"Paxtakor" bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev “Qizilqum” ustidan qo‘lga kiritilgan yirik g‘alabadan keyin jurnalistlar savollariga javob berdi.
Tojiyevning so‘zlariga ko‘ra, “sherlar” uchrashuvni ilk daqiqalardanoq to‘liq nazorat ostida ushlab turgan. U jamoaga raqibning himoya chizig‘ida bo‘sh joylar bo‘lishini oldindan ta’kidlaganini aytib o‘tdi.
«O‘yinning boshidanoq nazoratni qo‘lga oldik. Birinchi gol ham shunga natija bo‘ldi — raqibning himoyasida bo‘shliqlar paydo bo‘lishini yigitlarga oldindan aytgan edim», — dedi Tojiyev.
Undan keyingi savolda murabbiydan “Xorazm”ga qarshi bo‘ladigan bahsda ham shu tarkib maydonga tushadimi, degan savol berildi. Jurnalistlar bu haqda so‘rashganida, Tojiyev javobni ochiq qoldirdi:
«Bizda aniq rejalar bor, lekin hozir buni oshkor qilolmayman», — deya javob berdi u.
Shuningdek, tarkibda qaysidir pozitsiyada yetishmovchilik bor-yo‘qligi haqida so‘ralganda, Tojiyev jamoa imkoniyatlaridan mamnunligini bildirdi:
«Hozirgi kunda bizda yetarlicha kuchli tarkib mavjud. Har bir pozitsiya uchun munosib futbolchi bor», — dedi murabbiy.
Jurnalistlar Zaid Tahsin haqida ham so‘rashdi — u Iroqda qizil kartochka olgandan keyin jamoaga darrov qaytgani yoki oxirigacha qolgani qiziqtirdi.
Tojiyev bu borada shunday izoh berdi:
«Yo‘q, u jamoasi bilan qoldi. Chunki qaytish biletlari oldindan rasmiylashtirilgan edi».
Kamoliddin Tojiyevning intervyusi jamoada ishonch va barqarorlik kayfiyati hukm surishini ko‘rsatdi. Uning fikricha, “Paxtakor” hozirda nafaqat natija, balki o‘yin uslubida ham barqaror rivojlanish bosqichida turibdi.
Shunday qilib, murabbiy g‘alabadan keyin katta shov-shuvsiz, lekin ishonch bilan jamoa rejalari haqida gapirdi. “Sherlar”ning navbatdagi bahslarda ham shunday ruh va intizomni saqlab qolishi jamoa oldidagi asosiy maqsad bo‘lib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!