Qashqadaryo viloyatida bank xodimasi mijozlarning nomidan ularning roziligisiz kreditlar rasmiylashtirgani aniqlandi. Sudda unga nisbatan hukm o‘qilib, ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qamashi tumanidagi banklardan birida mutaxassis lavozimida ishlab kelgan 25 yoshli ayol bir nechta fuqarolar nomidan soxta hujjatlar tuzgan. U tuman hududida yashovchi bir shaxs nomiga 17 million so‘m, G‘uzor tumanidagi boshqa fuqaro nomiga 32 foizlik 40 million so‘m, Dehqonobod tumanida yashovchi mijoz nomiga 14 million so‘m va yana bir fuqaro nomiga 17 million so‘mlik kredit mablag‘larini ulardan bexabar rasmiylashtirgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchi fuqarolarning imzolarini qalbaki yo‘l bilan tuzib, bank tizimi orqali kreditlarni o‘z manfaati yo‘lida o‘tkazgan.
Sud hukmiga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida aybdor deb topilib, 1-yilu 2 oy muddatga ozodlikdan cheklash jazosiga hukm qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Raqobat qo‘mitasi avvalroq kredit mahsulotlari reklama qilinganda mijozlarni ehtimoliy oqibatlar haqida oldindan ogohlantirish talabini joriy etish taklifini ilgari surgan edi. Bu kabi holatlar esa moliyaviy tashkilotlarda mas’uliyat va shaffoflikni kuchaytirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!