Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida juda dahshatli holat ro‘y berdi — 7 yoshli qizaloq o‘z qarindoshi tomonidan zo‘rlandi. Bu haqda Kun.uz nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1987 yilda tug‘ilgan B.S. 2025 yil 14 oktyabr kuni tog‘asi J.M.ning uyida bo‘lib o‘tgan to‘y marosimiga qatnashgan. U marosim paytida tog‘asining 2018 yilda tug‘ilgan nevarasi I.K.ni aldash yo‘li bilan chetga olib chiqib, unga nisbatan jinsiy tajovuz sodir etgan. Jinoyatdan so‘ng erkak voqea joyidan qochib ketgan.
Qidiruv ishlari ikki kun davom etgan va natijada gumonlanuvchi qo‘lga olingan. 2025 yil 16 oktyabr kuni Yangiqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, B.S. avval ham shunga o‘xshash og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan. 2020 yilda u Namangan tuman sudi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi “b” bandi bo‘yicha aybdor deb topilib, 10 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Keyinchalik 2025 yil 19 fevralda Chirchiq shahar sudi uning o‘talmagan 5 yillik jazosini axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirgan.
Bundan oldin, 2014 yilda ham B.S. Jinoyat kodeksining 112, 119 va 277-moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, 10 yilga qamalgan edi. 2015 yilda uning jazosi qisqartirilib, axloq tuzatish ishlariga o‘zgartirilgan.
Hozirda 7 yoshli jabrlanuvchi qizcha og‘ir ahvolda bo‘lib, reanimatsiya bo‘limida davolanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!