
Angliya futbolida tajribasi bilan tanilgan mutaxassis Toni Pulis VAR (videotakror) tizimi va o‘yin qoidalarida jiddiy o‘zgarishlar zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, hozirgi sharoitda hakamlar va VAR futbolning o‘ziga nisbatan ko‘proq e’tibor markazida qolgani sport ruhini buzmoqda.
Pulisning ta’kidlashicha, VAR tizimi o‘yinlarni cho‘zib, tabiiy tempni yo‘qotmoqda. “Bizning muammolarimizdan biri — VAR qaror chiqarishda ortiqcha vaqt talab qiladi. Biz tribunada yoki televizor orqali vaziyatni bir necha soniyada baholay olamiz, ammo VAR guruhi ikki-uch daqiqa, ba’zan undan ham ko‘proq vaqt sarflaydi. Bu futboldagi ritmni yo‘qotadi”, — dedi Pulis.
Uning taklifiga ko‘ra, VAR tekshiruvi har qanday holatda ikki daqiqadan ortiqqa cho‘zilmasligi kerak. Agar hakamlar shuncha vaqt ichida qarorga kela olmasa, bu jarayonning foydasi yo‘q, deb hisoblaydi mutaxassis.
Shu bilan birga, sobiq murabbiy VAR xonalarida faqat hakamlar emas, balki futbolni his etadigan sobiq o‘yinchilar yoki murabbiylar ham bo‘lishi kerakligini aytdi. “Professional futbolchi har bir qoidani yoddan bilmasligi mumkin, lekin u vaziyatni his qiladi. Bu muhim jihat”, — dedi Pulis.
Uning yana bir taklifi — “sof o‘yin vaqti” tizimini joriy etish. Ya’ni jarohatlar, VAR tekshiruvlari yoki vaqtni cho‘zish holatlarida soat avtomatik to‘xtatilishi lozim. “Shunda muxlislar ham aynan qancha daqiqa qolganini aniq biladi, o‘yin oxirida necha daqiqa qo‘shilishini taxmin qilishga hojat bo‘lmaydi”, — dedi u.
Pulis so‘zlariga ko‘ra, Angliya Premer-ligasidagi tajribasida ko‘p marta adolatsiz qo‘shimcha vaqtlar berilgan holatlarga duch kelgan. “Kuchli jamoaga qarshi hisobda oldinda bo‘lsak — hakamlar besh daqiqa qo‘shishardi. Agar mag‘lub bo‘lsak, uch daqiqadan ham kam vaqt berilardi. Bu — futboldagi adolatsizlikning ko‘rinishi”, — dedi u.
Mutaxassis fikricha, futbol o‘yini qayta ko‘rib chiqilishi, VAR tizimi aniq qoidalar bilan cheklanishi lozim. “Futbolni hakamlar emas, o‘yinchilar hal qilishi kerak”, — deb xulosa qildi Toni Pulis.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.