13:36 / 03.12.2018
4 735

Deputatlar taklifiga ko‘ra ish vaqti 16:00 gacha qisqarishi mumkin

Deputatlar taklifiga ko‘ra ish vaqti 16:00 gacha qisqarishi mumkin
So‘nggi yillarda “Zamonaviy oilani shakllantirish”, degan atamaga tez-tez duch kelyapmiz. Joriy yilning 2 fevralida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham zamonaviy oilani rivojlantirish, oilaning ichki munosabatlari, shaxslararo munosabatlarni, boy madaniy tarixiy meros va an’anaviy oilaviy qadriyatlar muammolari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni o‘tkazish, ular asosida oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha tizimli vazifalar belgilab berildi.

Xo‘sh, zamonaviy oila aslida qanday bo‘lishi kerak? Uni shakllantirish va rivojlantirish uchun nimalarga e’tibor berish zarur?

OILA JAMIYaTNING TERMOMETRIDIR


Alisher Qodirov,O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:
– Oila jamiyatning termometridir. Undagi holat jamiyatning sog‘ligini ko‘rsatadi. Olimlar dunyoda terroristlarni eng ko‘p “tarbiyalayotgan” qit’a – Afrika ekanligini aytmoqdalar. Sabablari o‘rganilganida ushbu qit’ada oila institutini inqirozga yuz tutayotgani, 1-7 yosh orasidagi bolalar oila mehrini ko‘rmay ulg‘ayayotgani, to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida yuzaga keladigan psixo-neyrologik va fiziologik yemirilish yoshlarda agressiv xulq odatiylashib borayotgani oydinlashgan.

Mamlakatimizda amaldagi qonunlar bola tarbiyasining birinchi bosqich davri mas’uliyatini oila institutiga yuklagan (“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun 11-modda). Lekin bugun oilaning poydevori hisoblangan ayollarning salmoqli qismi faol, mehnat shartnomasi bilan korxona va tashkilotlarga bog‘langan. Ular ish vaqti yakunlanmasidan oilasiga qaytolmaydi. Oilada ona bo‘lmasligi oila poydevorini darz ketishiga olib keladi. Bolalar maktabdan qaytib, ularga “tuhfa qilingan” erkinlikdan bilganlaridek foydalanadilar. Ota bilan deyarli bir paytda kelgan ona ham dam olishga birdek haqli. Munosabatlar inqirozi sekin-asta oilaning inqiroziga olib keladi. Afsuski, aynan shu holat 55 foiz oilalarning buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

Ayolsiz oilani mustahkamlash mumkin emas. Yuqoridagi fundamental muammoni bartaraf etish uchun mamlakatimizda ayollarning mehnat qilish faoliyatini belgilovchi normalarga o‘zgartirish kiritish zarur. Masalan, ayollarning ish vaqti soat 16.00 da tugatilishi kerak. Shunda ayol farzandlari va umr yo‘ldoshi uchun vaqt ajratadi. Bu esa o‘z o‘rnida oiladagi er-xotin, ona-bola munosabatlarida ijobiy muhitni yuzaga keltiradi.

Zamonaviy oila dunyoviy va diniy bilimlarga ega bo‘lgan ayol atrofida qurilishi kerak. U nafaqat jamiyatga halol va sog‘lom fuqaroni tarbiyalab beradi, balki samarali mehnatga tayyor, xotirjam, Vatan taraqqiyotini ta’minlashi kerak bo‘lgan xodimni ham vazifasiga kuzatib qo‘yadi. Mamlakatimiz rivojini farovon oilasiz tasavvur qilib bo‘lmaganidek, farovon oilani oqila va mukarram onasiz ham tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Xo‘sh, zamonaviy oila aslida qanday bo‘lishi kerak? Uni shakllantirish va rivojlantirish uchun nimalarga e’tibor berish zarur?

