
Ilmiy maqolalar tobora qimmatlashib ketishi moliyaviy imkoniyati cheklangan o‘zbek ilmiy markazlariga qiyinchilik tug‘diradi. Ilm-fandagi oxirgi yangiliklardan bexabar qolish bevosita ilmiy izlanishlar sifati va dolzarbligiga ta’sir o‘tkazmoqda. Surunkali tarzda kam moliyalashtiriladigan o‘zbekistonlik olimlarga kutilmagan joydan najot kelgani haqida O‘zbekiston fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqotchisi Rustam Ashurov "Minbar"ga gapirib berdi.
2009 yili Qozog‘iston milliy texnika universiteti talabasi Aleksandra Elbakyan o‘z malakaviy diplom ishini yozish asnosida ilmiy maqolalardan foydalanishda muammolarga duch keladi. Rivojlanayotgan davlatlar olimlariga xos bo‘lganidek, Aleksandra moliyaviy jihatdan imkoniyati cheklangani sababli o‘zining dasturlash va informatsion xavfsizlik sohasidagi bilimini ilmiy maqolalarni bepul qo‘lga kiritish uchun ishlatdi. Bu imkoniyatni talabalar va ilmiy xodimlar baham ko‘radi. 2011 yilda Sci-Hub loyihasi ommaga taqdim etildi.

Bu dasturning asosiy maqsadi ilmiy ma’lumotlar olish yo‘lida o‘rnatilgan barcha to‘siqlarni buzish edi. Ya’ni, Elsevier kabi gigant ilmiy nashriyotlar nazorat qilayotgan pulli ilmiy maqoladan dunyo bo‘ylab minglab olimlar bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Sci-Hub tizimi yillar davomida olimlar orasida jadal ommalasha boshladi.
2015 yilga kelib tizimga 4 oyda 28 million maqolani yuklab olish uchun murojaat tushgan. Eng qizig‘i, moliyaviy imkoniyati cheklangan davlatlar uchun yaratilgan ushbu tizimdan hatto rivojlangan davlatlarda ham foydalana boshlashdi. Misol uchun, Nyu-York shahridan 6 oy ichida tizimga 74000 ta murojaat tushgan.
Sci-Hub tizimi ishi hammaga ham qo‘l kelmasligi tayin. Ilmiy nashriyotlar, xususan, Elsevier nashriyoti Aleksandra Elbakyanni sudga berdi, undan 15 mln AQSh dollari miqdoridagi zararni qoplashni talab qildi. Aleksandra esa o‘zining qayerda ekanini doimiy ravishda berkitib yuradi. Hatto G‘arb matbuoti bilan shifrlangan adresdan, qalbaki elektron pochtalar orqali gaplashadi. G‘arb mutaxassislarining fikricha, Aleksandra ayni damda Rossiyada yashaydi.
Elsevier nashriyoti dunyoning eng katta ilmiy nashriyotlarining biridir. Nashriyot olimlardan ilmiy maqolalarni qabul qiladi. So‘ngra maqolalarni ekspertiza qilish uchun tegishli soha vaqillariga jo‘natadi. Maqolalar chuqur ekspertizadan o‘tgach, chop etiladi va pullanadi. Nashriyot maqolalarni sifat bo‘yicha elakdan o‘tkazish, chop etish, ularni uzoq muddat saqlash va tarqatish vazifasini o‘z bo‘yniga oladi.
Bu xizmatlarining evaziga maqolalarni pullash orqali ma’lum miqdorda foyda ko‘radi. Nashriyotning 2017 yilgi hisobotida Elsevier nashriyoti 2 mlrd 445 million funt sterling ishlagani, shundan 900 mln funt sterlingi sof foyda ekani ko‘rsatilgan. Demak, nashriyotning marjasi 36,8 foiz. Bu degani Elsevier nashriyoti marjasi Apple, Google yoki Amazon kompaniyalarinikidan baland.
Aleksandra Elbakyanni zamonaviy Robin Gud deb ataganlar ham kam emas. Elbakyan xonim o‘zini aslo qaroqchi deb hisoblamaydi. Uning fikricha, internet bu global miya bo‘lib, undagi har bir pulli to‘siqlar insoniyat rivojlanishiga qarshi qilinayotgan jinoyatdir.
U sudga jo‘natgan yozma murojaatida shunday fikr bildiradi: “Elsevier va boshqa shunga o‘xshash nashriyotlar ilmiy maqola mualliflariga, taqrizchilar va muharrirlarga umuman gonorar to‘lamaydi. Aksincha, hatto muallifning o‘zi ham kerak bo‘lganda maqolani sotib olishga majbur bo‘ladi. Qolgan auditoriya haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Vaholanki, ushbu ilmiy natijalar odamlar to‘laydigan soliqlar evaziga amalga oshirilgan tadqiqotlar orqali olingan. Bu havodan pul qilishdir. Biz haq yo‘ldamiz. Chunki hali birorta maqola muallifi bizning ustimizdan shikoyat qilgani yo‘q”.
Ko‘pchilik olimlar Aleksandraning fikriga qo‘shiladi. Aleksandra Elbakyan esa o‘zini oqlash uchun doim Inson xuquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasining 27-moddasiga murojat qiladi. Unga ko‘ra har bir inson ilmiy yuksalishda qatnashishi va uning mevalaridan bahramand bo‘lish huquqiga ega. Xo‘sh, Aleksandra Elbakyan siz uchun qaroqchimi yoki qahramon? Bu loyiha unga qimmatga tushayotgan bo‘lsa ham, undan foyda olishni ko‘zlayotgani yo‘q. Xulosa sizdan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar