
Muborak kunlar shukuhidan ko‘ngillar yorishgan onlardamiz. Rivoyat qilishlaricha, sohibi kiromlar yilning olti oyida “Allohim, bizni Ramazonga, Ramazonni bizga sog‘-salomat yetkaz!” deb, qolgan olti oyida esa “Allohim, tutgan ro‘zalarimizni dargohingda qabul qil!” deya Yaratganga duolar qilganlar.
Darhaqiqat, bu oyning fazilatlari haqida ko‘p va xo‘p gapirilgan. E’tirof etish, soatlab gapirish o‘z yo‘liga-yu ushbu qutlug‘ oy mas’uliyatini qanchalik his qilamiz? Amallarimiz ajrini xolis Allohdan kutyapmizmi? Kunduzlari yemoq-ichmoqdan tiyilib, ro‘zadan ko‘zlangan asosiy maqsad — taqvoni unutmayapmizmi?
Bir rus kampiri nolib qoldi: “Men bir narsaga tushunmayman,- deydi, - o‘zbeklarning deyarli barchasi musulmon, lekin musulmonga o‘xshamaydi, nega shunday? Boshqa yurtlardagi musulmonlarni ko‘rganman, bayram kunlari savob uchun mahsulotlarini tekinga chiqarib qo‘yadi yoki juda arzon beradi, siz o‘zbeklarda bo‘lsa, aksi! Ramazon oyi boshlanganidan beri bozorga kirishga yurak betlamay qoldi.
Musulmonlarning eng katta ikki bayramida bundan ham battar bo‘ladi. Oziq-ovqat mahsulotlari juda qimmatlab ketadi. Odamlar baribir oladi deb, qimmat qilishadi. Ularning dini yaxshilikka buyurmaydimi? Islom dini zulmdan, ozor berishdan qaytaradi-ku yoki musulmonchilik ham har xil bo‘ladimi?”...
Aslida bu haqida ko‘p gapirilgan. Har yili musulmon olamining ikki ulug‘ ayyomi (boshqa bayramlarda ham shunday, lekin musulmon bayramlaridagi holatni qabul qilish qiyin)da oziq-ovqat mahsulotlari narxi ko‘tarilishi seziladi. Xalqda “ko‘p emas, barakali bo‘lsin”, degan gap bor. Ko‘p degani barakali, degani emas. Baraka — Allohniki! U muborak qilgan oyda, uning fazli marhamati, barakasidan umid uzib, foyda ko‘rish uchun odamlarga zulm qilib baraka topish qaysi aqlga sig‘adi?
Tojirlar ham ayni haqiqatni anglab yetsalar, topganlari salmoqli bo‘lmasa-da, barakali bo‘lar edi. Shunday odamlar borki, faqat Hayit ayyomlarda sarxil yeguliklar tanovvul qiladilar, bolalariga faqat shu kuni tansiq taomlar yedirishga harakat qiladilar. Ayrimlarning maqsadi, uch-to‘rt so‘m foydani ko‘zlab ulug‘ ayyom kunlari narxlarni oshirsa, ehtiyojmand oilalarning ko‘nglini sindirsa. Bu bilan qozongani xayrli bo‘larmikan? Balki molini qimmat sotganida pulining miqdori ortar, lekin bu pulning xayr-barakasi bo‘larmikan?
Salaflar: “Topganing qay yo‘l bilan kelayotganini bilmoqchi bo‘lsang, uni qayga sarflayotganingga boq”, deydilar. Ulug‘ kunlarda hatto g‘ayridinlar ham yurtdoshlari e’tiqod qiladigan din hurmatidan uzoq-yaqin qarindoshlaridan xabar oladi. Ko‘ngillarni quvontirishga harakat qiladi.
Musulmonlikni da’vo qiluvchi ayrim yurtdoshlarimiz esa molini avvalgilardan ikki-uch baravar qimmat narxda pullash uchun do‘konidan beri kelmaydi. Bunday kunlarda insonlar yarimta xurmo bilan bo‘lsa ham jannatdan o‘zlariga joy hozirlashga tirishadilar, ba’zilar esa ularga molini qimmat sotganidan zavqlanib, pulining cho‘g‘iga mahliyo bo‘lib o‘tiradi. Bu yo‘qsillikdan ham battar holat emasmikan?
Ko‘zni oching, TOJIRLAR!
G‘arb mamlakatlarida har yili dekabr oyining oxirida Iso alayhissalom tavalludi (Rojdestvo bayrami) munosabati bilan juda katta miqdorda savdo mollarining narxini tushirish tadbiri amalga oshiriladi. Savdo do‘konlarining vitrinalari bu yerda narxlar qanchaga tushirilgani haqida xabar beruvchi reklama lavhalari bilan to‘lib, bezanib ketadi. Yirik savdo kompaniyalari mollarining narxini pasaytirishda bir-birlari bilan chinakam musobaqa boshlashadi. Mutaxassislarning aytishlaricha, AQShdagi Rojdestvo bayrami oldidan mollarining narxini tushirish tufayli savdo kompaniyalari bir-ikki hafta ichida butun yil bo‘yi qilgan daromadlaridan ko‘ra ko‘proq foyda olishar ekan.
Xuddi shu o‘rinda qiziq bir savol tug‘iladi: diniy bayram munosabati bilan mollarining bahosini o‘n foizdan to‘qson foizgacha pasaytirgan g‘arblik tojirlar qanday qilib yilni katta foyda bilan yakunlaganlari holda ularga ibrat bo‘lishi kerak bo‘lgan musulmonlar negadir Allohning barakasi haqida uncha bosh qotirmay qo‘yishdi. Bu ko‘ngilsiz holat ayniqsa, musulmonlar uchun nihoyatda qadrli va sharafli bo‘lgan Ramazon oyi kirib kelishi bilan yaqqol ko‘zga tashlanib qoladi.
Ramazon oyining barakasidan manfaat olishlari kerak bo‘lgan tojirlarimiz aynan, shu oyda mollarining narxini boshqa oylardagidan bir necha foizga ko‘tarib yuborishadi. Nondan tortib shirinlikkacha, meva-chevadan tortib sabzavotgacha, go‘sht-sut mahsulotlari-yu hatto ayrim xizmatlargacha – hamma narsaning narxi birdaniga osmonga “sapchib” ketadi.
Butun dunyoda, hatto Islomdan yiroq nasroniy o‘lkalarda diniy bayram va sanalar munosabati bilan hamma narsa arzonlashgani holda musulmon yurtlarda buning aksi bo‘lishi hech qanday sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Buning ustiga ro‘zadorlarga qimmatroqqa pullayman, degan niyatda Ramazon oldidan oziq-ovqat mahsulotlarini shoshilinch suratda yig‘ib-g‘amlashga tushadigan savdogarlarimizning borligi ham hech kimga sir emas.
“Insof sari baraka,” deydi dono xalqimiz. Baraka oyining, xayr-saxovat oyining, mehr-shafqat oyining fazlini anglamay, bu kunlarda kattaroq foyda olish, ro‘zadorlarning pulini ko‘proq shilish, eng achinarlisi, bu oyda ham aldov, hiyla, xiyonat kabi qusurlaridan voz kecha olmayotgan ayrim noinsof tojirlarimiz ko‘zni kattaroq ochib, g‘arbliklar tajribasi haqida biroz mulohaza qilib ko‘rishsa, yomon bo‘lmas edi.
Ahmad MUHAMMAD
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar