
29 yanvar kuni Xalqaro press-klubning prezident murojaatnomasiga bag‘ishlangan navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi raisi Alisher Sa’dullayev ham spiker sifatida ishtirok etdi. Kun.uz nashri sessiya yakunida yoshlar yetakchisi bilan yoshlar masalasiga oid bir qancha mavzular yuzasidan suhbatlashdi.
«Davlatning imtiyozlardan voz kechish siyosati yoshlarga imtiyozli uy berishga ham ta’sir o‘tkazadi»
Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentabrdagi qarori bilan jamiyat hayotida faol bo‘lgan o‘zbekistonlik ko‘plab yosh oilalar Yoshlar uyini olib keladi[Yoshlar uylarini olish tartibi to‘g‘risida]. Ammo, oxirgi vaqtlarda ushbu tartibning bekor bo‘lishi mumkinligiga oid ayrim fikrlarni eshitmoqdamizki, unga ko‘ra, endilikda yoshlar uchun imtiyozli uylar berilmaydi, Yoshlar ittifoqi esa imtiyozli uylar uchun mablag‘ ajratishni to‘xtatadi.
Xo‘sh, bu fikrlar qanchalik asosga ega va tizim haqiqatda o‘zgarayotgan bo‘lsa, uning o‘rni qanday to‘ldiriladi?
Alisher Sa’dullayevga dastlabki savolimiz shu mazmunda bo‘ldi. Uning aytishicha, yoshlar uchun imtiyozli uylar berish tartibi bekor bo‘layotgani rost va uning o‘rni nisbatan arzonroq narxlardagi uylar berish tartibiga o‘zgaradi.
«Biz ko‘plab yoshlarni yillar davomida imtiyozli uylar olishiga ko‘maklashib keldik. Tashkilot bu uylarning boshlang‘ich to‘lovini imtiyozli qilib berish bilan birgalikda, uning boshlang‘ich to‘lovini to‘lab berish jarayonlaridan ham o‘tdi. Unga ko‘ra, yoshlar uyini olgan yosh oila 20 yil davomida faqat yetti foizlik kredit to‘lovini to‘lagan.
Ammo oxirgi vaqtlarda shahar markazlari, jumladan, Toshkentda uy olish yuzaga kelgan navbatlar sababli, yoshlarda norozilik ko‘paydi.
Men yoshlarimiz to‘g‘ri tushunishlarini istagan bo‘lardim. Hozir fuqarolarga uy berishda turli imtiyozlardan voz kechish, buning o‘rniga esa standartlashtirilgan narxlarni pasaytirish tartibiga o‘tilmoqda. Masalan, yoshlarning 10 foiziga imtiyozli uy beradigan bo‘lsak, bu uy olmagan 90 foiz yoshlarda norozilik keltirib chiqaradi.
Biz bu norozilik va boshqa murojaatlarni o‘rganish uchun alohida «Yoshlar murojaatlari» portalini ishga tushirdik. Bu murojaatlarni o‘rganishga esa keng jamoatchilik vakillarini ham taklif qildik.
Davlatimiz baribir imtiyozlardan voz kechish siyosatiga o‘tmoqda. Aytganimdek, buning o‘rniga standart narxlarni arzonlashtirish davlatning yangi strategiyasi hisoblanadi.
Ko‘rdingiz, o‘tgan 2019 yilda uy olish olish uchun ehtiyoji eng yuqori bo‘lgan fuqarolar, masalan, xorijdagi migrantlarning oilalari, boquvchisini yo‘qotgan ayollar va boshqa shu kabi fuqarolarga birinchi navbatda uy-joylar berildi. Shuning natijasida ham yoshlarga beriladigan uylar soni biroz qisqardi. Ammo 100 foizga emas.
To‘g‘risi, Yoshlar uylari berish bo‘yicha eski tizimning imtiyozliligi juda yuqori edi va shuning natijasida ham bu uylarga talab yuqori bo‘lgan. Bu talabni birdaniga qoplashga esa davlatning iqtisodiy ahvoli yetmasdi.
Yangi tizim – o‘ylashimcha, eng adolatlisi bo‘ldi. Bu narsani iqtisodchilar ham tasdiqlashi mumkin, ya’ni standartlashgan narxlarni pasaytirish tizimi har tomonlama qulay hisoblanadi».
«Istardimki, aholi farovonligi tezroq ortsa va ularning imkoniyatlari bu uylarni tezroq olish imkoniyatiga yetsa»
Yoshlar uyini olish bo‘yicha viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida katta navbatlar yuzaga kelgani rost. Xo‘sh, nega Yoshlar uylari qurilishida hududlar imkoniyati, talab yetarli darajada o‘rganilmagan? Tashkilot rahbariga bergan navbatdagi savolimiz shu haqda bo‘ldi.
