Surxondaryo viloyatida qurilish sohasida navbatdagi firibgarlik holati fosh etildi. Bu safar “loyiha hujjatlarini oson oʻtkazib berish” bahonasi bilan pora talab qilingani maʼlum boʻldi.
Maʼlumotlarga koʻra, qurilish ishlarini loyihalash bilan shugʻullanuvchi xususiy korxona arxitektori Muzrabot tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirgan. U fuqaro egaligidagi, qurilishi hali yakunlanmagan bino hujjatlarini tegishli idoralardan “muammosiz” tasdiqlatib berishni vaʼda qilgan. Eʼvaziga esa 17 million soʻm talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs soʻralgan pulni olayotgan vaqtida ashyoiy dalillar bilan ushlangan.
Biroq hodisa shu bilan tugamagan. Tergov jarayonida aniqlanishicha, arxitektor 17 million soʻmdan 1 millionini Muzrabot tuman qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi boshligʻiga berishni rejalashtirgan. Natijada mazkur mansabdor ham pora mablagʻini qabul olayotgan vaqtida qoʻlga olingan.
Hozirda har ikki shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.
Tergov organlari maʼlum qilishicha, qurilish sohasidagi bunday holatlar soʻnggi paytlarda koʻpayib borayotgani sababli, joylarda nazorat va shaffoflikni taʼminlash choralari kuchaytirilmoqda.
Ekspertlar taʼkidlashicha, loyiha hujjatlarini tezlashtirish bahonasida pora talab qilish holatlari nafaqat qonunbuzarlik, balki qurilish sifatining pasayishiga ham olib kelishi mumkin.
Surxondaryo voqeasi shundan dalolat bermoqda: adolatdan chetga chiqqan har qanday harakat baribir fosh boʻladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!