Google Buyuk Britaniyaga 6,8 milliard dollar investitsiya kiritishini ma’lum qildi. Qaror AQSh prezidenti Donald Trampning davlat tashrifi oldidan e’lon qilindi. Tashrif davomida 10 milliard dollardan ortiq iqtisodiy bitimlar imzolanishi kutilmoqda.
Kompaniya Londonga yaqin hududda yangi ma’lumotlar markazini ochadi. U Google’ning bulutli xizmatlari va sun’iy intellekt asosidagi mahsulotlariga ortib borayotgan talabni qondirishga xizmat qiladi.
Buyuk Britaniya moliya vaziri Reychel Rivs bu qarorni “iqtisodiyotga bo‘lgan ishonch” deb baholadi. Google hisobiga ko‘ra, yangi investitsiya yiliga 8 mingdan ortiq ish o‘rni yaratadi.
Google, shuningdek, Shell kompaniyasi bilan hamkorlik qilib, mamlakatning energiya tizimi va ekologik barqarorligiga hissa qo‘shishini bildirdi. 2026-yildan boshlab kompaniya Buyuk Britaniyada 95 foizgacha toza energiyada ishlashni rejalashtirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!