«Biz oxirgi tahlillarimizni aynan siz aytgan uslubda qildik. Hozir qishloqlarda yoshlar uchun deyarli uylar qurilmayapti. Chunki yoshlar ham qishloqlardan uy olayotgani yo‘q. Chunki ular urbanizatsiyalashgan sharoitlarga intiladi.
Bizning oxirgi qilayotgan qurilishlarimizga e’tibor berishingiz mumkin. Ularning barchasi shahar hududlarida bo‘lmoqda.
Men nima uchun shaharda qurilgan uylarga ehtiyoj ortib ketayotganiga biroz tushuntirish beraman. Chunki ko‘plab yoshlarimiz ish, o‘qish maqsadida shaharga kelgan va ko‘pchilik holda ular o‘z hududiga qaytmagan. Tabiiyki, uylarga bo‘lgan ehtiyoj ortib ketgan.
Bu talabni qoplash uchun ma’lum standartli uylar qilingan, ammo insonlar farovonligi ortmas ekan, farq bo‘laveradi. Istardimki, aholi farovonligi tezroq ortsa va ularning imkoniyatlari bu uylarni tezroq olish imkoniyatiga yetsa.
Lekin biz baribir imtiyozlarni imkon qadar saqlab qolishga harakat qildik».
«Endi yoshlarga oid davlat siyosatini belgilovchi va uning atrofidagi mustaqil, tashabbuskor tashkilot alohida bo‘ladi»
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Yoshlar ittifoqi muammolariga to‘xtalib, endilikda yoshlar masalasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat bilan ishlaydigan tashkilot ochishga ehtiyoj paydo bo‘layotganini qayd etib o‘tgan edi.
Prezidentning Yoshlar ittifoqi negizida Yoshlar ishlari agentligi tashkil etish tashabbusi esa yig‘ilganlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangandi.
Xo‘sh, yoshlar bilan ishlashdagi yangi tizim qanday bo‘ladi va kutilayotgan o‘zgarishlar nimalardan iborat?
«Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak, Yoshlar ittifoqi nodavlat-notijorat tashkilot. U yoshlarga oid davlat siyosatini huquqiy nuqtayi nazardan ham yuritolmasdi. Balki bu keskin reaksiyadir. Yangi agentlik yoshlar siyosatini belgilab beruvchi tashkilot bo‘lishi kerak. Ya’ni, u yoshlar bilan har bir davlat organining ishlashini ta’minlovchi tashkilot.
Yoshlar O‘zbekiston Yoshlar ittifoqiga o‘xshash tashkilotlardan ko‘proq bo‘lsin, degan takliflarni berishardi. Bu turli tashabbuskor yoshlar guruhlari, ijodkor, tadbirkor, jurnalist yoshlar guruhlari kabi. Endilikda mana shu yoshlar guruhlari agentlik tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Bu tizimni baholash uchun xalqaro tajribaga qarasangiz ham shunga o‘xshash tizimni ko‘rasiz. Ya’ni davlat siyosatini belgilovchi tashkilot va uning atrofidagi mustaqil, tashabbuskor tashkilotlar».
Shu o‘rinda Sa’dullayevdan uning aynan qaysi tashkilotga rahbar bo‘lishi kutilayotgani haqida so‘radik [O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yoki yangi tuziladigan Yoshlar ishlari agentligi].
«Buni vaqt ko‘rsatadi, lekin ko‘proq yoshlar siyosatini belgilovchi tashkilotda bo‘lsa kerak», dedi u.
«Biz hozir shu loyiha ustida ishlayapmiz. Agentlikni tashkil qilinishi albatta yoshlar bilan muhokama qilinadi. Biz hozir ham yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazyapmiz. Bunda turlicha takliflar kelib tushyapti. Biz bir vaqtda chekka hudud yoshlaridan ham takliflar olyapmiz.
Bir narsani aytish kerak, hozir yoshlar turli masalalarni tahlil qila oladigan, yechim beradigan darajada rivojlanishyapti. Ularga nima kerak? Birinchi o‘rinda yaxshi ish o‘rinlari, oliy ta’limga bo‘lgan imkoniyat, o‘qishni tamomlagandan keyin ishlash imkoniyatlari, imkoniyatlarini realizatsiya qilish uchun sharoitlar. Turli to‘siqlar bo‘lmasa, bu yoshlar uchun yetarli imkoniyat hisoblanadi.
Oddiy misol keltiraman, biz raqamli iqtisodiyot deyapmiz. Raqamli iqtisodiyotni, ilm-ma’rifat rivojini bugun internetsiz tasavvur qila olmaymiz. Shu sababli, yoshlarga internetdan foydalanish imkoniyatlarini oshirish zarur. Bu imkoniyatlar eng chekka hududlarga ham yetib borishi kerak», dedi Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar