00:27 / 16.01.2020
4 196

Munavvar qorining merosxo‘ri

Munavvar qorining merosxo‘ri
1. Da’vatnoma
Muhtaram janobi oliylarina!

Ushbu 1916 yil 7 maydan (shanba) 12 maygacha (payshanba) har kun ertalab soat 9 dan kech soat 2 gacha Tarnovboshi mahallasida Mirxodi Hoji hovlilarida “Namuna” va “Xoniya” maktablarida o‘quvchilarning sinov imtihonlari bo‘ladir. Siz hurmatlidan o‘tinib iltimos qilamizki, barcha tobe’laringiz ila marhamat qilib zikr etilgan kunlarning har birida imtihon majlisina tashrif buyurib muallim va shogirdlarini sarafroz buyursalar edi.

Mudir: Munavvar qori.
Muallimlar: Mulla Murodxo‘ja, Abdusome’ qori, Eshonxo‘ja.
Manbai “Ilhomiya”, Toshkand.

“V Kokande, Kn. Torg “Gayrat”. Muhtaram Hamza afandi Hakimzoda janoblarina topshirulsin (Hamza Hakimzoda Niyoziy arxivining katalogi, Ikkinchi tom, “FAN” nashriyoti, Toshkent, 1991, 17-bet).

Birinchi jahon urushi avjiga chiqqan pallada Hamza 1916 yilning may oyida hazrat Munavvar qorining da’vatiga ko‘ra Qo‘qondan Toshkandga borib “Namuna” va “Xoniya” nomli jadid maktablari o‘quvchilarining sinov imtihonlarida hay’at a’zosi sifatida qatnashganmi-yo‘qmi?

Bilmayman.
Ammo...

1981 yili ToshDUning filologiya fakultetini Qizil diplom bilan tamomlagan Nurulloh Otaxonov O‘zSSR Maorif ministri Said Shermuhammedov qabuliga kirib:
– Domla, “2”siz va ikkiyilliksiz o‘quv yili to‘g‘risidagi tashabbusingiz maktablarda o‘quv sifatini nihoyatda tushirib yubordi. Endi qoloq o‘quvchiga yil oxirida “2” baho qo‘yib bo‘lmayapti, qoloq o‘quvchini sinfda qoldirib ham bo‘lmaydi. Siz oxirini o‘ylamasdan shu bema’ni yangilikni joriy etdingiz... – deydi.

Universitetni Qizil diplom bilan tamomlagan filolog aslida yozuvchi bo‘lmoqchi edi. Ammo o‘sha davrdagi tartib-qoidaga ko‘ra Filologiya fakultasini bitirgan talaba uch yil biron maktabda ishlab berishi kerak edi.

– Shu qoidani istisno tariqasida menga bekor qilsangiz va biron ijodiy tashkilotda ishlasam, – deydi.

Sovet maorifi ministri tutab ketadi:
– Ana xolos! – deb pishqirib yuboradi. – Hammangizni maktabda o‘qituvchi o‘qitgan! Ammo o‘zlaringiz o‘qituvchi bo‘lib ishlashni istamaysizlar! Bu nima degan gap?!

Qizil diplomlining o‘ziga yarasha fe’li bor edi. Ministrning pichingi yoqmaydi. Shoir Usmon Azim o‘rtachiligida O‘zbekiston radiosidan bir muharrirlik ish o‘rnini naqd qilib qo‘yganga qaramay, shartta choponini teskari kiyadi:
– Jo‘nating meni o‘qituvchi qilib! Menga desa, dunyoning narigi chekkasiga jo‘nating! – deydi u ham pishqirib.

Ministr qarshisidagi yosh bitiruvchining vajohatidan qo‘rqib ketadi:
– Iye, uka, o‘zingizni bosing, – deydi shosha-pisha va o‘ris grafindan bir istikon suv quyib uzatadi: – Mang, ichvoling. Undan so‘ngra... birinchidan, dunyo mening qo‘limdamas, gapim o‘tmaydi.

