date

“Nasaf” ustozi mag‘lubiyat sabablarini matbuotga ochiqladi

“Nasaf” ustozi mag‘lubiyat sabablarini matbuotga ochiqladi

OFK Elit Chempionlar ligasi 1-turidan o‘rin olgan “Al Ahli” – “Nasaf” uchrashuvi juda dramatik vaziyatlarda o‘tdi. Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan bellashuvda saudiyaliklar 4:2 hisobida g‘alaba qozonishdi. O‘yindan so‘ng mehmon jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etib, natija yuzasidan o‘z fikrlarini baham ko‘rdi.

— Bugun yulduzlar va katta mahoratga ega jamoaga qarshi maydonga tushdik. Yigitlarda charchoq alomatlari bor edi, shu bois ayrim xatolarga yo‘l qo‘ydik va tashabbusni raqibga topshirishga to‘g‘ri keldi, — dedi Berdiyev.

Undan mag‘lubiyatning asosiy sababi nimada ekani so‘ralganda, murabbiy batafsil izoh berdi:

— Birinchi golda xatoga yo‘l qo‘ydik. Darvozabonimiz oldinga chiqishi mumkin edi, ammo chiqqandan so‘ng to‘g‘ri harakat qilish kerak edi. Afsuski, to‘pni noto‘g‘ri qabul qildi. Shu goldan keyin raqib uyg‘ondi va tashabbusni to‘liq o‘z qo‘liga oldi. Ikkinchi goldan so‘ng esa charchoq alomatlari yanada yaqqol ko‘zga tashlandi va ko‘p vaziyatlarga imkon berib qo‘ydik.

Berdiyevning aytishicha, bu mag‘lubiyatning asosiy sabablari xatolar va jamoadagi charchoq bo‘ldi. — Yigitlar munosib kurash olib borishdi, ammo mahorat jihatidan ustun bo‘lgan raqib g‘alabani qo‘lga kiritdi, — dedi u.

Murabbiy shundan so‘ng “Al Ahli”da to‘p tepayotgan futbolchilarning yuqori darajadagi mahoratini ham qayd etdi: — Bugun 4ta gol o‘tkazdik. Bu jamoada eng yaxshi futbolchilar to‘planganini inobatga olish kerak. OFK Elit Chempionlar ligasida ishtirok etayotgan jamoalarning saviyasi juda yuqori. Biz kuchli raqibga mag‘lub bo‘ldik, — deya so‘zini yakunladi Berdiyev.

Shu tariqa, “Nasaf” ustozi mag‘lubiyatni asosan charchoq va xatolar bilan izohladi. Ammo u jamoa munosib kurash olib borganini va keyingi bahslarda yanada kuchliroq o‘yin ko‘rsatishiga ishonch bildirdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Nasaf” ustozi mag‘lubiyat sabablarini matbuotga ochiqladi