Kanada Bosh vaziri Mark Karni Isroil rahbari Binyamin Netanyahu mamlakatga tashrif buyurgan taqdirda uni Xalqaro jinoyat sudi (XJS) orderi asosida hibsga olishini ma’lum qildi, deb xabar berdi Toronto Sun.
Bu bayonot Kanadada katta bahslarga sabab bo‘ldi. Qator mahalliy nashrlar, jumladan Toronto Sun, Karnini «o‘z shaxsiy qarashlarini Kanada milliy manfaatlaridan ustun qo‘yganlikda» aybladi.
Nashrning ta’kidlashicha, Vashington bilan munosabatlar hamon murakkab sharoitda bo‘lgan bir paytda Karni AQSH prezidenti Donald Trampning yaqin ittifoqchisi hisoblangan Netanyahuga qarshi chora ko‘rish haqida gapirmoqda. Gazeta bu qarorni «siyosiy sabablarga ko‘ra shubhali sudning shubhali hukmlari» deb atadi.
Ma’lumot uchun, 2024-yil noyabrda XJS Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantga G‘azodagi harbiy jinoyatlar uchun rasman ayblov e’lon qilgan va ularni hibsga olish haqida order chiqargan. Kanada o‘shandayoq bu qarorni qo‘llab-quvvatlagan edi.
Mark Karni o‘z bayonotida Kanada xalqaro huquq me’yorlariga sodiq ekanini ta’kidlab, «qonun ustuvorligi so‘zda emas, amalda namoyon bo‘lishi kerak» deb aytdi.
Isroil tomoni esa XJSning qarorini keskin rad etmoqda. Tel-Avivning fikricha, sud siyosiy bosim ostida ish ko‘rmoqda va uning hukmlari haqiqiy yuridik kuchga ega emas.
Mutaxassislar fikricha, Kanada rahbarining bu bayonoti G‘arb davlatlari orasidagi munosabatlarda yangi siyosiy tortishuvni keltirib chiqarishi mumkin. Karnining keskin pozitsiyasi Ottava bilan Vashington o‘rtasida yangi diplomatik muzokaralarni talab qiladi.
Siyosiy tahlilchilar esa bu voqeani Kanada tashqi siyosatidagi “yangi mustaqil yo‘nalish”ning belgisi sifatida baholamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!