Ikkinchidan, mayli, hozir o‘ratepalik o‘rinbosarimni chaqiraman, siz uchun bitta otvod yozib beradi, istagan yeringizda ishlayberasiz, haymi?

– Dunyoga gapingiz o‘tmasa, Afg‘onistonga yuboring!
– Afg‘on ham mening qo‘limdamas-da...

– Unda... unda... ana Surxondaryoning eng chekka rayoniga yo‘llanma bering! Surxon-Sherobod cho‘liga masalan! Maktabga o‘qituvchi bo‘lib ishlamagan nomard!

– Kesatyapsizmi, yigit?
– Rostini aytyapman.

– Juda yaxshi! – deb miyig‘ida kuladi ministr. So‘ngra o‘ratepalik o‘rinbosarini chaqiradi: – Mana bu qalbi olov komsomol cho‘lquvarni Surxon vohasining “Lenin yo‘li” rayonidagi eng chekka maktabga o‘qituvchi etib yuboring! – deb ko‘rsatma beradi.

– Xo‘p bo‘ladi, – deydi o‘rinbosar.
– Rahmat, – deb o‘rnidan turadi Nurulloh Otaxonov.

Ministr kabinetiga yozuvchi bo‘lishni, buning uchun Toshkentda yashashni va ishlashni orzu qilib kirgan bu farg‘onalik yigit bir daqiqa ichida taqdirini o‘zgartirib yuboradi va so‘ngra...

Rostdan ham olis Surxon vohasining mingto‘nnachi dongdor mexanizator-paxtakor Abdusattor Qurbonov diretorlik qiladigan Bunyonniy sovxozidagi o‘qituvchi yetishmaydigan gadoytopmas bir chekka qishloqqa birato‘la sakkizta fandan dars beruvchi o‘qituvchi bo‘lib ishga boradi. Ajoyib insonlar istiqomat qiladigan qishloqda mehnat faoliyatini boshlaydi. O‘zi ta’lim bergan o‘quvchilarining ota-onalari bilan bir umr qadrdon bo‘lib qoladi...
***
2. Munavvar qorining Hamza Hakimzodaga maktubi

Birodari azizim Hamza afandi janoblarina!
Avvalg‘i maktubingiz kelgan kuni kitobxona ochiq o‘lmadig‘indan po‘chto‘lyon boshqa bir do‘kong‘a topshurgan ekan. Maataassuf ul do‘kondorning xotiridin chiqib, hanuz manga topshurmagan ekan.

So‘ng‘i maktubingiz vosili dastbo‘sim o‘lg‘och surishtirib avvalgi maktubingizni ham topib oldim. She’ringiz ham salomat yetishdi.

Emdilikda ushbu she’r kitobingizni qo‘limdan kelguncha isloh qilib, ba’zi siyosiy so‘zlarini chiqorib kitobxona tarafindan bosturmak niyatidaman. Sizga verilajak qalam haqi esa har tab’idan yuzar dona (mingdan emas) bo‘lur. Zotan o‘zi ham mingdan ortiq bosturmakni ko‘tarolmaydir.

“Feruzaxonim” ila boshqa kitoblaringizni esa ertaga po‘chtadan, inshoolloh, yuborurman. Agarda “Feruzaxonim”ni man aytqoncha, ya’ni:

1. Eshon va boylarning mal’un, johil, xoin, majnun, palid, nobakor kabi so‘zlar ila emas, qilg‘on ishlarining yomonligi ila ko‘rsatilsa.
2. Mansur va Feruzaxonimlarning maktublari bir oz qisqartirilsa, chsnki bunday yoshirin maktublar faqat qisqa va ma’noli bo‘lur.
3. Bir-birlari ila ko‘rushqondagi hollari bir oz uzoqroq tasvir qilinsa, chunki romang‘a ruh kiritadirg‘on va o‘quvchini qiziqsindurg‘on o‘rinlar shul vasil hollari bo‘lur.
4. Avval muvassiflar zikr qilinub, so‘ngra sifatlar zikr qilinsa, ya’ni “Har bir nazir qilinmish qizlarni yigirma bir yoshig‘a kirguzib, so‘ngra nikohina oluvga odatlangan nobakor Tohir eshon” kabi jumlalarni “Ul Tohir eshon har bir nazir qilinmish qiznii 21 yoshigacha umrini o‘tkorib, so‘ngra nikohiga olishga odatlangan edi” kabi qisqaroq jumlalarga tahvil qilinsa...