ULARNI FAQAT O‘LIM AJRATGAN…


Muhammadjon Quronov, pedagogika fanlari doktori, professor:
–Bugungi zamonaviy oilalarda ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi psixologik munosabatlar ancha chuqurlashganini ko‘ramiz. Aynan oilada farzandning roli oshdi. Birinchidan, ilgari barcha oila a’zolari bir hovlida birga yashashgan bo‘lsa, so‘nggi davrlarda yosh oilalar alohida yashashga xohish bildirishmoqda. Shuning bilan birga, ilgari yosh ota-onalar tarbiyada bobo-buvilarning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilgan bo‘lsalar, hozirda yoshlarga mana shu tarbiyaviy tajriba yetishmayotganligi kuzatilmoqda. Natijada yosh ota-onalar milliy tarbiyaning yaxshi tomonlarini bilmasdan farzand tarbiyasida biroz xatoliklarga yo‘q qo‘yishmoqda .

Ikkinchidan, bugun biz zamonaviy deb aytayotgan oilalarda ayollarning roli bir necha barobar oshganini ko‘ramiz. Bu oilaning ham iqtisodiy ham madaniy hayotida o‘z aksini topmoqda.

Uchinchidan, bugungi zamonaviy oilalarda bolaning o‘rni oshdi. Bugun bolalarimizda aqliy-emotsional akseliratsiya jarayoni kuzatilmoqda. Bunday paytda ayrim yosh ota-onalar farzandining intellektual talablarini o‘z vaqtida to‘g‘ri anglab yetishmayapti. Ayrimlari esa bolasining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida ahamiyat berib, ularni qo‘shimcha mashg‘ulotlarga jalb etishmoqda.

To‘rtinchidan, ilgarilari kelin yoki kuyov tanlashni asosan ota-onalar belgilab berishgan bo‘lsa, bugungi yosh oilalar ixtiyoriy sevgi-muhabbat asosida qurilmoqda. Natijada, ayrim yoshlar to‘g‘ri turmush kechirib ketayotgan bo‘lsalar, boshqa hollarda turmushning ilk davrlaridanoq ajrim yoqasiga kelib qolgan yosh oilalarni ham ko‘rish mumkin.

Ota-bobolarimiz davrida ham ajrim bo‘lgan. Lekin buning birgina sababi bor, u ham bo‘lsa o‘lim. Ularni bir-biridan faqatgina o‘lim ajratgan. Shunday ekan,oilalar mustahkam bo‘lishi uchun har ikkala yosh bir-birini tushunmog‘i, hayot sinovlari va turmush zarbalaridan asrab-avaylamog‘i, sabr-qanoatli bo‘lmog‘i kerak. Farzandlar tarbiyasida esa milliy tarbiya metodlarini zamonaviy bilimlar bilan boyitib, dono va baxtli farzandlarni voyaga yetkazsalar, barcha havas qiladigan zamonaviy oilalar vujudga keladi. Jamiyat ham farovon bo‘ladi.

ZAMONAVIYLIKNING YaNGI TALQINI


Shavkat To‘rayev, falsafa fanlari nomzodi, dotsent:
– Bugun zamonaviy qarashlar, zamonaviy turmush tarzi, zamonaviy oila degan tushunchalar har xil talqin qilinmoqda. Masalan, g‘arb jamiyatini oladigan bo‘lsak, oilada yuzaga kelgan tushunmovchilik tufayli erkak va ayol ajrashadi, erkak o‘z yo‘lidan ketadi, ayol esa “yolg‘iz ona” sifatida farzandlarini ta’minlash uchun yelib-yuguradi, mehnat qiladi, barcha mas’uliyatni “qahramonlarcha” o‘z zimmasiga oladi va buni zamonaviy oilaning bir ko‘rinishi deya bemalol e’tirof etishadi. Yana qaysidir mintaqalarda oila a’zolarining barchasi iqtisodiy mustaqil bo‘lishi, ota yoki onaning ko‘pincha farzandlarning mustaqil hayot kechirishi yoki o‘z oila a’zolari bilan biror sabab bilan restoranlarda ovqatlanishi, zamonaviy yurish-turish yoki o‘zaro chet tillarida suhbatlashishlari zamonaviylikning muhim belgilari deb qaralmoqda. Eng qizig‘i, bunday odatlar o‘zbek oilalarida ham tez-tez uchramoqda.

