Superliganing 25-turidan o‘rin olgan “Neftchi” — OKMK (1:0) bahsi yakunlanganidan so‘ng farg‘onaliklar bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko jurnalistlar bilan muloqotda bo‘lib, o‘yin haqidagi fikrlarini bildirdi.
Murabbiy so‘zlariga ko‘ra, bu bahs juda ham asabiy va og‘ir o‘tgan. Unga ko‘ra, chempionatning bu bosqichida har bir jamoa ochko uchun kurashmoqda va yengil raqib qolmagan.
«Juda qiyin va asabiy o‘yin bo‘ldi — barcha bunga guvoh bo‘ldi. Chempionat oxirida hamma maksimal darajada harakat qilmoqda. Har bir jamoa ochko yig‘ishni o‘ylayapti. Hozirgi vaziyatda har bir bahs biz uchun olti ochkoli. Jamoamni g‘alaba bilan tabriklayman. Biz ishlashda va harakatda davom etamiz», — dedi Levchenko.
Superligada 5ta tur qolgani va “Neftchi”ning chempionlik imkoniyatlari haqida so‘ralganda, murabbiy shunday javob berdi:
«Biz kurashda davom etyapmiz. Kuchli beshlikdagi barcha jamoalar chempionlik uchun harakat qilmoqda. Shu bilan birga pastdagilar ham ochko olish uchun bor kuchini sarflayapti. Har bir bahs biz uchun sinov. Menimcha, chempionlikni xarakter hal qiladi — kimda iroda kuchli bo‘lsa, o‘sha jamoa yutadi».
Shuningdek, u jarohat olgan Anvar G‘ofurov haqida ham ma’lumot berdi:
«Shifokorlar unga birinchi yordam ko‘rsatib, yelkasiga muz qo‘yishdi. Endi u apparat tekshiruvidan o‘tadi. Tibbiy xulosa chiqqach, aniqroq ma’lumot beramiz».
Murabbiy g‘alabani kimga bag‘ishlash haqidagi savolga javoban jamoa muxlislarini alohida e’tirof etdi:
«Bu g‘alabani birinchi navbatda bizni qo‘llab-quvvatlayotgan muxlislarimizga bag‘ishlayman. Ular har o‘yinda stadionda bo‘lishadi va jamoaga ruh bag‘ishlashadi. Biz ular ishonchini oqlash uchun harakatdamiz», — dedi Levchenko.
Jurnalistlar undan “Neftchi” bilan shartnomani yana ikki yilga uzaytirish haqidagi mish-mishlarga ham qiziqishdi. Levchenko bu haqda hozircha aniq so‘z aytmadi:
«Bu masalani hozircha ochiq qoldiraylik. Hozir barcha diqqat chempionat bahslariga qaratilgan», — dedi u kulumsirab.
Shunday qilib, Vitaliy Levchenko matbuot anjumanida jamoasining kayfiyati yuqori ekanini, har bir o‘yinni jonkuyarlik bilan o‘tkazayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, “Neftchi” so‘nggi turlarda ham kurashni to‘xtatmaydi va chempionlik uchun oxirigacha harakat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!