date

Alkogol va tamaki mahsulotlari ustidan raqamli nazorat joriy etiladi

Alkogol va tamaki mahsulotlari ustidan raqamli nazorat joriy etiladi

Vazirlar Mahkamasi yangi qaror qabul qildi — endilikda alkogol, tamaki mahsulotlari va etil spirti ishlab chiqarish hamda ularning aylanmasi maxsus avtomatlashtirilgan tizim orqali nazorat qilinadi, deb xabar berdi Huquqiy axborot kanali.

Hujjat bilan “Iste’mol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishni va ularning aylanmasini nazorat qilish bo‘yicha xavfni tahlil etish avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Yangi nizom orqali davlat organlari mazkur sohadagi jarayonlarni to‘liq raqamli nazorat ostiga oladi. Bu nafaqat ishlab chiqarish va saqlash, balki mahsulotlarni tashish, sotish va eksport-import jarayonlarini ham qamrab oladi.

Talablar alkogol va tamaki mahsulotlari bilan ishlaydigan barcha tadbirkorlik subyektlariga — ishlab chiqaruvchilar, qayta ishlovchilar, distribyutorlar va chakana savdo tarmoqlariga tatbiq etiladi.

Hujjatga ko‘ra, har bir subyektning faoliyati xavf darajasiga qarab baholanadi. Shu asosda tadbirkorlar uch toifaga bo‘linadi:

– xavfi yuqori bo‘lganlar;

– xavfi o‘rtacha bo‘lganlar;

– xavfi past bo‘lganlar.

Eng muhimi, tahlil jarayonida tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish yoki unga to‘sqinlik qilish qat’iyan taqiqlanadi. Bu normaning joriy etilishi tadbirkorlar faoliyatini cheklamasdan, ularning ish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Xavfi past deb topilgan korxonalarga shaxsiy kabinet orqali ogohlantiruvchi xabarnoma yuboriladi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

Ekspertlar fikricha, bu tizim nafaqat kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashishni kuchaytiradi, balki bozorda shaffoflik va raqobat muhitini yaxshilaydi. Shu bilan birga, byudjetga tushumlarni oshirish va salomatlikni muhofaza qilishda ham muhim qadam bo‘ladi.

Shunday qilib, Vazirlar Mahkamasi qarorining qabul qilinishi alkogol va tamaki mahsulotlari aylanmasida nazoratni yangi bosqichga ko‘tarish, sohada raqamli islohotlarni amalga oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Alkogol va tamaki mahsulotlari ustidan raqamli nazorat joriy etiladi