09:21 / 17.12.2018
3 659

Samarqandda turistik ob’ektlarga belgilangan narxlar haqida

Samarqandda turistik ob’ektlarga belgilangan narxlar haqida
O‘zbekistonda keyingi yillarda turizmni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizdagi tarixiy obidalarga turistlarni yanada ko‘proq jalb qilish uchun davlat rahbari va hukumat darajasida turli farmon va qarorlar qabul qilinmoqda. Turli xalqaro ko‘rgazmalar tashkil etilmoqda, turizm infrastrukturasi rivojlantirilmoqda, transport qatnovlari ko‘paytirilmoqda, tarixiy shaharlarimizda mehmonxonalar soni tobora ortib bormoqda.

Buning natijasi o‘laroq, yildan yilga mamlakatimizga turistlar oqimi ko‘payayotgani qayd etilmoqda va tugab borayotgan yilda bu borada rekord ko‘rsatkichga erishilishi tayin.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2018 yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonga 4,6 million nafar xorijlik kirib kelgan.

O‘zbekistonga kirib kelgan barcha xorijlik fuqarolarning 7 foizi safar maqsadi sifatida sayyohlikni ko‘rsatgan. Ko‘pchilik (72 foiz) mamlakatga qarindoshlarini ko‘rish maqsadida tashrif buyurgan.

Ya’ni, mamlakatimizga kirgan xorijiy davlat fuqarolari aksariyatining O‘zbekistonda qarindoshlari bor va ularning ham aksariyati o‘zimizga qo‘shni bo‘lgan davlatlardan kirib kelishmoqda.
Ayniqsa, Tojikiston bilan chegaralar ochilgach, bu qo‘shni davlatdan yurtimizga tashrif buyurganlar soni 9 oyda 1 million 165 ming nafarni tashkil etgan.

O‘zbekistonga kelgan kishi borki, Samarqandu Buxoroning qadim minoralarini ko‘rmasdan ketmaydi. Yurtimizdagi osori-atiqalarni tomosha qilish esa pullik. Xususan, Samarqandda barcha joylarga kirish uchun voyaga yetgan O‘zbekiston fuqarolari bir xil narx — 1000 so‘m qilib belgilangan. Biroq, xorijiy fuqarolar uchun belgilangan narxlar bir necha o‘n karra baland.

Masalan, «Registon» ansambliga kirish 30 ming, Amir Temur maqabarasiga kirish 22 ming, Ulug‘bek rasadxonasiga kirish 22 ming so‘m va hokazo. Shohi Zinda, Bibixonim masjidi, Xo‘ja Doniyol maqbarasi, hattoki yangi qurib bitkazilgan Imom Buxoriy majmuasiga kirishda ham ahvol shu. Hattoki hovlisiga O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov dafn etilgan Hazrati Xizr masjidiga kirish ham pullik qilinibdi. Albatta, Karimov ziyorati tekin, lekin ziyoratga ko‘tarilayotib, o‘sha yerdagi xodimlarning «avval bu yoqqa kiringlar», deb masjidga kirishga jalb etishi kishining ensasini qotiradi.

Samarqandga tanish-bilishlar kelib turadi. Ularni aylantirish asnosida bir narsaga guvoh bo‘ldim: Qozog‘iston, Tojikiston kabi qo‘shni davlatlardan kelganlarni bunday narxlar og‘rintirmoqda. Ular chipta narxi biroz qimmat ekanini baralla aytishmoqda. Hattoki qimmat ekan, deb Registonga kirmasdan burilib ketganlarga ham guvoh bo‘ldim. 5-6 kishi kiradigan bo‘lsa mo‘maygina pul bo‘lyapti-da axir!

Kassirlarni «shu yerdanman», deb aldashga urinish ko‘p ham samara bermaydi. Ko‘zlar «rentgen» bo‘lib ketgan. Hattoki, o‘rni kelsa pasport talab qilisharkan.

Xalqimizda yon qo‘shning — jon qo‘shning, degan gap bor. Prezidentimiz ham yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlashga katta e’tibor bermoqda. Samarqand viloyat madaniyat boshqarmasi obidalarga kirishda chipta narxlarini belgilashda O‘zbekistonning qo‘shnisi bo‘lgan 5 davlat — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘oniston fuqarolariga alohida, arzonroq narx belgilashi kerakmikan… MDH davlatlarining barchasiga imtiyoz berib o‘tirish shart emas, shunchaki mantiqan O‘zbekistonga chegaradan qo‘shni bo‘lgan 5 davlatga.

Chunki, badavlat Fransiya yo Yaponiyadan kelgan turist bilan qo‘shni davlatlardan kelgan mehmonlarning farqi bor-ku?! Aytaylik, mahalliy aholi uchun 1000 so‘m bo‘lgan chipta ularga barcha joyda bir xil— 5 ming so‘mdan qilib belgilansa bo‘lmaydimi?

Uzoq xorijdan kelganlar uchun belgilangan bu narxlar u qadar qimmat emas. Hattoki, xorijiy davlatlardagi bunday ob’ektlarga kirish uchun belgilangan narxlarga solishtirilganda o‘ta arzon ham. Lekin qo‘shni davlatlarda oddiy aholining yashash tarzi O‘zbekistondagidan keskin farq qilmasligini ham unutmasligimiz kerak.

Qo‘shni davlatlarga samolyot, poyezd va avtobus qatnovlari qo‘yilmoqda. Samarqandu Buxoroni ko‘raman, degan oshuftalar juda ko‘p. Qolaversa, u yerlarda ham millionlab o‘zbeklar istiqomat qilishadi. Ular-chi?

Albatta, bu chora qo‘shni davlatlardan turistlar oqimini yanada ko‘paytiradi, degan da’vodan yiroqman. Lekin arzonroq narx tufayli bunday ehtiromni o‘z tanasida his qilgan, ularga begona emasligi bildirilgan qo‘shnilarimiz yurtimizdan yaxshi xotira bilan ketishi aniq. Xullas, yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa bo‘ladigan vaziyat.
Shuhrat Shokirjonov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda turistik ob’ektlarga belgilangan narxlar haqida