Isloh qilib yuborsangiz avvalgi shart ila buni ham bosturub nashr etmak niyatidaman.

“Yengil adabiyot”ingizg‘a keloncha namunalaridan ma’lum o‘ldig‘ina ko‘ra vazn jihatidan shogirdlar uchun ko‘p yaxshi tartib etilgan ko‘rinadir. Faqat til, ma’no va mazmun jihatidan ham bir oz soddaroq o‘lsa edi, daho muvofiq o‘lurdi. Chunki yangigina boshlamish yosh shogirdlarg‘a suv ostida kezuv, havoda uchuv, hamiyat, jasorat, millat va milliyat kabi mushkul masalalardan va quruq nasihatlardan ko‘ra, bolalarni qiziqduradirg‘on va hislarini uyg‘otadirg‘on qiziq-qiziq hikoyalardan, inson va hayvonlarning harakat va sukin otidin alhosil bolalarning quvvai fikriya va aqliyalari yetushadirg‘on masalalar topib, mumkin yengil va turkiy so‘zlar topib, she’r qilib bermak foydaliroq o‘lsa kerak. Tajriba ham ko‘rsatadirki, shogirdlarg‘a hozirgi she’r kitoblarimizning vazni emas, lug‘at va mazmunlari og‘irlik qiladir.

Soniyon: Sizning maktubingiz ila barobar eski Marg‘inondan Akbarali Umarzoda imzoli bir maktub oldim. Avval, maktubda janobingizni ham imzongiz o‘ldig‘indan alohida javob yozmay, ushbu maktubda javob yozaman. Bu xususda Umarzoda janoblaridan manim uchun afv o‘tinursiz.

Teatru va konsertlarg‘a javob, o‘shal o‘ynalajak shaharning hokimidangina olinur.

Qo‘lyozma asarlarg‘a ham javob olmoq mumkin. Faqat munda rijotidan hokimni ogohlantirmak lozim. Agarda Toshkndg‘a kelub teatru va konsert qo‘ymoq niyatida o‘lsangiz, loaqal bir hafta burunroq kelub ijozat, e’lon va joy va biletlar sotuv kabi harakatlarning barchasini shunda qilursiz. Tomoshag‘a qo‘yilajak narsalarni e’long‘a yozub, barchasiga birdan Toshkand hokimidan ijozat olursiz
.
Boqiy ixvat do‘stingiz Munavvar qori.
1916 yil birinchi yanvar” (Yuqoridagi manba, 286-287 betlar).

***

3. Munavvar qorining Hamza Hakimzodaga maktubi
Birodari azizim!
Maktublaringiza vaqtida javob yoza olmag‘onlig‘im xususinda afvingizi istirhom qilurman.

Kitobingizni ko‘rdim.”Milliy ashula”laringizni o‘z ismingizdan tab’ etdirdim. Yaxshi qog‘ozda 12 bet bo‘lib, ming donasi 28 so‘mlarg‘a tushdi. Hozirda taxlovchida. Bahosini 6 tiyin, po‘chta ila 8 tiyin qo‘ydim. Senzur-fenzurlari ila 985 nusxa kitob bo‘lsa kerak. Qog‘oz va boshqa masofirlari shirkat tarafidan tutildi. Emdilikda shirkatg‘a xizmat haqi uchun necha nusxa marhamat qilsangiz, maal – tashakkur, ortub qolg‘anini o‘zingizg‘a yuborurmiz. Faqat 28 so‘mni kitobxonag‘a tezroq perevod qiluvingiz rijo o‘linur.

