22:48 / 09.12.2018
4 841

O‘zbek olimi Zohid Zokir Eynshteynning orzusini amalga oshirdimi?

O‘zbek olimi Zohid Zokir Eynshteynning orzusini amalga oshirdimi?
Turon24ga olim Zohid Zokir "yulduzlar to‘g‘risidagi fanda o‘zgarish qilishi mumkin bo‘lgan kashfiyot" qilgani to‘g‘risida xabar berdi. U qora tuynuklar tabiatda mavjud emasligini isbotlab, Eynshteynning orzusini amalga oshirganini iddao qilmoqda. Bu borada astrofizik olim Po‘lat Tojimurodov o‘z munosabatini bildirdi. Uning fikricha, Zohid Zokirning natijalari biror-bir olamshumul xulosa qilish uchun yetarli emas.

Qora tuynuk g‘oyasi bilan birinchi bor tanishganda Albert Eynshteyn "yulduzlar bunday ahmoqona ish qilmaydi" deb aytgan va qora tuynuklarga shunchaki bir matematik g‘aroyibat sifatida qaragan. Lekin keyinchalik Chandrasekar, Oppengeymer va Volkovning ishlari natijasida qora tuynuklar aynan qay yo‘l bilan va qanday sharoitda vujudga kelishi ma’lum bo‘lgan.

Birinchi bor Zohid Zokir o‘z g‘oyasini O‘zbekiston ilmiy hamjamiyatiga shu yilning birinchi choragida, O‘zbekiston Milliy universiteti fizika fakulteti yadro va nazariy fizika kafedrasi ilmiy seminarida namoyish etgan. Seminar bayonida aytilishicha, Zohid Zokirga o‘z tadqiqotlarida yulduzlarning realistik modellaridan foydalangan holda tadqiqotlarini to‘g‘rilash va o‘z g‘oyasining kuzatuv yoki tajriba orqali tekshirish mumkin bo‘lgan xulosalarini e’lon qilish tavsiya etilgan.

Zohid Zokirning o‘z g‘oyasini ilgari surib, "Astrophysics and Space Sciences" ilmiy jurnalida e’lon qilgan maqolasi to‘g‘risida fan doktori, Universitetlararo astronomiya va astrofizika markazi (Puna, Hindiston)ning sobiq direktori, professor Naresh Dadichning fikrini keltirib o‘taman.

"Men avvalgi kelganimda (2016 yil) Zohid Zokir bilan uchrashganman. Uning o‘z instituti bor, u o‘sha payt ham menga frozarlar to‘g‘risida gapirgan. U menga o‘zining g‘oyalariga haddan ziyod bog‘lanib qolgan kishilardan biridek ko‘rindi. "Astrophysics and Space Sciences"da chop etilgan har qanday narsaga shubha bilan qarash kerak. Bu jurnal yomon nom chiqarganki, undagi har qanday maqola o‘ziga salbiy e’tiborni tortadi. Ikkala maqolani qarab chiqib, hech birida naf ko‘rmadim. Changning o‘z gravitatsiyasi ta’sirida kollapsga uchrashiga qarshilik qiluvchi hech bir kuch yo‘qligida uning kollapsi muqarrarligini ko‘rish uchun xisoblashlarni bajarish yo tekshirish shart emas. Qayerdadir nimadir qotib qolishiga hech bir sabab yo‘q. Muammo koordinatalarda. Bu jarayonni aynan hamharakat kuzatuvchi koordinatalarida o‘rganish to‘g‘ri, tashqi kuzatuvchi esa uning sanoq sistemasi kollaps jarayonini r=2M ga yaqin radiuslarda o‘rganish uchun to‘g‘ri kelmasligini bilishi lozim".
Bu yerda o‘z instituti to‘g‘risidagi jumlaga bir oz aniqlik kiritish kerak. Gap shundaki, Zohid Zokir rasman Astrofizika va nazariy fizika markazi deb ataluvchi tashkilotda ishlaydi. Biroq bu markazning O‘zbekiston fanlar akademiyasiga ham, birorta OTMga ham aloqasi yo‘q.

Endi Zohid Zokirning g‘oyasi haqida fan doktori, Fudan universiteti (Shanxay, XXR) sobiq ilmiy xodimi, xalqaro Nazarboyev universiteti (Ostona, Qozog‘iston) professori, gravitatsion kollaps, kvant gravitatsiya, moddaning yupqa qobiqlari bo‘yicha mutaxassis Daniele Malafarinaning fikrini keltirsak.

