
Buxoro viloyatining Olot tumanida sodir bo‘lgan ekologik huquqbuzarlik jamoatchilikda katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Viloyat Ekologiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy fuqaro jiyda daraxtlarini noqonuniy ravishda yo‘q qilib, tabiatga qariyb 190 million so‘m miqdorida zarar yetkazgan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda ekologik nazoratni kuchaytirish maqsadida inspektorlar viloyat bo‘ylab tungi va kunduzgi reyd tadbirlarini o‘tkazmoqda. Biroq shunga qaramasdan, “Qirtay” mahallasi hududida fuqaro J.T. 24 tup jiyda daraxtini ekskavator yordamida qo‘porib tashlagani aniqlangan.
Tekshiruv natijasida tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 189 million 520 ming so‘m etib hisoblangan. Hozirda fuqaroga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, materiallar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborilgan.
Ekologiya idorasi va mutaxassislar ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda mamlakatda yashil hududlarni muhofaza qilish va daraxt kesishni cheklash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Tabiatni asrash nafaqat davlat, balki har bir fuqaroning burchi ekani eslatildi.
Shu bilan birga, avvalroq Toshkentning Yakkasaroy tumanida ham shunga o‘xshash holat aniqlangan — daraxtlar moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlangan. Bu holat bo‘yicha mutasaddilarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Qonunchilikka ko‘ra, daraxt yoki butalarni noqonuniy kesish yoki shikastlash uchun javobgarlik belgilangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasiga binoan:
fuqarolar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25–50 baravari (10,3 mln — 20,6 mln so‘m) miqdorida;
mansabdor shaxslar uchun esa 50–75 baravari (20,6 mln — 30,9 mln so‘m) miqdorida jarima belgilangan.
Shuningdek, qurilish yoki rekonstruksiya jarayonlarida daraxt va o‘simliklarga qasddan ziyon yetkazish holatida javobgarlik yanada og‘irlashadi.
Ekologlar ta’kidlashicha, har bir daraxt — bu tabiat nafasi, uni yo‘qotish esa butun ekotizimga zarar yetkazadi. Bunday holatlar takrorlanmasligi uchun jamoatchilikning ham faolligi muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!