13:55 / 29.10.2018
2 676

"Vatandosh" tushunchasiga aniqlik kiritildi

"Vatandosh" tushunchasiga aniqlik kiritildi
"Vatandosh" tushunchasiga aniqlik kiritildi. 25 oktyabrda prezident Shavkat Mirziyoyev xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida davlat siyosati Konsepsiyasini tasdiqlagan edi. Qarorning to‘liq matni Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida 27 oktyabrda e’lon qilindi.

Qarorda aytilishicha, vatandosh deb:

- O‘zbekiston hududidan tashqarida doimo istiqomat qiladigan yoki ta’lim olish, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish, oilaviy sabablar va boshqa sharoitlardan kelib chiqib vaqtinchalik chet elda yurgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;

- xorijga chiqqan va chet el fuqaroligini olgan, Vataniga ma’naviy va madaniy nuqtayi nazardan mansublikni his qilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi bilan madaniy-gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayotgan O‘zbekistondan chiqib ketgan shaxslar va ularning avlodlari;

- etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtayi nazardan o‘zini o‘zbeklar yoki qoraqalpoqlar sifatida identifikatsiya qilgan hamda O‘zbekiston bilan har tomonlama aloqada bo‘lish xohishida bo‘lgan xorijda istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hisoblanadi.

Ya’ni, masalan, qozog‘istonlik yoki afg‘onistonlik o‘zbeklar yoki qoraqalpoqlar ham vatandosh hisoblanadi.

Vatandoshlarning manfaatlarini ifoda etadigan jamoaviy madaniy va milliy markazlar, assotsiatsiyalar, talabalar jamiyatlari, maktablar, fondlar va tadbirkorlik tuzilmalari vatandoshlar tashkilotlari deb tushuniladi.

Vatandoshlarga quyidagilar taklif etilmoqda:

- Vatandoshlar uchun kirish vizalari, shu jumladan, ko‘p marotabalik va uzoq muddatli vizalar soddalashtirilgan holda rasmiylashtiriladi.

- Soddalashtirilgan tartibda O‘zbekiston fuqaroligi beriladi.

- Shuningdek, xorijdagi o‘zbeklarga O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, kino, madaniyat, teatr san’ati, televideniye va radio yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olishlari uchun grantlar ham ajratiladi.

- Bundan tashqari, ular ishlaydigan ommaviy axborot vositalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish soddalashtiriladi.

- Munosiblari davlat mukofotlari va faxriy unvonlar bilan taqdirlanadi hamda O‘zbekiston qonunchiligi asosida rag‘batlantirib boriladi.

- Vaqtinchalik yashashga hamda O‘zbekiston hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnoma beriladi.

- Yuqori malakali kadrlarni O‘zbekistonda zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha ishga olish, ijtimoiy va maishiy masalalarni hal qilishga yordam beriladi.

- Davlat tasarrufidagi bo‘sh turgan ob’ektlar va yer maydonlari vatandoshlarga tadbirkorlik, ilmiy-tadqiqot, ma’rifiy, innovatsion va boshqa dastur hamda loyihalarni amalga oshirish uchun ajratib beriladi.

- Vatandoshlarning o‘qishi, ishi va boshqa ijtimoiy masalalari to‘liq yoki qisman moliyalashtiriladi.

- Yuqori malakali mutaxassislar O‘zbekistonning davlat tashkilotlariga rahbarlik lavozimlariga, shuningdek, ushbu tashkilotlar rahbarlarining konsultanti (maslahatchisi) sifatida jalb qilinadi.

Xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarga munosabat Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan keyingina o‘zgargan edi. Vatandoshlar bilan aloqalar tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Ushbu sohada davlat siyosatini takomillashtirish topshirig‘i 2017-2018 yillardagi Davlat dasturiga kiritilgan edi.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda AQShga safari chog‘ida ilk marta xorijdagi o‘zbeklar bilan uchrashgan va ularni O‘zbekistonda ishlashga taklif qilgan. Shundan beri O‘zbekistondagi turli davlat tashkilotlari va idoralariga xorijda ishlagan vatandoshlar rahbarlik va maslahatchi lavozimlariga tayinlanib keladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Vatandosh" tushunchasiga aniqlik kiritildi