date

Dunyoning eng qimmat avtomobil brendlari aniqlandi

Dunyoning eng qimmat avtomobil brendlari aniqlandi

Interbrand konsalting kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan global reytingga ko‘ra, jahon avtomobil sanoatida brend qiymati bo‘yicha yetakchilikni yapon giganti Toyota qo‘lga kiritdi. Kompaniya 2025-yildagi hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘z brendining umumiy qiymatini 74,2 milliard dollarga yetkazgan. Bu 2020-yildan buyon kuzatilayotgan barqaror o‘sish natijasi bo‘lib, har yili o‘rtacha 2 foizlik o‘sishni namoyon etmoqda.

Interbrand tahlilchilari ta’kidlashicha, Toyota nafaqat ishonchlilik va tejamkorlik, balki innovatsiya va barqarorlik sohasidagi yutuqlari bilan ham avtosanoatda ilgarilab bormoqda. Kompaniyaning gibrid va elektr texnologiyalariga e’tibori brend qiymatining oshishiga katta ta’sir ko‘rsatgan.

Reytingda Mercedes-Benz ikkinchi o‘rinni egalladi. Biroq uning brend qiymati 15 foizga pasayib, 50,1 milliard dollarga tushgan. Bu bilan u global brendlar ichida umumiy hisobda 10-o‘rinni egallab turibdi. BMW esa 46,8 milliard dollarlik brend qiymati bilan uchinchi o‘rinda joylashdi, shunday bo‘lsa-da, uning ko‘rsatkichi ham 10 foizga kamaygan.

Qizig‘i shundaki, Tesla reytingida ham pasayish kuzatilgan. Ilgari global elektr avtomobil bozorida yetakchi hisoblangan kompaniya so‘nggi bir yilda qiymatining 35 foizini yo‘qotib, hozirda 29,5 milliard dollarlik brend qiymati bilan faqat 25-o‘rinni egallab turibdi.

Shu bilan birga, Interbrand ma’lumotlariga ko‘ra, bu yilgi reytingda an’anaviy Amerika avto brendlari umuman yo‘q. Ular o‘rnini Xitoyning zamonaviy va tez rivojlanayotgan avto ishlab chiqaruvchilari egallay boshlagan. Bu esa jahon avtomobil bozorida kuchlar muvozanati tobora o‘zgarayotganidan dalolat beradi.

Ekspertlar fikricha, yaqin yillarda elektromobillar, sun’iy intellekt va barqaror energiyaga asoslangan ishlanmalar avto brendlar qiymatida hal qiluvchi omilga aylanishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Dunyoning eng qimmat avtomobil brendlari aniqlandi