Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yelisey saroyida sobiq davlat rahbari Nikolya Sarkozini qabul qildi, deb yozdi lefigaro.fr. AFP agentligining ma’lum qilishicha, uchrashuv 17 oktyabr, juma kuni bo‘lib o‘tgan va taxminan bir soat davom etgan.
Rasmiy Parij hozircha bu uchrashuv haqida rasmiy izoh bermagan. Shuningdek, suhbat mazmuni ham sir saqlanmoqda.
Figaro manbalariga ko‘ra, Makron suhbat davomida sud qarorini muhokama qilmagan, biroq birinchi instansiya hukmidan keyin Sarkozining jazo ijrosi bilan bog‘liq jarayon — uning tartibli koloniyaga o‘tkazilishi masalasi shubha ostiga olingan.
Fransiya prezidenti ta’kidlaganidek, amaldagi davlat rahbarlari qonun bo‘yicha immunitetga ega, ammo sobiq prezidentlarga bu huquq tatbiq etilmaydi.
Ma’lumot uchun, 25 sentyabr kuni sud Nikolya Sarkozini saylovoldi kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirishda aybdor deb topib, besh yilga ozodlikdan mahrum etdi. 21 oktyabr kuni u Parijdagi “La Sante” qamoqxonasiga joylashtiriladi.
70 yoshli sobiq prezident jazoni maxsus VIP bo‘limdagi bir kishilik kamerada o‘taydi. Bu qaror uning yoshi va sobiq davlat rahbari sifatidagi maqomini inobatga olgan holda qabul qilingan.
Sarkozi 2007–2012-yillarda Fransiyani boshqargan. Unga qarshi tergov 2013-yilda boshlangan bo‘lib, sud jarayonida siyosatchining prezidentlik kampaniyasi Liviya hukumati tomonidan noqonuniy ravishda moliyalashtirilgani aniqlangan.
Nikolya Sarkozi o‘z aybini rad etdi va hukmni “Fransiyani tahqirlash” deb atadi. Shu bilan birga, uning himoyachilari apellyatsiya berish niyatida ekanligini bildirgan.
Mutaxassislar fikricha, Makron va Sarkozi uchrashuvi Fransiyadagi siyosiy jarayonlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin — bu nafaqat huquqiy, balki siyosiy barqarorlik masalasiga aylanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!