Nazarimda, bizning jamiyatimiz uchun mos bo‘lgan zamonaviy oila tushunchasining yangi talqinini yaratish vaqti keldi. Biz bugun milliy davlat, milliy jamiyatni tuzmoqchimiz va bu jarayonda bizning zamonaviy oilamiz qanday bo‘ladi, degan savolga javob berishimiz kerak. Ko‘pincha biz o‘tgan zamonlar o‘tdi-ketdi, hozir yangi davr, keling, yoshlarga imkoniyat beraylik, agar siz ularning baxtli bo‘lishini istasangiz xalaqit bermang, to‘y qilib berishni ham to‘xtatib, uy-joy olib bering, alohida yashashsin deymiz. Lekin bu yerda boshqa bir masala turadi. Ya’ni milliy qadriyatlar masalasi. Masalan, oddiygina qaynona-kelin munosabatlarini oladigan bo‘lsak, oldingiday qaynonaga bo‘ysunib, uning aytganlarini so‘zsiz ado etishni milliy qadriyat, burch deb oladigan bo‘lsak, yangi oila qurgan yoshlar turmushning dastlabki davridanoq qaysidir ma’noda tazyiqqa uchraydigan bo‘lsa, o‘zi alohida turmushini qurish huquqiga ega bo‘lmasa u qanday qilib baxtli bo‘lishi mumkin, degan savollarni beramiz-da. Mayli, milliylik saqlanib qolsin, kelin kelinligini qilsin, choyni suzib avvalo qaynota-qaynonasiga uzatsin, bu ishni faqat majburiyat emas milliy tarbiya, hurmat nuqtai nazaridan yurakdan, faxr bilan amalga oshirsin. Ana shunday tarbiyani singdirish orqali zamonaviy oilani barpo qilishimiz mumkin, deb o‘ylayman.

Milliy qadriyatlar ustuvor bo‘lib, ham ma’nan ham moddiy jihatdan farovonlikka intilgan oilalarni zamonaviy degan bo‘lar edim. Ya’ni uyida qaynona-qaynotani tan olmagan odam ko‘chada hech kimni tan olmaydi. Demak o‘z-o‘zidan oila a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat kabi milliy qadriyatlarga darz ketadi. Masalan, g‘arbda hurmat qonun bilan belgilanadi. Lekin biz milliy qadriyat bo‘lganligi uchun ham katta-yu kichikka birday hurmat-ehtirom ko‘rsatamiz. Agar biz oilamizga zamonaviy tus bermoqchi bo‘lsak, uning aniq konsepsiyasini yaratmog‘imiz va buni to‘g‘ri shakllantirishimiz kerak. Butun dunyoga nazar tashlab, bizga ma’qul bo‘ladigan ijobiy sifatlariga e’tibor qaratishimiz va har bir qarorimizga milliy ruhni singdirishimiz kerak bo‘ladi.

Zamonaviy oila qanday bo‘lishi haqida aniq bir tasavvurga ega bo‘lmasak-da, oilalarda farzandlar tarbiyasi, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar qanday bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida fikr bildira olamiz. Bizning o‘zbek oilalarimizda hali hanuz bir stereotip saqlanib qolganini kuzatamiz, ayniqsa, qishloq joylarida. Ya’ni, aytaylik, o‘g‘il farzand ota-onasi ko‘z o‘ngida bolasini erkalashi uyat hisoblanadi. Biz bugun bolani uch yoshgacha tarbiyalash haqida metodik qo‘llanmalar yaratayotgan bir paytda agar bola besh yoshgacha bo‘lgan davrda hayotdan olishi kerak bo‘lgan hamma ko‘nikmalarni egallashi to‘g‘ri deb topilsa, ota-otasi bilan yashaydigan yosh oila o‘z farzandini qo‘liga olib erkalamasa, tortinib o‘tirsa, ota va bola o‘rtasida mehr qanday paydo bo‘ladi? Yetti yoshgacha bolaga podshohday, o‘n olti yoshgacha qulday, o‘n oltidan so‘ng do‘stday munosabatda bo‘lish kerak degan tarbiya usullari bugun o‘zini oqlamayapti.

Darhaqiqat, oila qurish, insoniyatning ijtimoiylashuvi bizga Avestodan kirib kelgan. Oila qurish shunchaki erkak bilan ayolning juftlashishi emas, balki insoniyatning birlashuvi demakdir. Shunday ekan, biz oilalarimiz ajrashganda emas birlashganda baxtlimiz. U ham zamonaviy ham milliy ruhda barpo bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Deputatlar taklifiga ko‘ra ish vaqti 16:00 gacha qisqarishi mumkin