date

Toshkentda “Premier Motors Auto” atrofidagi yirik firibgarlik ochildi

Toshkentda “Premier Motors Auto” atrofidagi yirik firibgarlik ochildi

Toshkent shahrida joylashgan “Premier Motors Auto” MCHJ faoliyati bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan yangi ma’lumotlar ochiqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, kompaniyada menejer lavozimida ishlab kelgan 32 yoshli D.I. ko‘plab holatlarda fuqarolarning ishonchini qozonib, ularni aldash orqali juda katta mablag‘larni o‘zlashtirgani aytilayotir.

Kun.uz tahririyati ko‘rib chiqqan ayblov xulosasiga ko‘ra, D.I. MCHJ ta’sischilaridan biri Sh.R. va ayrim ishchilar bilan bir guruhga birlashib, 20 ga yaqin holatda odamlarni “mashina olib beramiz yoki sotib olamiz” degan va’dalar bilan ishontirgan. Biroq to‘langan mablag‘lar shaxsiy ehtiyojlarga yo‘naltirilgan.

Masalan, Sergeli tumanidagi “Premier Motors Auto” avtosalonida fuqaro V.A.ning ishonchiga kirgan D.I. unga Cobalt avtomashinasini 10 200 dollarga sotib olishini, pulini esa qisqa muddatda qaytaraman deb va’da qilgan. Ammo u avtomobilni boshqa shaxsga sotib, mablag‘ni shaxsiy manfaatlariga sarflagan.

Shu kabi holatlar bir necha fuqarolar bilan ham sodir etilgan. Jumladan, A.B.ning Malibu (375 mln so‘m), I.M.ning Lixiang L9 (72 500 dollar), A.M.ning BMW I3 (47 ming dollar), U.X.ning Cobalt (13 ming dollar), I.Yu.ning Gentra (12 ming dollar) kabi qator mashinalari sotib olinganday qilib, keyin boshqalarga pul uchun o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, D.I. o‘zini MCHJ rahbari deb tanishtirib, fuqaro S.M.ga Equinox olib berishni va’da qilgan va 44 mln so‘m olgan. Undan tashqari turli fuqarolardan Onix, Malibu, Traverse va Lixiang L9 kabi avtomobillar uchun juda katta mablag‘lar yig‘ib olgan. Biroq barcha va’dalar bajarilmagan, puli esa shaxsiy ehtiyojlarga sarflangan.

Ayrim holatlarda hatto hujjatlar qalbakilantirilgani aniqlangan. Sudga oid ekspertizalar shartnomadagi imzolar MCHJ rahbariga tegishli emas, balki D.I. tomonidan qo‘yilganini ko‘rsatgan.

Natijada, D.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 228-moddasi (hujjatlarni tayyorlash va qalbakilashtirish), shuningdek 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha og‘ir ayblovlar qo‘yildi.

Ayni paytda ish “Premier Motors Auto” ta’sischisi Sh.R. va kompaniya xodimlari bo‘yicha alohida ish yurituviga ajratilgan. Tergov jarayonlari davom etmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda “Premier Motors Auto” atrofidagi yirik firibgarlik ochildi