Avvalgi she’r kitobingiz qog‘az qahatligi sababli bosilmay turibdir. Inshoolloh, tezdan oni ham bosturmak niyatidamiz. “Yengil adabiyot”ingizni shirkat tarafidan bosturmak a’zolar tarafidan maqbul yeo‘rilmadi. Agarda istasangiz, o‘z hisobingizg‘a bosturib berurmiz. Yo‘qsa, nusxasi o‘zingizg‘a qaytarilur. “Feruzaxonim”ni hozirda yubormay turingiz, chunki ehtimol, yaqin fursatda man o‘zim xizmatingizga borib qolsam. Shunda ko‘rishib qaror berurmiz. Hozirda har yerda qog‘oz qahatlig‘i hukm surmakdadir.

Binoan alayh, hanuz maydong‘a chiqmag‘on kitoblarni sulh vaqtigacha bostirmay, sabr qilub turmoq muvofiqroq ko‘rinadir. Maydong‘a chiqg‘onlarni esa alalxusus maktablarda joriy bo‘lg‘on kitoblarni bostirmak mumkin emas. Shul sababli har qancha qiymat tushsa ham bosturmakdamiz. “Milliy ashula”ngiz oz vakichkina bo‘lg‘on sababli bosturildi. Boshqa asarlaringiz to‘g‘risida, inshoolloh, bilzot ko‘rishib so‘ylashurmiz.

Boqiy ixvat, 1916, 17, 2,do‘stingiz Munavvar qori (imzo).
(Yuqoridagi manba, 289–290 b.)


***
Shunday qilib, bilmon, ne jarima tufayli, Sho‘ro hukumatining Maorif vaziri (S. Shermuhammedov) Nurulloh Otaxonovni Surxon vohasig‘a ixroj etib yuboradi.
1982 yilda yangi “Yoshlik” jurnali nashr etila boshlanadi. Bu jurnal sahifalarida Qizil diplomli muallimning hikoyasi chop etiladi va o‘zi ham to‘xtovsiz tahririyatga ishga chaqirib olinadi.

Jurnal xodimi Nurulloh Otaxonov qizg‘in noshirlik faoliyatini boshlab yuboradi.

Munavvar qori 1916 yilda Hamzaning “Feruzaxonim” romanini namuna uchun qisman “isloh” qilgan bo‘lsa, Nurulloh Otaxonov “Yoshlik” jurnalida 1982 yildan to 1988 yil oxirlariga qadar chop etilgan aksariyat nasriy asarlarni boshdan-oyoq jiddiy tahrir etib chop ettiradi, lekin kamdan-kam mualliflardan “rahmat” eshitadi. Esimda, hatto shoir Muhammad Yusufning “Halima ena ertaklari”, “Qora quyosh” dostonlari, Asqar Mahkamning bir necha she’riy turkumlari ham aynan nosir Nurulloh Otaxonov tahriri ostida chop etilgan edi...

Oradan chorak asrdan mo‘l vaqt o‘tib “Bu kunlar” hujjatli ro‘moni e’lon qilinadi.

– Buyuk bobomiz Munavvar qoridan keyin Nurulloxon mardona turib boshini kundaga qo‘ydi! – deydi “qatag‘onchi” Ustoz hayajonlanib. – Munavvar qori hazratning merosxo‘ri Nurulloh Muhammad Raufxondir! – deb to‘lqinlanadi.

Istanbulda hijratda yurgan kunlari NMR bilan telefonda gaplashib turardik. Bir kuni:
“Nima gaplar bo‘lyapti? Yangiliklar bormi?” deb so‘rab qoldi.

Ustozning “Bu kunlar” to‘g‘risidagi gaplarini aytdim:
“Hatto salmoqli taqriz yozib qo‘ydilar, shekilli”, dedim.

“Rostdanmi? Endi bemalol Vatanga qaytaversam bo‘lar ekan-da!” dedi.
“Ha,bemalol kelavering! Bitta imomlik joy bo‘sh turibdi”, dedim.

“Qaysi machitga imom kerak ekan?”
“Jasliq”qa bitta imom kerak ekan”.

“Uf-f!..”
Lekin baribir Vatanga qaytdilar, amml “Jasliq”qa nasibalari qo‘shilmagan ekan. Bor-yo‘g‘i besh kungina “Toshturma”ni gullatib chiqdilar, xolos.

Yoz oylarida Turkiyadan vatandoshimiz Chig‘atoy Ko‘char va tarixchi qizi Yorqinoy O‘zbekistonga keldi. Bir kuni ularni NMR uyiga mehmonga taklif qildi. Peshinga mehmonga yetib borishimiz arafasida Ustozni yo‘qlab bordik. Samimiy uchrashuv bo‘ldi. Suhbat oxiriga yetgach qo‘zg‘aldik.

– Yo‘l bo‘lsin? – deb so‘raydi Ustoz.
– Yuring siz ham! – dedim. – Munavvar qorining merosxo‘ri sizni ham mehmonga chaqirgan.

Musofirlar xayr-xo‘shlashib pastki qavatga yo‘l oladi.
Bir ming bir yuz oy umr ko‘rgan “qatag‘onchi” Ustoz negadir taraddudlanib qoladi. Asta qo‘ltig‘imdan olib, yo‘lakning xilvat tomoniga boshlaydi.

– Salkam to‘qson yashar ko‘pni ko‘rgan odam sifatida sizni ogohlikka chaqiraman: “Hushyor bo‘ling! Shubhali odamlarni ko‘rganingizda o‘sha zahoti maxsus xizmat xodimlariga xabar bering!” deyman.

– Qo‘ysangiz-chi, Ustoz! Axir Chig‘atoy og‘a “Anvar poshoning vasiyati” kitobimni turkchaga o‘girgan-ku! Yorqinoy esa Olmoniyada “Turkiston legioni” mavzusida doktorlik lmiy ishi bilan shug‘ullanyapti, uning ilmiy rahbari Baldau xonim – mashhur turkolog! – dedim.

– Mayli, lekin... Hushyor bo‘ling! O‘zingiz ham, mehmonlar ham shu kunlarda NMR xonadoniga bormay turganlaring ma’qul.
– Iye, “Bu kunlar” to‘g‘risida ko‘tarinki ruhda taqriz yozib bergan edingiz, shekilli?

– To‘g‘ri, taqriz yozib berganman. Tonmayman. Biroq, yaqinda Abrorjon bilan nahorgi oshda hamtovoq bo‘lib qoldik...
– Eski konsul bilan doim E. A. hamtovoq bo‘lardi-ku!

– Bu safar men tasodifan hamtovoq bo‘ldim.
– Tushunarli, – dedim bo‘shashib. – Mayli, sog‘ bo‘ling...

Navoiy bobo nomidagi Adabiyot muzeyidan pastga tushdim. Kalovlanib qoldim.

– Ketdikmi? – dedi Chig‘atoy og‘a.
– Qayoqqa? – dedim talmovsirab.
– Men kitob do‘koniga borishim kerak, – dedi Yorqinoy. – Baba, siz bilan Yunusobodda uchrashamiz.

Yorqinoy ziyrak ekan, kechadan buyon rejalashtirib qo‘yilgan mehmondorchilik mujmal bo‘lib qolganini ich-ichidan darrov payqadi.
– Yuring, teleminora ro‘parasiga borib, “Buxoro” oshxonasida tamaddi qilamiz, – dedim.

Taklifim Chig‘atoy og‘aga ma’qul bo‘ldi.
Biz Navoiy ko‘chasida kirakash yengil mashinani to‘xtatdik.

Endi Munavvar qorining merosxo‘riga qanday bahonani ro‘kach qilsam ekan-a, birodar?
Ishqilib, Munavvar qori hozirgi blogerlarning ma’naviy otasi emasmikan?..

Nabijon BOQIY

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Munavvar qorining merosxo‘ri
ePN