4–14-sentyabr kunlari Angliyaning Liverpul shahrida kattalar o‘rtasidagi boks bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixiy natija qayd etib, 6 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Bugun, 16-sentyabr tongida mamlakatimiz qahramonlari Vatanga qaytishdi. Chempionlarni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Sport vaziri Adham Ikromov, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosari Saken Polatov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, shuningdek, rasmiylar, ommaviy axborot vositalari va sovrindorlarning ota-onalari tantanali ravishda kutib oldi.

Tantanali kutib olish marosimida rasmiylar bokschilarimizni samimiy tabriklab, ularning bu kabi muhim musobaqalarda yurtimiz sharafini baland tutishi va bayrog‘imizni yuksaklarda ko‘tarib yurishiga tilaklar bildirishdi. Yakunda g‘olib va sovrindorlarga zarchoponlar yopildi, gullar taqdim etildi.

Eslatib o‘tish joiz, To‘lqin Qilichev boshchiligidagi O‘zbekiston milliy jamoasi erkaklar bahslarida 6 ta oltin medal bilan jamoaviy hisobda 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Umumiy jadvalda esa vakillarimiz Qozog‘istondan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi.

Shu tariqa, o‘zbek boksi yana bir bor dunyo sahnasida yuksak natija qayd etib, yurtimiz sport tarixi sahifasiga yorqin iz qoldirdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar