Rossiyaning Orenburg viloyatidagi yirik gazni qayta ishlash zavodi Ukraina droni hujumi natijasida ishdan to‘xtadi. Shu sababli Qozog‘istondan gaz qabul qilish vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Viloyat hokimi Yevgeniy Sontsevning aytishicha, dron zarbasi zavodning bir qismida yong‘inga sabab bo‘lgan. Yong‘in tezda o‘chirilgan, ammo ishlab chiqarish jarayoni to‘liq to‘xtatilgan.
Bu zavod Qozog‘istonning Karachaganak konidan keladigan gazni ham qabul qiladi. Shu sababli hujum Qozog‘iston energetika tizimiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Hozircha gaz uzatish qayta tiklanmagan.
Ukraina rasmiylar so‘zlariga ko‘ra, ular Rossiyaning energiya infratuzilmasiga zarba berish orqali Moskvaning harbiy byudjetini zaiflashtirmoqchi. Ukraina bu hujumni o‘zining “himoya strategiyasi” doirasida amalga oshirganini aytmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa bir kechada 45 ta Ukraina droni urib tushirilganini bildirdi. Ulardan 12 tasi Samara, 11 tasi Saratov va biri Orenburg viloyati ustida yo‘q qilingan. Rasmiylarga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!