date

O'zbekistonda chiqindi to'lovi onlaynga o'tadi


2026-yil 1-yanvardan boshlab O'zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni yig'ish va olib chiqish uchun to'lovlar butunlay onlayn tizimga o'tkaziladi. Bu choralar xonadonlarga naqd to'lovlarni yig'ish amaliyotiga yakun yasaydi.

Chiqindilarni boshqarish agentligi ma'lumotiga ko'ra, mazkur yangilik fuqarolar uchun qulayliklarni oshirish, to'lov tizimining shaffofligini ta'minlash va korrupsiya holatlarini bartaraf etishga qaratilgan. Mazkur o'zgarishning huquqiy asosini 2024-yil yanvar oyida prezident tomonidan tasdiqlangan qaror tashkil etadi.

Hujjatga ko'ra, chiqindi to'lovlarini «Toza Makon» yagona tizimi, elektron xizmatlar va bank kassalari orqali amalga oshirish belgilangan. Shu bilan birga, qarorda chiqindi to'lovlari bo'yicha qarzdorlik mavjud bo'lsa, elektr energiyasini to'lash imkoniyati cheklanishi qayd etilgan.

Internetga barqaror ulana olmaydigan olis hududlardagi aholi uchun «O‘zbekiston pochtasi» va bank kassalari orqali to'lov qilish imkoniyati saqlab qolinadi. Chiqindilarni boshqarish agentligi vakillari ta'kidlashicha, 2026-yildan boshlab sanitar xizmatlar uchun naqd to'lov talab qilgan har qanday inspektorlarning xatti-harakatlari noqonuniy hisoblanadi.

«Toza Makon» billing tizimini «Hududiy elektr tarmoqlari» ma'lumotlar bazasi bilan integratsiya qilish natijasida qarzdorlar avtomatik tarzda aniqlanadi va chiqindi to'lovi qarzdorligi to'liq bartaraf etilmaguncha ularga elektr energiyasini to'lash imkoniyati vaqtincha to'xtatiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O'zbekistonda chiqindi to'lovi onlaynga o'tadi