibdi. Agar hozir indamay kechirsam, mushkulini oson qilsam, bu ishimning qadriga yetarmikan? Tugʻishgan akasiga bir necha bor xiyonat qilib, sotib kelgan yigit-a? Yoʻq, qadrimga yetmaydi. Buning koʻzi ochilishi lozim. Ogʻir kunlarni koʻrsin. Oq-qorani tanisin. Oʻshandagina odam boʻladi. Buni turmaga joʻnattirishim kerak. Ha, oʻshanda kimning kim ekanini anglaydi… Yoʻq, toʻxta, nimalar qilmoqchiman oʻzi? Men… Qamoqning nima ekanini bildim. Boshimdan ne kunlar oʻtmadi. Endi kelib-kelib oʻz ukamni oʻsha yerga tiqamanmi? Onam-chi? Onamning ruhi chirqiramaydimi? Ha, bunday qilishim notoʻgʻri. Ustiga-ustak u oddiy odamni oʻldirmabdi. Qayoqdagi bir buzuqini, qachon qarasa, mening boshimni egib kelgan bir yaramasni oʻldiribdi. Men aksincha ish tutishim kerak. Oʻsha oʻzimizning uyni qaytadan qurib yaxshi bir qizga uylantirib qoʻyishim kerak Mardonni. Bilar. Bilmasa… E, biladi. Shuncha yaxshiliklar qilaman-u, bilmaydimi?»

Matnazar shunday oʻylar bilan tashqariga chiqdi. Bu hovlini yaqindagina qurib bitirgandi. Hovlida aylanib yurgan yigitlarga kerakli yumushlarni topshirdi-da, yertoʻlaga qarab yurdi.

* * *

Bir hafta ichida hammasi joyiga tushdi. Mardonni Bek akaning oʻzi turmadan qutqarib oldi. Endi u bilardi. Aka-ukalar unga hech qachon xiyonat qila olishmaydi. Chunki, boʻynilaridagi qarz osmoncha. Bu yigitchaning toʻyini ham oʻtkazib bersa, yanada boʻyni egiladi. Ipsiz bogʻlanadi. Koʻribsizki, uning qoʻli bilan qora dori bozori gurkirayveradi. Bora-bora Mardonga beriladigan foizniyam kamaytirish mumkin. Bahona bor. Qarzlarni asta-sekinlik bilan uzib borish kerak. Axir, hisobli doʻst ayrilmas, degan maqol bekorga aytilmagan…

— Men ikki yoshga faqat baxt tilayman! — deya tilak bildirdi Bek aka toʻy kechasi oʻrtaga chiqib. — Mana, bugun Mardonboy uchun eng baxtli lahzalar. Uyam boʻydoq yuravermay, nihoyat uylanishga rozilik beribdi. Baxtli boʻlishsin! Uvali-juvali boʻlishsin!

Bek aka soʻzini tugatgach, xizmatga shay turgan taniqli sanʼatkorlar bilan qoʻl berib soʻrashgan boʻldi-da, Matnazarni qidira boshladi. Shu tobda Matnazar gʻirt mast, qozon qarshisida bir-ikki erkakni oʻtqazib qoʻyib tinimsiz gʻoʻldirardi:

— V-vey, Bek akang kim boʻpti mening oldimda? Men… Bu — menman… Turmalariniyam atak-patagini chiqarib yurgan odamman… Bilasanlarmi, qimorda, hatto oʻsha Bek akangam mening oldimdan oʻtaversin! Onasini uchqoʻrgʻondan koʻrsatib qoʻyaman unaqa odamlarni!

Bu gaplarni Bek aka ancha yaqindan turib eshitdi. Ammo sir boy bermadi. Yonidagi qoʻriqchi yigitlarga nimadir dedi-yu, indamay tashqariga chiqib ketdi.

* * *

— Husan, men anovi mishiqiga ishonib bekor qildim, shekilli? — dedi Bek aka ertasi kuni ayvonda choy ichib oʻtirib.

— Kimni aytyapsan?

— Kimni boʻlardi? Matnazarni aytyapman.

— Nima boʻldi? Biror xato qip qoʻydimi?

— Xato qilsa mayliydi. Kecha ukasining toʻyida sal notoʻgʻri gaplarni gapirib qoʻydi. Nimaymish, onamni uchqoʻrgʻondan koʻrsatib qoʻyarmish-a!

— Astagʻfirillo! Shunchalik kuchayib ketibdimi, u ahmoq?

— Ha, mayli, endi bunday qilamiz. Bugun kechasi yigitlardan uch-toʻrttasini olib uyiga borgin-u, borini tortib ol! Oʻzini yaxshilab kaltaklat! Bugundan boshlab koʻzimga koʻrinmasin!

— Tinchitib yuborsak-chi?

— Yoʻq, u oʻzini-oʻzi yeb, adoyi tamom boʻlishi kerak. Shunday ahvolga solginki…

— Hovli-chi? Uyam bizning pullarga qurilgan-ku!

— Hovliga tegmay tur! Vaqti keladi oʻzi. Aytgancha, bugundan boshlab qatʼiy nazorat qilasan. Matnazar hech qayerdan ish topolmasin! Qimor oʻynay olmasin. Xullas, xor-zor boʻlib koʻchalarda daydib yursin!

— Xoʻp, sen aytganday boʻladi hammasi…

Husan aka tashqariga chiqqani hamono ichkaridan Bek akaning soʻkingani eshitildi:

— Xunasa!

* * *

Bugungi kun Matnazar uchun juda qiyin kechdi. Qish kelganidan dalolatmi, negadir ertalabdan qor uchqunlab, asabni buzgani yetmay, har safar gap-soʻzsiz ulush tayyorlab qoʻyadigan savdogarlar bugunga kelib qoʻllarini qovushtirgancha bir jumlani qaytaraverishdi:

— Bek akam ulushni oʻzlari kelib olib ketarkanlar!

Matnazar hech nimaga tushunmay, bir koʻngli Bek akaga qoʻngʻiroq qilib aniqlamoqchi ham boʻldi. Biroq oʻylab qoldi. Balki, biror rejani oʻylab qoʻygandir yana?

Shu xayol uni niyatidan qaytardi-yu, boʻshashgancha uyiga keldi…

Shom vaqti. Masjiddan soʻfining choʻzib-choʻzib namozga chorlagan ovozi eshitiladi. Darvozaga qoʻyilgan soqchilar ham bugun qandaydir boshqacha. Goh ichkariga kirishadi, goh koʻchaga chiqib oʻzaro shivir-shivir qilishadi.

— Nima boʻldi? — sekin Sariboydan soʻradi Matnazar koʻchaga ishora qilib. — Nega soqchilar bezovtalanib qolishdi?

— Toʻgʻrisini aytaveraymi? — Matnazarga tik boqdi Sariboy.

— Albatta toʻgʻrisini ayt-da!

— Hali zamon Husan aka kelarkan bu yerga.

— Nima ishi bor ekan?

— Bunisini bilmadim-u, ammo… E, qisqasi, aka, menam bilmayman…

U gapini tugatmay, tashqarida tanish mashinaning signali eshitildi.

Matnazar hushyor tortib sekin oʻsha yoqqa yoʻnaldi…

U darvozaga yetib ulgurmay, haqiqatan, yonida besh-olti nafar yigit bilan Husan aka hovlida paydo boʻldi.

Matnazar yugurib borib u bilan soʻrashishga tutindi. Biroq qoʻllari havoda muallaq qoldi.

Husan aka soʻrashish oʻrniga uning yoqasidan oldi.

— Ha, xoʻroz, — deya Matnazarni mahkam boʻgʻib oldi u. — Qachondan beri oʻzingdan kattalarni haqorat qiladigan boʻlib qolding?

— Bu… nima deganingiz? — xirilladi Matnazar. — K-kimni haqorat qipman?

— Oʻzingni bilmaslikka olyapsanmi, it? Yaxshi. Unda yaxshilab eshit. Ukangning toʻyi esingdami?

— Ha, esimda.

— Oʻshanda Bek akani soʻkkanmiding?

— Soʻkkan? Qachon?

— Itday ichasan-u, keyin nima deganingni eslolmay yurasan. Oʻzingga oʻzing qilding, bola! Bu yogʻiga taqdirga tan berasan. Qani, tezda uyingdagi bor pullarni mening qoʻlimga topshir!

— Nega?

— Ha-a, hali meni soʻroqqayam tutmoqchimisan? Kimlar bilan oʻynashib qoʻyganingni unutib qoʻyibsan, chogʻi? Mayli, eslatib qoʻyamiz. Qani, yigitlar, bir chetga olib oʻtib esini kiritib qoʻyinglar! Men ungacha uy ichkarisini tintib turaman!

Yigitlar buyruqni eshitishlari bilan Matnazarni ikki qoʻltigʻidan olib tomorqa tomonga olib oʻtib ketishdi…

* * *

Qora dorini shahardan ancha narida — dalaga yaqin joyda yarim kechasi sotishadi. Bu bozorda savdo qiladiganlarning barchasi qamalaverib eti qotgan, ranglari zaxil, ogʻzidan bodi kirib, shodi chiqadigan, koʻzlari doimo oʻynab turadigan oʻrta yashar erkaklar…

Bu kecha Mardon chet ellik sotuvchilardan ogʻuning kuchlisini sotib olib joni kirib qoldi. Oʻzining mijozlariga ana shu ogʻularni naqd uch baravar qimmatiga pulladi.

Qarshisidagi ikki tansoqchiga berkitib qoʻyganlaridan pichasini tatib koʻrish uchun berarkan, oʻzining ham bir maza qilgisi kelib ketdi.

— Toʻxta, — dedi u tansoqchi yigitning qoʻlidagi kichkinagina sellofan xaltachani tortib olarkan, koʻzlari alang-jalang yon veriga oʻgʻrincha nazar tashlab. — Bu zormandani avval men tatib koʻraman. Qani, rostdanam kuchlimikan? Aldashmagan boʻlsa, keyingi gal ham xuddi shunaqasidan opkelib sotamiz…

Endigina oq kukundan ozginasini barmogʻiga ilib burniga yaqinlashtirgan ediki, kimdir kelib yelkasiga turtganday boʻldi.

Mardon shosha-pisha xaltachani kaftlari orasiga yashirib orqasiga oʻgirildi.

Militsionerlardanmi, deb oʻylagandi. Sariboy ekan.

— Ha-a, bu yerda nima qilib yuribsan arvohga oʻxshab? — Sariboyni jerkib tashladi u. — Oʻlasanmi, bundoq yoʻtalib-netib kelsang?

— Uzr, aka, falokat yuz berdi!

— Nima boʻldi? Qanaqa falokat?

— Akangizni uraverib yarim jon qilib tashlashdi.

— Nima? Kim?

— Bek akaning odamlari. Shaxsan Husan akaning oʻzi kelib kaltaklatdi. Ichkaridagi pullarni tiyin-tiyinigacha qoʻymay olib ketdi.

— Olib ketdi? Ie, axir… Temir sandiqdagi pullarning yarmi menikiydi-ku! Nima qip qoʻydilaring, itlar?

Mardon beixtiyor Sariboyning tomogʻini changallab boʻgʻa boshladi.

— Nima qip qoʻydilaring? Meni xonavayron qilibsanlar-ku!

— Menda ayb yoʻq, aka! Qoʻyvoring!..

Mardon birdan Sariboyni qoʻyib yuborib mushtlarini tugdi.

— Men ularga koʻrsatib qoʻyaman! Qoʻrqadigan ahmoq yoʻq endi. Akam ayb qilgan boʻlsa, menda nima gunoh? Oʻzidan olmaydimi oʻchini? Oʻldiraman! Oʻldiraman!

U qarshisidagi yigitlarni kuch bilan itarib yubordi-da, sumka toʻla pulni qoʻltigʻiga qisgancha mashinasi tomon chopib ketdi.

Sariboy esa, allaqachon oʻrnidan qoʻzgʻalgan mashina ortidan yugurgilagan koʻyi qichqirib borardi:

— Mardon aka, bormang! Akangizda ayb yoʻq! Bekorga oʻlib ketasiz!
(davomi bor)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nomahram... (18-qism)