21:20 / 03.07.2019
2 288

Zafar Hoshimov: "Meni doimo davlatning etagiga osilib olgan tadbirkorlarning boqimandalik kayfiyati hayron qoldiradi"

Zafar Hoshimov: "Meni doimo davlatning etagiga osilib olgan tadbirkorlarning boqimandalik kayfiyati hayron qoldiradi"
Tadbirkor, Korzinka.uz tarmog‘i asoschisi va rahbari Zafar Hoshimov o‘zining Facebook sahifasida O‘zbekistonda import qilinadigan mahsulotlarga yangi tarif to‘siqlari joriy qilinishi va proteksionizm bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

«Meni tadbirkor sifatida bozor jadalroq, ijodkorona va aql bilan ishlashni talab qilishi bilanoq doimo davlatning etagiga osilib olgan tadbirkor hamkasblarimning boqimandalik kayfiyati hayron qoldiradi. Ular doimo davlatdan o‘zlarini himoya qilishni so‘rashadi. Va hatto buni an’anaviy ravishda johillik va cheklangan holda amalga oshirishadi: o‘zlariga imtiyoz, raqobatchilar uchun esa to‘siqlar so‘rashadi», - deydi tadbirkor.

Hoshimovning fikricha, tadbirkorlik birinchi navbatda raqobatga asoslanadi. Raqobatni cheklash tadbirkorlikni cheklash demakdir. Bozorning 25 yil to‘siq holda bo‘lishidan so‘ng yana 2-3 yillik proteksionizm haqida gapirish yo jaholat yoki ayyorlikdir.

«Roppa-rosa bir yil avval, 2018 yil 29 iyunda prezident bojxona liberallashuvi to‘g‘risidagi farmonga imzo chekib mamlakat va uning iqtisodiyoti jahon bozoriga integratsiyalashuvi uchun muhim tanlovni amalga oshirdi. Bu bozorda mamlakatlar o‘zlarining mutlaq va qiyosiy ustunliklarini biladi, ularga ega bo‘ladi va rivojlantiradi, shu tarzda global mehnat taqsimoti, ishlab chiqarish va savdoning xalqaro zanjirida samarali ishtirok etadi, iqtisodiyotga oqilona va muntazam o‘sish bag‘ishlaydi, mamlakatni boy qiladi va o‘z aholisi farovonligini oshiradi», - deya qayd etdi u.

Tadbirkor kimlarningdir taxmini emas, ob’ektiv ma’lumotlar va belgilarga asoslangan holdagina tadbirkorlarning kuchli tomonlarini ochib berish va iqtisodiyot barpo etish mumkinligini bildirdi.

«Anglash lozimki, bu to‘siqlarni qaytadan tiklab va ilgari e’lon qilingan tamoyillardan uzoqlashib, biz bir vaqtning o‘zida ham ichki, ham tashqi bozorga juda yomon signal beramiz. Keng tarqalayotgan neo-proteksionizmga asoslanib, ko‘plab tadbirkorlar hech qachon raqobatbardosh va kuchli tomonimiz bo‘lmaydigan ishlab chiqarish va sohalarga o‘z mablag‘larini yo‘naltira boshlashadi. Ular muhim va tanqis bo‘lgan moliya, malakali kadrlar, energiya va nihoyat vaqtlarini keraksiz yo‘nalishga sarflashadi va ertami-kechmi voz kechishga to‘g‘ri keladi va bir necha yildan so‘ng hammasini boshqatdan boshlash kerak bo‘ladi», - ta’kidladi u.

Uning fikriga ko‘ra, buni amalga oshirish yildan-yilga qiyinlashib boradi: himoya va vasiyga ega bo‘lgan korxonalar va ishlab chiqarish sohalari o‘sib boradi, kreditlar o‘sib boradi, bu vaqt mobaynida kreditlarga sotib olingan uskunalar eskiradi. Va eng og‘riqlisi hamda o‘zgartirish deyarli imkonsiz bo‘lgan narsa - bu raqobatbardosh ustunlik nuqtai nazaridan istiqbolsiz bo‘lgan bu korxonalarda bu vaqtda o‘n yoki yuz minglab kishilar ishlayotgan bo‘ladi. O‘shanda ularga nima bo‘ladi? Ular haqida hozir kim o‘ylaydi? Sanoat siyosatida mana shunday sun’iy moslashuvchanlik va selektiv yondashish xavfini kim hisobga oladi?

«Yil boshida soliq islohoti joriy etilayotganida narxlarni ushlab qolish uchun biz mahalliy ishlab chiqarish va korxonalar bilan kurashgandik. Hamma bo‘lmasa-da, ko‘pchilik 20%li QQS va 12%li daromad solig‘ini hisobga olib narxlarni 20, hatto 30-35 %ga ko‘tarishga uringandi.

