Angliya Premer-ligasining to‘rtinchi turida bo‘lib o‘tgan Manchester derbisi hamon qizg‘in muhokamalar markazida. «Etihod»da o‘tgan va 3:0 hisobida «Manchester Siti»ning yirik g‘alabasi bilan yakunlangan bahs borasida nufuzli bbc.com portali har ikki jamoa muxlislarining fikrlarini o‘rgandi.
“Manchester Siti” muxlislari nimalar dedi?
Anurag:
— Juda muhim g‘alaba! Erling Xoland va Fil Foden yana bir bor «Yunayted»ga qarshi ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi. Uchrashuv boshidanyoq zavqli kechdi. Janluiji Donnarumma darvozada ishonchli harakat qildi, Abduqodir Husanov esa himoyada qat’iyat bilan o‘ynadi.
Brian:
— Nihoyat, «Siti» o‘z o‘yinini topdi. Fil Fodenning qaytishi butun jamoani ruhlantirdi, g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq kuchaydi. Bunday formada «Siti» nafaqat Premer-ligada, balki Chempionlar ligasida ham qo‘rqinchli raqibga aylanadi. Jamoa maydonda o‘zini ishonch bilan ko‘rsatdi.
CF:
— Manchester bu gal havorangga burkandi. Donnarumma bir nechta superseyvlar qildi, Foden go‘zal gol urdi, Xoland hujumda ideal o‘ynadi, Dok-u zo‘r paslar uzatdi. Bu haqiqiy jamoaviy master-klass bo‘ldi.
Andy:
— Albatta, ishlanishi lozim bo‘lgan jihatlar bor. «Siti» juda ko‘p to‘p yo‘qotdi va kuchliroq raqib bo‘lganida jazolashi mumkin edi. Shunga qaramay, Xoland va Fodenning ajoyib o‘yini, Husanovning qat’iyatli harakatlari va Donnarummaning muvaffaqiyatli debyuti — uchrashuvning ijobiy tomonlari bo‘ldi. Agar shu kayfiyat «Napoli»ga qarshi ham saqlansa, Chempionlar ligasi g‘alaba bilan boshlanishi mumkin.
“Manchester Yunayted” muxlislari tanqid bilan chiqdi
Mark:
— Himoya bunday ahvolda tursa, hujumchilarga 200 million funt sarflashning umuman ma’nosi yo‘q. Uchala himoyachi ham juda sekin harakat qiladi. Jamoada ishtiyoq sezilmaydi.
Andy:
— «Yunayted» avval gol urishni yo‘lga qo‘yishi kerak. Himoya juda bo‘sh. Tez orada to‘rt himoyachi bilan bir chiziqli sxemaga o‘tish zarur. Agar bu ish bersa, Ruben Amorim hozirgi taktikasidan xatoga yo‘l qo‘yayotganini anglatadi. Men unga hurmat bilan qarayman, ammo qaysarligi bilan o‘ziga o‘zi choh qaziyapti.
Rob:
— Amorim doim «Biz yaxshiroq o‘ynashimiz kerak», deydi. Buni biz ham yaxshi bilamiz. Lekin amaliy o‘zgarish yo‘q. Natijada ahvol xafsalani pir qilmoqda. Murabbiyni almashtirib, klassik sxemalarga qaytish vaqti keldi.
Graham:
— Yana bir fiasko. Jamoada sifat yetishmaydi. Biz Ugartega ortiqcha ishonib, o‘zimizni aldayapmiz. Shou esa piyoda yurgan yo‘lovchidan farq qilmaydi. Bosh murabbiyda aniq reja yo‘q, mas’uliyatdan qochayotgandek. Shunday davom etsa, hammasini yo‘qotishimiz aniq.
Shu tariqa, derbidagi 3:0 hisobidagi natija «Siti» muxlislari uchun faxr va quvonch, «Yunayted» tarafdorlari uchun esa alam va tanqid uyg‘otdi. Manchester shahridagi ikki jamoa atrofidagi bahslar esa hali ancha vaqt davom etishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!