Namanganda fuqarolarni xorijga ishga jo‘natishni va’da qilib, ulardan katta miqdorda pul olgan shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Departamentning Namangan shahar bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ikki holat bo‘yicha firibgarlik harakatlari fosh etilgan.
Birinchi holatda fuqaro M.A. o‘zini ishga joylashtirish bilan shug‘ullanuvchi sifatida tanishtirib, fuqarolar M.S. va A.K.ga Koreya Respublikasiga ishga jo‘natishni va’da qilgan. U shuni evaziga 2 000 dollar so‘ragan va oldindan 1 000 dollarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Yana bir holatda fuqaro R.M. fuqaro M.B.dan Slovakiyaga ishga chiqishni tashkil etish bahonasida 40 million so‘mlik kelishuv asosida pul olgan. U kelishilgan mablag‘ning bir qismini — 600 AQSH dollari va 2,8 million so‘mni qabul qilib olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan.
Har ikki holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangan. Faktlar asosida Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.
Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda fuqarolarni xorijda ishga joylashtirishni va’da qilib, pul talab qiluvchi shaxslar bilan bog‘liq holatlar ko‘paygan. Mutasaddi idoralar bu kabi takliflarga ishonmaslikni, rasmiy litsenziyaga ega agentliklar orqali murojaat qilishni tavsiya qilmoqda.
Shunday qilib, Namanganda fosh etilgan navbatdagi bu holat odamlarning ishonchi va orzusidan foydalanib, boylik orttirishga urinishning yana bir misoli bo‘ldi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu yo‘nalishdagi nazoratni kuchaytirishini ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!