Ular uchun shaxsan o‘zim bir nechta seminarlar o‘tkazdim, ammo ko‘pchilik, jumladan, ayrim sutchilik korxonalari o‘z soliqlari yukini iste’molchilar yelkasiga ortishga qaror qilishdi. Ma’lum bo‘lishicha, ayrim korxonalar hattoki o‘z mahsulotlari hisobini ham yuritmagan, mahsulotlarning aksariyatini kirim qilinmagan xomashyodan ishlab chiqargan. Biz ulardan qonuniy ishlay boshlashni talab qilib, ularning aksariyatini soliq solishning umumiy o‘rnatilgan tartibiga o‘tkazishga erishdik. Ular to‘g‘ri hisob-kitob yuritishni va me’yordagi biznes jarayonini barpo etishni boshlashdi», - dedi Hoshimov.

«Bilasizmi, ular nima uchun chekinishdi va o‘z narxlarini iste’molchilar yelkasiga qo‘yishmadi? To‘ppa-to‘g‘ri! Ular agarda ozgina qayishqoq bo‘lishmasa, QQS va barcha soliqlarni to‘laydigan import mahsulotlar narxi oshmaganligini, ularning bozordagi ulushini olib qo‘yishi mumkinligini tushunib yetishdi.

Agarda prezidentimiz uzoqni ko‘ra bilmaganida, o‘tgan yili soliq islohotlari bilan parallel ravishda aksiz va bojlarni pasaytirish haqidagi farmonni imzolamaganida hozirgi proteksionizm tarafdorlari bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarning “vatanparvarlik olovi” iste’molchilarimizning yelkalarini qattiq kuydirgan bo‘lardi», - deb yozdi Hoshimov.

«Bir necha kun avval tashmachilar tomonidan tovar olib kirish bir yil ichida uch baravarga kamaygani haqida xabar chiqdi. Yarim yillikdagi soliq tushumlarining prognoz ko‘rsatkichlari muvaffaqiyatli bajarilgani haqidagi xabar ham sevintirdi. Bu xabarlar bir narsani, prezident farmoniga muvofiq o‘tkazilayotgan tashqi savdo liberalizatsiyasi o‘zining ijobiy mevalarini berayotganligini bildiradi. Bu ijobiy jarayonni boshidayoq bo‘g‘ishga urinish biz yo‘l qo‘ymasligimiz kerak bo‘lgan eng katta xato bo‘ladi», - qayd etdi u.

Tadbirkorning fikricha, hozirda iqtisodiyotimiz oldidagi vazifalar uchta yo‘nalishda: YaIM o‘sishi, mehnat samaradorligining oshishi va iste’molni qo‘llab-quvvatlash.

«Bu vazifalarning barchasi ko‘p umumiyliklarga ega va ularning barchasi raqobat o‘sganidagina bo‘ladi. Har qanday cheklov va to‘siqlar bu vazifalarning amalga oshishiga qarshilik qiladi. Tariflar o‘sishni sekinlashtirib va inflyatsiyani tezlashtirib, iqtisodiy pirog o‘lchamini qisqartiradi. Bu so‘zlar «lobbist» va ziqna kapitalist Zafar Hoshimovning so‘zlari emas, proteksionizm yomon ekanligi zamonaviy iqtisodiyotdako‘p marta isbotlangan mutlaq haqiqatdir. Jahon ilmiy lug‘atida proteksionizm allaqachon salbiy ma’no qozongan. Bu so‘z iqtisodiyotda haqorat bilan teng. Ammo tadbirkorlarimizga haqiqatan ham yordam kerak», - dedi u.

Hoshimov soliq yuklamasini pasaytirish fikriga qo‘shilishini bildirdi.

«Bizda transport tariflari juda yuqori deb hisoblayman. Bazaviy infrastruktura: yo‘llar, elektr, aloqa va internet, gaz ta’minoti va boshqalarni yaxshilash kerak. Eng og‘riqli muammmolardan biri – hali ham yuqori inflyatsiya va buning oqibati bo‘lgan kreditlar bo‘yicha yuqori stavkalar, kamaymayotgan byurokratiya, qonunlarning har doim ham ishonchli ishlamasligi.

Zero hattoki importni ham tarifsiz usullar orqali yo‘lga solish mumkin, masalan, so‘mning sal jadallashtirilgan devalvatsiyasi orqali. Bu mahalliy mahsulotlarni nafaqat ichki bozorda, balki eksportda ham raqobatbardosh qiladi. Hech bo‘lmaganda, agarda davlat qandaydir soha va korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni istasa, buni pul, subsidiyalar orqali qilish mumkin, imtiyozlar va to‘siqlar orqali emas. Harholda shunda pullar shunchaki taqsimlanadi, imtiyoz va tarif to‘siqlaridagi kabi kuyib ketmaydi», - deb xulosa qiladi Zafar Hoshimov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zafar Hoshimov: "Meni doimo davlatning etagiga osilib olgan tadbirkorlarning boqimandalik kayfiyati hayron qoldiradi"