12:25 / 21.12.2018
6 136

Qora shim (Bo‘lgan voqea)

Qora shim (Bo‘lgan voqea)
Bolaligimizda bor – yo‘q, yo‘qlar ko‘p edi. Nima istasak “yo‘q”, deyilardi. Ota-onamiz qiyinchilik davrlarda katta bo‘lishgan. Bizlar ham ularning ko‘rgan qiyinchiliklari ta’sir etadigan davrga to‘g‘ri keldik (Men o‘zim 1962 yili tug‘ilganman). Nima istasak “yo‘q”, nima xohlasak “yo‘q”. Masalan, “shim olib bering”, desam “yo‘q” deyishadi, “o‘yinchoq olib bering”, deyman, “o‘zing yasa”. Men o‘yinchoqlarimni loydan yasaganman. Ba’zan otamning cho‘ntaklarini kesib, ichiga yung solib to‘p qilib o‘ynardim. Singlim qo‘g‘irchoqlarini o‘zi tikdi. Shuning uchun oddiy narsaning qadrini ham juda yaxshi bilamiz.

Bir kuni dadam, “sizlarga yangi shim olib kelaman”, dedilar. Biz juda xursand edik. “Yo‘q”larga o‘rgangan quloqlarimizga juda yoqimli eshitildi bu. Uch aka singil qishloq tashqarisiga chiqdik. Qo‘llarimizni iyyagimizga qo‘yib xayol qura boshladik: “Hokimning o‘g‘liga o‘xshab bizlar ham yangi shim kiyamiz...”

Men uchinchi sinfga borardim. Singlim birinchi sinf, ukam Rafet olti yoshda. Bizlar u paytda gulli ishtonlar kiyar edik.

Ukam menga:
– Shimingizni qaysi rangda bo‘lishini xohlaysiz, akajon”, dedi.

Juda sodda bo‘lganmiz, butun qishloqda elektr, televizor yo‘q, dunyodan bexabar edik.
– Qora rangli bo‘lsin, dedim.
– Qaniydi meniki ko‘k bo‘lsa, dedi.
– Shahar oyoq kiyimini ham sotib oladilarmi”, deb yana so‘radi.
Men “yo‘q”, dedim.
– Qora rezinka kalish borku, o‘shandan olib keladilar”.

O‘sha paytda uzoqdan avtobus ko‘rindi. Orqasidan chang to‘zitib kelyapti. Bor umidimiz shu, uzoq kutganimiz, shim kelyapti. Dadam paketlarni ochdilar. Menga qora shim, oq yoqalik qora kiyim va qora kalish. Singlimga ham huddi shu kiyimlar. Lekin havas bilan kutgan, bizlarga savol berib hayojonlantirgan Rafet ukam hayron. Paketlarni rosa titdi, o‘zinikini topa olmagandan keyin dadamga qarab, umid bilan “menga yo‘qmi” dedi.

– O‘g‘lim keyingi safar albatta olib kelaman, dedilar.
– Lekin men rosa kutayotgan edim, dedi ukam va yig‘lab boshqa xonaga kirib ketdi. Dadamning ko‘zlari yoshinqiradi. Kechki ovqat dasturxonida hammamiz jim o‘tiribmiz. Faqatgina ukamning yig‘isiragan ovozi eshitilardi, xo‘rsinib-xo‘rsinib qo‘yar edi.

Men ertalab maktabga ketdim. Kelganimda ukam menga qarab, – Akajon, sizga qora shim rosa yarashibdi, men ham bir martta kiyib ko‘rsam bo‘ladimi?

– Yo‘q, bo‘midi, kir qilib qo‘yasan, – dedim. Ikkinchi kun ham rosa yalindi, bermadim. Uchinchi kun ham bermadim. Men ularni yotog‘im yoniga qo‘yib asrar edim. Rosa xohlab zo‘rg‘a erishganman axir.

To‘rtinchi kun ham oldimga kelib, – Akajon, bu yangi shim sizni juda chiroyli qilib turibdi, oyoq kiyimingiz ham yarashibdi, menga ham yarashsa kerak-a, dedi.

Bermaslik uchun baxona qila boshladim, – Senga to‘g‘ri kelmaydi, uzun bu.
– Poychasini shimarib kiyaman”, dedi.
– Yo‘q, kir qilib qo‘yasan, desam,
– Gilam ustida kiyaman”, deb javob qaytardi.
– Iltimos besh daqiqa xolos...
– Bo‘pti ertaga juma kuni maktabdan kelib beraman, faqat besh daqiqaga, kir qilmaysan, biron narsa bo‘lsa yomon qilaman, – dedim. Kechqurun birga yotibmiz, ukam sekingina meni turtib,
– Fikringizdan qaytib qolmaysiz-a, haqiqatda berasiz-a, deya ko‘zlarida quvonch bilan so‘rar edi.
– Ha beraman, dedim.
– Men ertalabgacha uxlamiman, tezroq tong otsin, tezroq shimni kiyay, dedi.
Ertalab maktabga ketish uchun turganimda ukam ham turdi.
– Akajon bugun vohliroq keling, xo‘pmi, men sizni shu eshik oldida kutaman, – dedi.

Maktabga ketyapman, orqaga qarasam ukam hovli eshigi oldida turibdi.

Uchinchi darsda sinfimiz eshigi ochildi, direktorimiz kirib keldi. O‘qituvchimiz qulog‘iga bir narsa dedi va menga qarab, “Alishon bolam, uyinga boraqol, otang seni kutyapti”, dedi. Mening darrov hayolimga kelgan birinchi narsa, ukam otamga ayttirib meni chaqirtiryapti, tezroq shimni kiymoqchi, deb o‘yladim. Maktabdan chiqdim, qarasam qishloqdagilar ham biznikiga qarab ketishyapti. Men hech narsani tushunmayapman, to‘qqiz yoshdaman. Darrov eshik tevaragiga qaradim, ukam kutib turish kerak edi, lekin yo‘q. Hovliga kirdim, butun qishloq biznikida. Onamlar “dod”, deb baqiryaptilar... “Rafetimni bering menga, bolajonim, qo‘zichog‘im...”

Chol amaki yangi olgan traktori bilan eshigimiz oldidan o‘tadi, bolachani ko‘rmaydi, ukam traktor tagida jon bergan edi...

Men ukajonimga shimimni kiydirmoqchi bo‘lgan kunim ukam o‘ldi...

Otam sevgi ko‘rmagani uchun, u sevgini bizlarga ham berishni bilmadi. Bizlarni yaxshi ko‘rardi, lekin sevgisini ko‘rsatolmasdi. Bizlarni quchoqlamasdi, bag‘riga bosolmasdi. Ey do‘stlar, sevgingizni ko‘rsating, sevganingizni bildiring. O‘sha kuni ukam yuvilganidan keyin kafanlandi, dadam ilk marotaba, men olaman dedilar va ukamni bag‘rlariga bosdilar. Faryod qilib: “Rafet, men seni mozorga emas, bozorga oborib shim olib bermoqchi edim, o‘g‘lim... tur o‘g‘lim, iltimos, yur bozorga boramiz...” va yig‘lab-yig‘lab mozorga ketdilar.
Men hozir o‘ylayapman, qaniydi hayotlik paytida aytsalar edi. Biz u sevgi so‘zlarini eshitish uchun ko‘p kutdik, lekin eshitmadik. Endi otam ukam eshitolmaydigan paytda baqirib faryod qilyaptilar.

Hozirgi bolalar bizlarda topa olmagan sevgini, qo‘l telefonlaridan qidiryaptilar. Nega bolalar boshqa narsalarga talpinyapti. Bolalarni o‘g‘rilash uchun xilvatlarda kutayotgan insonlar ota-onasi ko‘rsatmagan tabassum bilan ularni aldayaptilar.

O‘lkamni, oilamni, bolalarimni sevaman. Oldin ko‘pincha band bo‘lar edim, turli yig‘ilishlarga, konferensiyalarga borardim. Ammo bu yil bormayapman. Chunki mening qizim saraton kasalligiga chalingan. Endi u davolanyapti, men esa doim farzandim oldida bo‘lishga harakat qilyapman. Hozir qizim yashayapti va shu hayotlik paytida, men uni rosa yaxshi ko‘rishimni ko‘zlariga qarab, ochiq aytyapman. Men qizimni yaxshi ko‘raman va buni yashirmayapman...
Alishon Kapaklikaya
Fayzullaxon OTAXONOV tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qora shim (Bo‘lgan voqea)