17:38 / 09.04.2019
3 714

Maktab darsliklari sohasida "kichik inqilob" sodir bo‘lmoqda

Maktab darsliklari sohasida "kichik inqilob" sodir bo‘lmoqda
Keyingi o‘quv yilidan umumta’lim maktablarida muqobil darsliklar asosida ham ta’lim berish mumkin bo‘ladi.
5 aprelda chiqqan hukumat qaroriga ko‘ra, muqobil darsliklardan maktablarda foydalanish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish rejalanmoqda.

Rejaga ko‘ra, ilk muqobil darsliklar tayanch (pilot) maktablarda 2020–2021-o‘quv yilidan boshlab sinovdan o‘tkaziladi. Muqobil darsliklarga qo‘yiladigan talablarni Xalq ta’limi vazirligi ishlab chiqadi.

Bu nega muhim: O‘zbekistonda bugungacha har bir fan bo‘yicha faqat bitta, davlat tomonidan tasdiqlangan darslik amalda bo‘lgan. Bu amaliyotga 20-asrning o‘ttizinchi yillarida, butun Sovet ittifoqi bo‘ylab ta’lim tizimini standartlashtirish zarurati tug‘ilganda o‘tilgan.

Lekin har qanday mavzuni tushuntirishning, o‘quvchida muayyan kompetensiyalarni shakllantirishning turli yo‘llari mavjud. O‘qituvchi dars o‘tayotganda shu yo‘llardan o‘ziga, o‘quvchilariga eng maqbulini tanlaydi. Shunday ekan, darsliklar tizimida ham variantlilik, tanlov imkoni bo‘lishi lozim. Har bir fan bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi bitta darslikni tasdiqlash o‘rniga davlat ta’lim standartlariga mos keladigan bir nechta muqobil darslikni tavsiya qilsa, o‘qituvchi o‘z o‘quvchilarining qiziqish va imkoniyatlarini hisobga olgan holda maqbulini tanlash imkoniga ega bo‘ladi.

"Raqobat darslik mualliflarini ham, nashriyotlarni ham sifatli darslik chiqarishga undaydi. Hozirgi tizimda har bir fan bo‘yicha darslik yozadigan “jamoalar” mavjudligi, ular bu ishga “begona”larni aslo yaqin yo‘latmasligi hech kimga sir emas. Bu “jamoalar” darslik zamonaviy metodika talablariga javob bermasa ham millionlab nusxada chiqishini, gonorar tayin ekanini bilishadi. Agar o‘qituvchi va o‘quvchida tanlov imkoni bo‘lsa, halol raqobatda sifatli mahsulot g‘olib bo‘ladi, sifatsiz darsliklar o‘z-o‘zidan chetga chiqib qoladi. Nazarimda, shu yo‘l bilan ta’lim sifati ham oshadi", – deydi University College London (UCL) o‘quv dasturlarini tuzish, pedagogika va ta’lim jarayonlarini baholash mutaxassisligi magistranti Komil Jalilov “Ma’rifat” gazetasiga bergan intervyusida.

Muqobil darsliklarni ta’lim tizimiga kiritish avvalo xususiy maktablardan boshlangan. Sherzod Shermatov xalq ta’lim vaziri etib tayinlangandan so‘ng bu maktablarda majburiy darsliklar bilan bir qatorda dunyoning nufuzli nashriyotlarida chop etilgan darsliklar bo‘yicha dars o‘tishga ham ruxsat berilgan.

"Majburiy o‘qitiladigan darsliklarga qo‘shimcha sifatida boshqa darslikni ishlatmoqchi bo‘lishsa, kitobning ustiga oq qog‘oz o‘rab, komissiya keldi deb yozib qo‘yisharkan. Hozirga kelib bu narsaga chek qo‘yildi. Qo‘shimcha adabiyot ishlatmoqchi bo‘lsa, marhamat, faqat ular arzon turmaydi. Masalan, MacMillan kitoblarini sotib olmoqchi, lekin uni hammaning ham cho‘ntagi ko‘tarmaydi. Shularni sotib olmoqchimi, marhamat, muammo yo‘q. Buni taqiqlashdan nima foyda?" – deb izohlagan o‘z qarorini vazir.

Hujjatda XTV ko‘rib chiqishi uchun darsliklar hamda o‘quv-metodik qo‘llanmalarni xorijiy ijodiy jamoalar ham topshirishi mumkinligi aytilgan. Lekin xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov avvalroq darsliklar mazmuni masalasida xorijdan yordam olmagan ma’qul ekanligini ta’kidlagan.

"O‘zbekistonda ta’lim sifatini ko‘tarishga moliyaviy ko‘mak, grant berishi mumkin bo‘lgan barcha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga harakat qilayapmiz. Lekin darsliklar masalasida xorijdan yordam olish niyatimiz yo‘q. Chunki darsliklar orqali boshqa mafkurani singdirish imkoni bor. Shu sababli grant beruvchilarga asosan maktablarni ichimlik suvi va zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, isitish tizimini yaxshilash kabi masalalar taklif qilinmoqda, chunki bular mafkuradan xoli masalalar", – degan Sherzod Shermatov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Maktab darsliklari sohasida "kichik inqilob" sodir bo‘lmoqda