"Maqolaga faqat tez ko‘z yugurtirib chiqa oldim.Tushunishimcha, Zokirning maqolasida qora tuynuklar shakllanadi, Marshallning tanqidi esa koordinatalarni noto‘g‘ri almashtirishdan kelib chiqqan, deyilgan. Maqola to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, u qora tuynuklar paydo bo‘lmaydi, demayapti. Men tushunmagan joyim – u Marshallning iddaosi noto‘g‘riligini ko‘rsatish bilan nega ovora bo‘ldi, unga (Marshallning g‘oyasiga) shundoq ham hech kim parvo qilmayotgandi. Maqoladagi mulohazalarni tushunish qiyin, chunki u (Zohid Zokir) qanday koordinatalardan foydalanayotgani va kattaliklar qay yo‘lda aniqlanganini ko‘rsatmagan. Uning maqsadi Marshallning maqolasiga javob berish, shuning uchun avval Marshallning maqolasini o‘qish kerak. Uni qarab chiqdim, lekin hisoblashlarni takrorlamadim. Birinchi qarashda Marshall shunchaki ma’lum bir koordinata almashtirishini topgan va shu koordinatalarda qora tuynuk hosil bo‘lmaydi. Zokirning aytishicha, bu koordinata almashtirish noto‘g‘ri, chunki u avval kiritilgan shartni qanoatlantirmaydi. Muzlagan yulduz ssenariysi dastavval Oppengeymer va Snayder tomonidan tavsiflangan, ular uzoqdagi kuzatuvchining koordinatalaridan foydalangan. Biroq hamharakat koordinatalarga o‘tsangiz, hamharakat kuzatuvchilar singulyarlikka chekli vaqtda yetib borishini ko‘rasiz (xuddi Shvarsshild fazo-vaqtining markaziga qulayotgan sinov zarracha singari). Marshall bu noto‘g‘ri, deydi, Zokir esa Marshallning gapini noto‘g‘ri deydi".

Ya’ni doktor Malafarinaning aytishicha, Zohid Zokir qora tuynuklar yo‘qligini emas, aksincha, ularning borligini ko‘rsatgan. Bunda ham yangi, original tadqiqot orqali emas, Oppengeymer va Snayderning ishini takrorlash orqali.

(Yuqoridagi ikki hat 2018 yilning yanvar oyida, O‘zbekiston Milliy universitetidagi muhokamadan bir oz ilgari olingan).

Maqola yil boshida chop etilganiga qaramay, birorta boshqa ilmiy ishda unga havola berilmagan. ADS ilmiy maqolalarni qidirish tizimi ma’lumotlariga ko‘ra uning ilmiy ishlari orasida eng ko‘p havola arXiv preprintlar (jurnalda hali chop etilmagan, yoki jurnal qabul qilmagan matnlar) veb-saytida e’lon qilingan "Four-Index Equations for Gravitation and the Gravitational Energy-Momentum Tensor" maqolasiga berilgan. Ularning soni uchta va hammasi Zohid Zokirning boshqa preprintlaridan berilgan havolalar, ya’ni ishiga o‘zi bergan havolalardir.

Asli muzlagan yulduzlar haqidagi nazariya qayerdan kelib chiqdi? Oppengeymer va Snayder o‘zaro ta’sirlashmaydigan chang zarralari bulutining butun olam tortishish kuchi, gravitatsiya ta’sirida siqilishini (gravitatsion kollapsni) o‘rgangan. Bunda modda zarralari orasidagi har qanday boshqa o‘zaro ta’sir hisobga olinmagan va ma’lum bir turdagi kuzatuvchi (bulutdan cheksiz uzoq masofada joylashgan muallaq kuzatuvchi) sanoq sistemasida, ya’ni shunday kuzatuvchining ko‘zi bilan qaraganda kollaps jarayoni cheksiz uzoq davom etishi, chang buluti hech qachon oxirigacha siqilib, qora o‘raga aylanmasligi ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, bulutdan chekli uzoqlikda joylashgan yoki bulutdagi zarralar bilan birga harakatlanuvchi kuzatuvchilarning sanoq sistemasida bu jarayon ma’lum vaqt davomida tugab, barcha modda yangi hosil bo‘lgan qora tuynuk markazidagi singulyarlikka tushadi.

Zohid Zokirning birinchi xatosi aynan bir sanoq sistemasini boshqa sanoq sistemalaridan ustunroq qo‘yishi, nisbiylik prinsipiga e’tibor qilmagani. Bundan tashqari, modda zarralarining o‘zaro ta’sirini hisobga olmaslik yo‘ldan juda qattiq adashtirishi mumkin. Misol uchun, ideal gaz nazariyasida o‘zaro ta’sir hisobga olinmagani sababli gazning suyuq, keyin esa qattiq holatga o‘tishini bu nazariya umuman yorita olmaydi. Tabiatda go‘yoki faqat gazlar bor, suyuqlik va qattiq jismlar yo‘qdek bo‘lib qoladi. Atrofdagi jarayonlarni to‘g‘ri tavsiflash uchun hech bo‘lmasa taqriban bo‘lsa ham o‘zaro ta’sirni hisobga olish kerak. Zohid Zokir iddaosiga ko‘ra, agar soddalashtirilgan modelda (uning ustiga ayni bir tanlangan sanoq sistemasida) kollaps jarayoni tugallanmasa, demak, tabiatda ham shunday bo‘ladi. Modelni aniqlashtirish natijalarni nafaqat miqdor, balki sifat jihatidan ham o‘zgartirishi mumkin (tartibsiz harakatdagi gaz zarrachalari harorat pasayganida o‘ta yuqori tartibga ega bo‘lgan kristall panjara ko‘rinishida joylashishi bunga misol bo‘la oladi).

Bahsli, munozarabop tadqiqotlar ilm-fan rivojida o‘ziga yarasha muhim o‘rin egallaydi. Biroq tadqiqot nafaqat bahsli, balki xatolardan xoli va xolis bo‘lishi ham kerak. Aks holda u fanni rivojlantirish o‘rniga uni egri yo‘lga kirgizib yuboradi.
Po‘lat Tojimurodov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbek olimi Zohid Zokir Eynshteynning orzusini amalga oshirdimi?